Bunday davrlar oddiy vaqt oqimidan ajralib turadi, ular millat hayotidagi burilish nuqtalari, tarixiy fursatlardir. Bugun biz, hech bir mubolagʻasiz, ana shunday muhim, ana shunday tarixiy bir davrda yashamoqdamiz.

Mustaqil Oʻzbekistonimizning shonli 34 yillik toʻyini nishonlash arafasida ekanmiz, oʻtgan yillarga, bosib oʻtilgan murakkab, ayni paytda sharafli yoʻllarga teran bir nigoh tashlaymiz. Bu nigoh zamirida bugungi kunimizning yorugʻ manzaralaridan cheksiz gʻurur va iftixor tuygʻusi joʻsh uradi. Bu gʻurur, bu koʻtarinkilik oʻz-oʻzidan paydo boʻlgani yoʻq. Uning poydevorida xalqimizning asriy orzu-armonlari, tiklangan qadriyati, bunyodkorlik shijoati va eng muhimi, ana shu ezgu intilishlarni bir maqsad sari birlashtira olgan, millatning dardini oʻz dardi deb bilib, uni ulugʻ ishlarga safarbar etgan davlatimiz rahbarining qatʼiy irodasi va fidokorona mehnati mujassam.

Yaqinda Prezidentimizning Shayxontohur va Chilonzor tumanlariga tashrifida ishtirok etish sharafiga muyassar boʻldim. Ushbu tashrif davomida bildirilgan har bir fikr, ilgari surilgan har bir tashabbus va belgilab berilgan vazifalar menda katta taassurot qoldirdi. Bu jarayonning bevosita guvohi boʻlganimdan qalbimga iliqlik, ruhimga yangi bir quvvat kirdi, desam aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Uzoq yillar davomida ziyoli sifatida taʼlim-tarbiya, adabiyot va maʼnaviyat sohasida ishlab, shuni chuqur angladimki, jamiyatning yuksalishi koʻchalar ravonligi, binolar balandligi bilangina oʻlchanmaydi. Bular muhim, albatta. Biroq haqiqiy, bardavom taraqqiyot inson tafakkurining yuksalishi, maʼnaviyatining boyishi, qalbida ertangi kunga ishonch tuygʻusining mustahkamlanishi bilan belgilanadi. Prezidentimizning bu galgi tashrifi esa aynan ana shu moddiy va maʼnaviy yuksalishning naqadar uygʻun, naqadar hamohang olib borilayotganining yana bir yorqin isboti boʻldi.

Poytaxtimiz markazidagi koʻchalardan birida roʻy bergan oʻzgarishlarga diqqat qilaylik. Bu yerda gap faqatgina yoʻllarning obod qilinganida yoki chiroyli binolar qurilganida emas. Gap ijtimoiy makon, yaʼni jamoatchilik uchun moʻljallangan hududlar falsafasining tubdan oʻzgarganidadir.

Shahar — oʻz aholisining aksi, ruhiyati koʻzgusi. Tartibli, ozoda, fayzli va inson uchun qulay shahar birdamlik, goʻzallikni va inson qadrini yuksak qoʻyadigan jamiyat belgisidir. Avvallari bunday markaziy hududlar koʻproq maʼmuriy ahamiyat kasb etib, oddiy fuqaro uchun bir oz begonadek tuyulardi. Bugun esa bu maskanlar insonlar uchun, ularning oilasi, farzandlari bilan mazmunli dam olishi, oʻzaro dildan suhbatlashishi, hayotning goʻzal lahzalaridan bahramand boʻlishi uchun xizmat qiladigan ochiq va jonli hududga aylantirilmoqda. Bu davlatning oʻz fuqarolariga yuzlanishi, ularning nafaqat moddiy ehtiyojlari, balki maʼnaviy-estetik talablarini ham hisobga olayotganining yorqin ifodasidir.

Tunu kun hayot qaynaydigan muhitning yaratilishi esa jamiyatimizda yangi bir ijtimoiy qatlam — tashabbuskor, dunyoqarashi keng, oʻz mehnati bilan farovonlik yaratayotgan insonlar safi kengayib borayotganidan dalolat beradi. Bu jarayonlarda milliy mehmondoʻstligimiz, betakror oshpazlik sanʼatimiz kabi anʼanalarimiz zamonaviy xizmat koʻrsatish madaniyati bilan uygʻunlashayotgani biz dunyoga yangicha qiyofada, oʻzligimizni yoʻqotmagan holda ochiq namoyon boʻlayotganimizni koʻrsatadi.

