Jadid ziyolilari uchun eski usuldagi maktablarni isloh etish, badiiy adabiyotni yangi oʻzanga solish, teatr sahnasidan ibratxona oʻrnida foydalanish naqadar muhim boʻlsa, milliy matbuot tashkili va taraqqiysi ham shu darajada ahamiyatli edi. Samarqandlik jadid muharriri Hoji Muin taʼkidlaydi: “Matbuot bir millatni uygʻotish uchun birinchi omil boʻlgʻonidek, uning tarixi ham “uygʻonish davri” tarixining muhim bir boʻlagi sanaladur”. Darhaqiqat, matbuot oʻzbek jadidchilik davri tarixida juda muhim oʻrin tutadi.

“Haqiqat ochib soʻzlashdadir” tamoyiliga asoslangan jadid matbuotidagi haq soʻzning, haqiqat siyoqining kundalik hayotga, odamlarga, jamiyatga taʼsiri kuchli boʻldi. Vaqtli matbuot odamlarning ijtimoiy hayotiga faol aralashmogʻi va dunyodan boxabar boʻlmogʻi uchun zaruratga aylandi. Boshlab gazetalar oyda bir bora bazoʻr chiqdi; asta-asta haftalik va kunlik nashrlar shiddat bilan odamlar orasiga kirib bordi; sahifalaridagi maqola va maʼlumotlar maʼnaviy ehtiyoj tusini oldi.

Darahaqiqat, millat maʼnaviyatini isloh etish, odamlarni maʼrifatli qilish, olamga ochiq nazar bilan boqishga oʻrgatish va lohas-mudroq tafakkurni uygʻotishning eng asosiy omili sifatida jadid muharrirlari matbuotning qadrini baland koʻtardi. Matbuot ular nazdida fikrlar tilmochi, millat va el-yurt rivoji yoʻlida xizmatchi, odamlar ongu shuurining quyoshi, har kimning vijdoniga tutilgan koʻzgu boʻlmogʻi lozim edi. “Ulfat” koʻngillar birligidan soʻz ochishi, “sado”lar maʼrifat va maʼnaviyat, odobiyot va adabiyotning ovozi boʻlishi kerak edi. Gazeta va jurnallar nomi shu ezgu niyatlarga moslab tanlandi.

Turkistonlik ziyolilar oʻzlari gazeta chiqargunga qadar bir muddat Qrimga – Boqchasaroyga koʻz tikishdi. Ismoilbek Gasprinskiyning “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan gʻoyalariga havaslanib qarashdi. Jadidlar shu allomaning “Tarjimon” (1883–1914) gazetasini oʻqib, uning muxlisi va muhibiga aylanishdi. Gazeta til va fikr birligi masalasini kun tartibiga qoʻydi, uning yoʻli, maslagi va maqsadi aniq edi: “Tarjimon” – har turli ish, ahvol va ixtilofga “haqqoniyat”va “mumkiniyat” jihatidan boqajakdir. “Tarjimon” tavhidi lison, tavhidi afkor va maorifi milliya masalalarida gʻayrati doimiyda boʻlajakdir. “Tarjimon” – har na soʻylar va yozar boʻlsa, bu kunda millatning anglami, idrok va qabul etishi suratda arz va bayon etajakdir”. Garchi “Tarjimon”ning Turkistondan oʻquvchilari koʻp boʻlsa ham, bosilishining boshlarida turkistonlik yozuvchilar juda kam – onda-sonda ishtirok etdi. Biroq XX asrning oʻninchi yillaridan boshlab Mahmudxoʻja Behbudiy (Samarqand), Oxund mulla Mavdud Ohimov (Toshkand), Mirhusayn Mirrahimov (Qoʻqon), Abduqodir Shakuriy (Samarqand), Hoji Muʼin (Samarqand), Qozi Ziyouddin Mahmud ibn Domla va mudarris Fayzrahmat (Buxoro) kabilar qatnashadi. Mualliflar baʼzan maqola-xabar yozishsa, ayrim hollarda “Tarjimon”dan oʻzlarining eng muhim savollariga javob olish niyatida maktublar yoʻllaydi. Abdulhamid Choʻlpon 1913-yili Ismoil Gasprinskiyga yozgan maktubida “Shalola”, “Turk yurdi”, “Shahbal”, “Tarjimon”, “Vaqt” va “Iqbol” kabi jadid qardoshlarning gazeta va jurnallarini yodga oladi, ularni oʻqib borayotganini aytadi.

