Bozordagi xavfsizligi kafolatlanmagan kolbasa mahsulotlari savdodan olindi

    Yashnobod tumanidagi Aviasozlar dehqon bozori rastalaridan 35 kg kolbasa mahsuloti yaroqlilik muddati koʻrsatilmagani uchun rastadan olindi.

    Bu haqda Sanepidqoʻmitaning Toshkent shahar boshqarmasi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, masʼul xodimlar tomonidan Aviasozlar dehqon bozori rastalarida sotilayotgan mahsulotlar sifati nazoratdan oʻtkazildi.

    Olib borilgan navbatdagi oʻrganishlar davomida xavfsizligini kafolatlovchi hujjatlari boʻlmagan, muddati koʻrsatilmagan 35 kg kolbasa mahsulotlari savdodan olindi va oʻrnatilgan tartibda brakeraj qilindi.

    Shuningdek, kamchiliklar yuzasidan sotuvchilar hamda bozor maʼmuriyatiga tushuntirish ishlari olib borildi hamda dalolatnoma rasmiylashtirildi.