Davlatimiz rahbarining Yangi Kamolon mahallasiga tashrifi, odamlar bilan samimiy muloqoti menda katta taassurot qoldirdi. Negaki mahalla bu — millatning joni, uning oʻzagi. Madaniyatimiz, tilimiz, urf-odatlarimiz, mehr-oqibat kabi eng nozik va muqaddas tuygʻularimiz aynan mahalla bagʻrida asrab-avaylanadi, avloddan avlodga oʻtadi. U millatning ijtimoiy immuniteti, begona va zararli unsurlardan asraydigan, oʻzligimizni saqlab qolishga xizmat qiladigan mustahkam bir qoʻrgʻondir. Shu bois, islohotlarning samarasini, uning “nafasi”ni, eng avvalo, mahalla hayotida, oddiy odamlar turmushida, ularning yuz-koʻzidagi mamnuniyatda koʻrish, sezish mumkin.

Yangi Kamolon mahallasining bugungi qiyofasi yangi Oʻzbekiston mahallalarining umumlashgan obrazidir. Tekis yoʻllar, koʻkalamzor hududlar, bolalar maydonchasidagi shoʻx-shodon kulgilar, nuroniylar oromgohida suhbat qurib oʻtirgan otaxonu onaxonlarning duoga ochilgan qoʻllari...

Bu manzaraning oʻzi buyuk bir asar. Bu asarning nomi tinchlik, farovonlik va bunyodkorlikdir. Mahalla hayotiga singib ketgan fayz, ahillik, hamjihatlik muhiti har qanday moddiy boylikdan ustun. Shunday muhitni sunʼiy yaratish qiyin, uni buyruq bilan yaratib boʻlmaydi. Bunga odamlarning qalbida ertangi kunga ishonch uygʻotish, adolat va haqiqat qaror topishiga zamin yaratish orqaligina erishish mumkin.

Darhaqiqat, mahalla hayot maktabidir. Farzandlarimiz rasmiy taʼlim dargohiga bormasdan ancha avval aynan mahalla bagʻrida kattaga hurmat, kichikka izzat, qoʻni-qoʻshnichilik odobi, halollik va mehnatsevarlik kabi yozilmagan, lekin hayot uchun eng zarur qonun-qoidalarni oʻrganadi. Aynan shu yerda ularning xarakteri shakllanadi, dunyoqarashi kengayadi.

Shu maʼnoda, mahallalarni obod qilish nafaqat bugungi avlod uchun qulaylik yaratish, balki kelajak avlodlarning tarbiyasi uchun mustahkam zamin hozirlash demakdir. Mahallaning ishsizlikdan xoli hududga aylangani esa bu asarning mazmunini yanada boyitadi. Bu yutuqqa markazdan kelgan buyruq bilan emas, balki odamlarning oʻz tashabbusi, hunarmandchilik, tadbirkorlik orqali erishilgani ayniqsa muhim. Bu ­davlatimiz rahbari olib borayotgan siyosatning eng asosiy tamoyili — odamlarni boqimandalik kayfiyatidan chiqarib, ularga kuch-gʻayrat berish, imkoniyatlar eshigini ochish siyosatining amaldagi yorqin natijasidir. Shuningdek, inson kapitaliga, har bir fuqaroning salohiyatiga boʻlgan yuksak ishonch deb baholash joiz.

Shu oʻrinda qalbimdan bir fikr oʻtadi: bunday obod va fayzli mahallalar shunchaki chiroyli manzara emas, balki iqtidorlar uchun oʻziga xos bir “inkubator” vazifasini ham oʻtaydi. Tarixdan maʼlum, buyuk allomalar, mohir sarkardalar va jahonga dongʻi ketgan hunarmandlar aynan tinch, ahil va maʼrifatli muhitda kamolga yetgan. Bugungi obod mahalla ertangi chempionlar, olimlar, ixtirochilar va sanʼatkorlar ulgʻayadigan maskandir. Bolalar maydonchasida oʻynab yurgan oʻgʻil-qizlar orasidan kelajakda yurtimiz bayrogʻini jahon arenalarida baland koʻtaradigan sportchilar yetishib chiqishiga aslo shubha yoʻq.