Turkiston ziyolilari “Tarjimon”dan juda mamnun boʻladilar. Deylik, shu mamnuniyatni toshkentlik shoir Karimbek Kamiy “Moʻtabar “Tarjumon” va “Ismoilbek Gasprinskiy janoblari haqqinda” degan sheʼrida izhor etdi. Unda gazetaning barchaga manzuru maqbul ekani, undan oʻquvchi “hilmu odobu maoshu ilmu fan” oʻrganishi mumkinligini taʼkidlab:

 “Har hurufi gul kabi, har nuqtasi gʻuncha misol,

 Xush tamosho istayanlargʻa guliston “Tarjimon”,

deb yozdi. I.Gasprinskiy va “Tarjimon”ning toʻrt tarafga sochgan fikrlari, ilgʻor qarashlari, jadidona ruhiyat bilan toʻyingan gʻoyalari barchaning yuragidan birdek oʻrin oldi. Ulkan jadidshunos olim, professor Begali Qosimov oʻrinli taʼkidalaganidek, “Uni Qashqardan Londongacha, Sank-Peterburgdan Bombeygacha bilar edilar”; Gasprinskiyga ergashar va “Tarjimon”ini eʼzozlar edilar. Turkistonlik jadidlar “Tarjimon”dan bir necha yil tinimsiz saboq oldi. Soʻngra, yaʼni 1906-yili oʻzlarining birinchi “Taraqqiy” gazetasini chiqarishdi. Turkistondagi bu yangilikni ham birinchi boʻlib “Tarjimon” tabrikladi. “Turkistonning bunday taraqqiyparvar bir gazetaga koʻpdan beri ehtiyoji bor edi”, deb yozadi.

Biroq “jadidlarning eng suyukli va toʻngʻich gazetasi” – “Taraqqiy”ning umri qisqa boʻldi. Yigirma soni chiqqandan keyin chor hukumati tomonidan yopib qoʻyildi va “muharriri qamoqqa olindi”. Shundan keyin Munavvar Qorining “Xurshid” (1906-yil sentyabr), Abdulla Avloniyning “Shuhrat” (1907-yil dekabr) gazetalari maydonga chiqdi. Biroq bu gazetalar faoliyati ham uzoqqa choʻzilmaydi. “Tarjimon” (1907-yil, 14-son) bu xususda ham yozdi: “Matbuotimizda taassuf boʻlgan bir hol-da bordir: bu Toshkandda chiqqan “Taraqqiy” va “Xurshid” doʻstlarimizning taqiqlanishi. Oʻrta Osiyo uchun rasmiy boʻlgan “Turkiston gazeti” yetarli emas”. Oʻz gʻoyalari, maslaklari targʻibi uchun naqadar foydali ekanini chuqur anglagan jadidlar gazetachilik jabhasida saʼyu harakatdan toʻxtamadi. “Tujjor”, “Osiyo”, “Samarqand”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Fargʻona”, “Tirik soʻz” kabi gazetalar yonida Mahmudxoʻja Behbudiyning “Oyina” jurnali paydo boʻldi. 1913–1915-yillarda oltmish sakkiz soni bosildi.

Ziyo Said jurnalning maqsadi islom millatining saodati va islohi, musulmonlarning madaniyati va zamonaviy fanlardan foydalanishlari yoʻlida xizmat qilishini yozar ekan, Behbudiyning “tavahhudi lisoniya” (turkiy tillarni birlashtirish) tarafdori ekaniga urgʻu beradi. Bu gʻoyaning ildizi ham “Tarjimon”ga borib taqaladi, albatta. “Oyina” jurnali oʻz vaqtida juda yuksak bir obroʻga ega boʻldi, har bir oʻquvchining dildoshiga aylandi. Mahmudxoʻja Behbudiyning “Oyina” jurnali xuddi “Tarjimon”dek ulkan va olamshumul bir missiyani ado qildi: maʼrifat tarqatdi, odamlarni fikr tarbiyasiga oʻrgatdi; yangi paydo boʻlgan matbuot nashrlarini targʻib-tashviq qildi. “Sadoi Turkiston” va “Sadoi Fargʻona” gazetalarini “Turonning egizak farzandlari” deb atar ekan, gazetxonlarga shu nashrlarni oʻqish va ularga obuna boʻlishni tavsiya etadi: “Millatgʻa iona va olib oʻqumoqlarini ojizona tavsiya etarmiz, chunki matbuot chirogʻ va niholdek boʻlub, anga yogʻ va suv berib tarbiyat qilmaguncha, maʼzolloh, soʻnub qurumogʻi tabiiydur”.

