Ushbu yozgi maktab 2 bosqichdan iborat bo‘lib, 1-bosqich joriy yilning 15-28 avgust kunlari Bolgar davlat tarixiy-me’morchilik muzey-qo‘riqxonasida bo‘lib o‘tgan. 2-bosqichga oid tadbirlar esa 12-25 sentyabr kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda Ark qo‘rg‘oni hamda Buxoro davlat universitetida guruhlarga bo‘lingan holda amaliy darslar davom etmoqda. Darslarni arxezoologiya, koshinkorlik, tarix, paleoantropologiya, texnologiya va restavrasiya sohalarida o‘tkazish mo‘ljallangan. IX xalqaro arxeologiya maktabi tashkilotchilari Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi A.X.Xalikov nomidagi arxeologiya instituti, Qozon federal universiteti, Bolgar davlat tarixiy-me’morchilik muzey-qo‘riqxonasi, Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (IICAS), Samarqand davlat universiteti, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti hisoblanadi.

Tadbirda Rossiya, Belorussiya, Kolumbiya, Suriya, Turkiya, Qozog‘iston kabi 10 ga yaqin davlatdan 50 dan ortiq mutaxassislar ishtirok etmoqda. IX xalqaro arxeologiya maktabi ishtirokchilari 18-sentyabr kuni Sarmishsoy darasidagi 10 ming yildan ortiq yoshdagi petrogliflarni o‘rganish uchun Navoiy viloyatiga tashrif buyurishadi.