Bu tasodif emas, qonuniyat. Chunki farzandlarimizning koʻz oʻngida yaratuvchilik, bunyodkorlik, mehnat bilan yuksak natijalarga erishish mumkinligi haqidagi hayotiy namuna turibdi. Qoʻshni mahalladagi usta hunarmandning yutugʻi, mahalladosh tadbirkorning kengayayotgan ishi, sportchi yigitning gʻalabasi — bularning bari yoshlar qalbiga orzu-umid urugʻini ekadi. Bunday mahallalarning mavjudligi boshqa hududlar uchun ham kuchli turtki, ibrat namunasi boʻlib xizmat qiladi.

Odamlar bir-biridan oʻrnak oladi, yaxshilikda musobaqalashadi, mahallalar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhiti paydo boʻladi. “Falonchi mahalla uddalagan ishni biz ham qila olamiz” degan sogʻlom, sof niyat tugʻiladi. Bu esa, oʻz navbatida, butun jamiyatimizdagi yuksalish jarayonlariga misli koʻrilmagan kuch bagʻishlaydi.

Shu oʻrinda bir jihatga alohida toʻxtalib oʻtmaslikning iloji yoʻq. Bu — mahalla guzaridagi kichik kutubxona. Bir qarashda arzimasdek tuyulgan bu detal, aslida, bugungi islohotlarning naqadar chuqur mazmunga, teran falsafaga ega ekanini koʻrsatuvchi yorqin timsoldir. Millatning, davlatning poydevori — maʼrifat. Qayerdaki kitobga, ilmga eʼtibor kuchli boʻlsa, oʻsha yurtda yuksalish, taraqqiyot boʻladi. Buyuk bobokalonimiz Amir Temur “Kuch — adolatda” deganida, adolatning oʻzi ham ilm va maʼrifatdan kuch olishini nazarda tutgan. Bugun mahallalar markazida kutubxonalar paydo boʻlayotgani, koʻpayayotgani — kelajakka qoʻyilgan eng katta, eng bebaho sarmoya.

Kattami-kichikmi kutubxona shunchaki kitoblar terilgan javonlar toʻplami emas. Bu — olamga ochilgan nurafshon darcha, bobolarimizning hikmat xazinasi bilan nabiralarining shijoatli orzularini tutashtiradigan koʻprik. Birgina kitobning qudratini, birgina harfning sehrini anglagan millat yengilmas boʻladi.

Bugungi kunda maʼrifatni, ilmni nufuzli dargohlarda olib chiqib, har bir mahallaga, har bir xonadonga olib kirish tom maʼnodagi demokratik, maʼrifiy inqilobdir. Bu millatning intellektual suverenitetini mustahkamlash yoʻlidagi eng muhim qadam. Davlatimiz rahbarining tashabbusni butun mamlakat boʻylab yoyish haqidagi koʻrsatmasi esa biz Uchinchi Renessans poydevorini qanday mustahkam asoslar ustiga qurayotganimizni yaqqol namoyon etadi.

Prezidentimizning tashrif davomida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga ham eʼtibor qaratgani bejiz emas. “Inson” soʻzining oʻzida butun bir maʼno mujassam. Bu soʻz bugungi siyosatimizning bosh gʻoyasi, alfa va omegasidir. “Inson qadri uchun” degan ulugʻ tamoyil endilikda quruq shior emas, balki har bir sohaga, har bir jabhaga singib borayotgan hayotiy mezonga aylandi.

Bu markazlarning tashkil etilishi jamiyatimizda mehr-oqibat, saxovat va oʻzaro yordam kabi azaliy qadriyatlarimizning yangi, zamonaviy va tizimli shaklda namoyon boʻlishidir. Shu oʻrinda biz oddiy rahmdillik yoki achinish hissiga asoslangan yordam haqida emas, balki insonning qadr-qimmatini tiklash, uning jamiyatning toʻlaqonli aʼzosi sifatida oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish haqida gapiryapmiz.

Endi davlatning koʻmagi shunchaki bir martalik moddiy yordam bilan cheklanib qolmayapti. Insonning dardi tinglanyapti, uning muammosi oʻrganilyapti va unga shunchaki baliq emas, balki qarmoq berilib, hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashilyapti. Bu ijtimoiy adolatning eng oliy koʻrinishidir. Ayni tizim orqali ijtimoiy hamjihatlik mustahkamlanadi, jamiyatda hech kim oʻzini yolgʻiz, eʼtibordan chetda his qilmaydi. Bu — xalq va davlat birligining, ularning bir tanu bir jon ekanining yana bir yorqin dalili.