Oʻzbekiston matbuoti tarixida jadid ziyolilari nashr qilgan gazeta va jurnallar son-sanogʻi koʻp. Bir marta chiqib toʻxtaganlari ham bor. Ularning baʼzilari oʻz yoʻl-yoʻrigʻiga koʻra jiddiy farqlanadi ham. Garchand oʻzaro qarama-qarshi kayfiyatda bahslashadiganlari boʻlsa ham, ular oldiga qoʻygan maqsadlari nihoyatda ulugʻ, niyatlari ezgu, qarashlar aniq va tiniq edi. Millatni uygʻotishdek ulkan vazifa ijrosiga bel bogʻlagan edi jadidlar va ularning maktabi, maorifi, teatri, adabiyoti va matbuoti.

Muhim bir fikr shuki, davriy nashrlar qaysidir maʼnoda ijtimoiy hayotdagi oʻzgarishlar tarixi bilan uygʻun-hamqadam edi. Oʻzgarishlar, yangilanishlar gazeta va jurnallarda aks etdi. Yoki shu oʻzgarishlarga mos yangidan yangi matbuot nashrlari vujudga keldi. Shunga koʻra, 1917-yilgi fevral oʻzgarishi, Turkiston Muxtoriyati, oktyabr inqilobi kabi voqea-hodisalar munosabati bilan “Najot”, “Turon”, “Kengash”, “Ulugʻ Turkiston”, “Yurt”, “Hurriyat” kabi nashrlar maydonga keldi. “Yashasin, Turkiston muxtoriyati!” shiorlarini oʻrtaga tashlab, ozodlik va hurriyatdan, tenglik va adolatdan soʻz ochdi. Darhaqiqat, millatparvarlar nazdida matbuot millat maʼnaviyatini yuksaltirishi, ufqlari sari parvozga tayyorlashi lozim edi. Matbuot maʼnaviyat qanoti edi.

Inqilob, hokimiyat tepasiga kelgan ishchi va dehqonlar boshqaruvi jamiyatni tubdan oʻzgartirdi. Yoshlar nisbatan bu vaziyatga tez moslashdi. Ammo yurt hurriyatini oʻylagan va orzulari sarobga aylanganidan mahzun tortgan jadid ziyolilari ongu shuurida, xayollarida oʻz niyatlari yashab qoldi. Garchand shoʻro jamiyatining hukmronligi kundan-kun ortib borayotgan va bu yangi ijtimoiy tuzum millatlararo tenglik, insonlararo adolat kabi juda koʻp ijtimoiy vaʼdalar bersa ham, amaldagi vaziyat ancha boshqacha – gapdangina iborat edi. Shu bois, XX asrning 20-yillari matbuotida “Ogʻizda emas, amalda boʻlsin!” kabi maqolalar bosildi.

Uning muallifi: “Eski idora yerlik xalqni yot koʻrish barobarida sagʻir hisoblab, vasiylik qilishni oʻz ustiga olgan edi. Ajal sayyodi u bechoraga oʻz jomidan ajal sharbatini ichirdi. Oʻzgarishdan keyin yana bizni “tarbiya” qilish uchun vasiy boʻlguvchilar topildi. Lekin soʻnggi vaqtda giriftor boʻlgʻon vasiylarimiz ham, oʻtgan marhum vasiylarimiz kabi bizga vasiyi mutloq boʻlib, muqaddiratimizni oʻz qoʻllarida tutib kelmoqdalar. Rusiya oʻzgarishi boʻlgʻon 1917 yil edi, hozir oʻzgarishning 1922 yilida turibmiz. Shu muddatda biz “sagʻir”lar haqiga “vasiylarimiz” tomonidan ozmi taarruzlar boʻldi?

Sagʻir bolalarning ishi yigʻidir; biz yigʻladik. A, bizni ovutish yoʻlini bergan vasiylarimiz, bizni haqimiz boʻlgʻon semiz sigirlarning sutidan bahrasiz qildi, quruq emizukni ogʻzimizga soldilar. Ilgarigi vasiylarimiz biz sagʻirlarni “siz yot, begona bolalarsiz”, deb emizuk berganda, oʻzgarishdan keyingi vasiylarimiz bizning peshonamizni silab “bechora, benavo yetimlarim, sizdan baynalmilalchi vasiy otangiz aylansin”, deb koʻnglimizni sindirmasdan ovutib keladilar” (Oziyoliq. Ogʻizda emas, amalda boʻlsin. “Qizil bayroq”, 1922, 11-avgust), deb qoʻrqmay ochiqcha yozdi.