Mustaqilligimizning 34 yillik shodiyonasiga yaqinlashar ekanmiz, oʻylab qolaman: mustaqillik bizga nima berdi? U bizga, avvalo, oʻzligimizni anglash, oʻz taqdirimizning haqiqiy egasi boʻlish baxtini berdi. U bizga oʻz qadriyatlarimizni tiklash, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari boʻlish imkoniyatini taqdim etdi. Dastlabki yillarning qiyinchiliklari va sinovlari bizni tobladi, chiniqtirdi.

Soʻnggi yillarda esa Prezidentimiz rahbarligida bu mustaqillik yangicha mazmun, yangicha surʼat kasb etdi. Davlatchilikni mustahkamlash bosqichidan biz endi milliy yuksalish bosqichiga qadam qoʻydik. Bugungi davrni men uygʻonishning eng faol bosqichi deb bilaman. Endi biz nafaqat oʻtmishimiz bilan faxrlanamiz, balki buyuk kelajagimizni ham oʻz qoʻllarimiz bilan, dadil qadamlar bilan bunyod etmoqdamiz.

Davlatimiz rahbarining poytaxt koʻchalarida oddiy odamlar bilan, nuroniy otaxonu onaxonlar bilan yuzma-yuz, samimiy muloqotlarini kuzatar ekanman, xalq va rahbar oʻrtasidagi ishonch, hurmat va mehr rishtalari naqadar mustahkam ekaniga yana bir bor amin boʻlaman. Bu muloqotlarda sunʼiylik yoʻq. Faqat samimiyat, oʻzaro ishonch va yagona

maqsad — shu yurtni obod qilish, shu xalqni rozi qilish istagi bor.

Prezidentimizning har bir chiqishida, har bir soʻzida yoshlarga, ularning taʼlim-tarbiyasiga, kelajagiga boʻlgan yuksak eʼtibori va gʻamxoʻrligi yaqqol sezilib turadi. Shu bois, u kishini nafaqat davlat rahbari, balki millatning ustozi, yoshlarning gʻamxoʻr murabbiysi sifatida ham koʻraman.

Toshkent shahriga ulkan investitsiyalar kiritilayotgani haqidagi xabar zamirida ham biz, avvalo, ming-minglab yoshlarimiz uchun yaratilajak yangi ish oʻrinlarini, zamonaviy oʻquv maskanlarini, ularning ilm-fan choʻqqilarini egallashi uchun yaratilajak sharoitlarni koʻramiz.

Xulosa oʻrnida aytmoqchimanki, bugungi Oʻzbekiston ulkan bunyodkorlik maydoniga, ulkan maʼrifat maskaniga aylangan. Shahar qiyofasining yangilanishi, mahallalar ruhiyatining yuksalishi va ijtimoiy adolat tamoyillarining mustahkamlanishi — bularning barchasi bir-birini toʻldiruvchi, bir-biriga kuch bagʻishlovchi yaxlit jarayondir. Bular yangi Oʻzbekistonning mustahkam poydevorini tashkil etuvchi uch ustundir. Islohotlarning “nafasi” har bir mahallada, har bir xonadonda sezilib turibdi. Bu nafas odamlarning qalbiga umid, koʻziga nur, shijoatiga shijoat qoʻshmoqda.

Biz, katta avlod vakillari, ziyolilar bugungi kunlarga yetkazganiga shukronalar aytib, mamlakatimizda kechayotgan buyuk oʻzgarishlarning guvohi boʻlayotganimizdan baxtiyormiz. Bu yoʻl oson yoʻl emas. Lekin maqsad aniq, yoʻnalish toʻgʻri, sarbon mard va donishmand ekan, bu yoʻlda har qanday qiyinchilikni yengib oʻtish mumkin.

Ishonchim komilki, Prezidentimiz boshchiligida biz yanada ulugʻvor marralarni zabt etamiz, Uchinchi Renessans poydevorini muvaffaqiyatli qurib bitiramiz va kelajak avlodlarga ozod, obod va farovon Vatanni meros qoldiramiz. Mustaqilligimiz abadiy, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon boʻlsin!

Shuhrat SIROJIDDINOV,

akademik