 Fikrini erkin bayon qilgan bu davr matbuoti keyinroq keladigan hibslar, soʻz erkinligi boʻgʻilgan muhitdan nisbatan farq qiladi. Jadid ziyolilari shoʻrolarning matbuot nashrlarida ishlar ekan, yangi hukumatning vaʼdalariga goh ishondi va baʼzan shubhaga borishdi. Ichki bir milliy tuygʻu ziyolilar koʻnglini hamisha bezovta etdi. “Quturgʻon mustamlakachilar” erkparvarlarning bor umidlarini chilparchin qildi, “Buzulgan oʻlka” holiga qarab faryod qilishdi: “Goʻzal Turkiston, senga ne boʻldi? Sahar vaqtida gullaring soʻldi”... Muhit girdobining ziddiyalari vaqtli matbuotdagi bir nafaslik erkinlik pallasida shu zaylda oʻz aksini topdi. Keyin iskanjaga olindi. Berahm zolimlarning qonli panjalari ostida zulm chekayotgan oʻlkaga qarata erkparvar shoir Choʻlpon bir sheʼrida “Nega sening qalin tovshing “ket” demaydir ularga?”, “Nega tagʻin tanlaringda qamchilarning kulishi?”, deya soʻroqli xitoblar qiladi. “Qoʻzgʻalish” (1922-y.) sheʼrida yana shunday dedi:

“Ey! Sen meni haqir koʻrgan, tuban degan afandi!

Ey! Ustimda bir umrga xoʻja boʻlmoq istagan,

Ey! Boʻynimga kishan solib, halokatga sudragan,

Koʻzlaringni zaharlatib oʻynatmagil, bas endi!”.

“Kecha va kunduz” romanida botiniy shuur Miryoqub obraziga koʻchdi. Choʻlpon keyinchalik aynan shu, nisbatan soʻz erkinligi muhitida aytgan jadidona kayfiyatli, oʻtli xitoblari uchun tafakkur qurbonlari qatlgohida jonini berdi. Ayrim moddiy narsalar mamlakatlar chegaralarini oʻzgartirishi mumkin. Biroq maʼnaviyat, inson tafakkuri masalasida bunday chegaralar aralashgan, uygʻunlashgan, ikkilangan, shakllanish yoki eskicha tarzda qolishga moyil va yana shu kabi bir qancha sifatlarga ega boʻlishi mumkin. Jumladan, jadid ziyolilarining matbuotdagi faoliyati ham manzaraga uyqash keladi.

XX asrning 20-yillari oxiriga borib matbuotda choʻlponizm bahslari boshlandi, Choʻlponni tanqid va tahqir qilishlar, anjumanlar majlislaridan haydab chiqarish jarayonlari boshlandi. Choʻlpon darhol tuzalib, yangi jamiyatga moslashib keta olmasligini, bu jarayon sekin-asta boʻlishini eʼtirof etdi. Shoir haqida “Qizil Oʻzbekiston”da “Aqlli jinni” degan maqola bosildi. Aynan erkin matbuotda nisbatan erkinlab va erkalab yozgan “Yigʻindi gaplar” hangomasi uchun Julqunboy maʼnan majruh qilindi: 1926-yili uch oy qamoqda oʻtirdi. Zotan, Abdulla Qodiriyning tushunchalari, tasavvurlari jadidona ruhiyatli “Tarjimon”, “Ulfat”, “Vaqt”lar oʻqish bilan shakllangan, oʻsha yillarda, uning koʻnglida “Sadoyi Turkiston”, “Samarqand”, “Oyina”larga “gap yozib yurish fikri” uygʻongan edi. Julqunboy qalamini satira va yumor yoʻlida boshlab “Qizil bayroq”, “Turkiston” gazetalarida qayrab oladi: paydarpay hajviyalari, hangomalari, felyetonlari bosildi. Keyin hajviy jurnalning birinchi sonida: “Bu “Mushtum” – zoʻrliq mushtumi emas, haqliq mushtumidir; bu “Mushtum” – zolimlar mushtumi emas, mazlumlar mushtumidir”, deb yozdi. Matbuotda betoʻxtov bosilgan tanqidiy ruhdagi asarlari uchun “felyetonlar qiroli” nomini oldi.

“Matbuot kuni” maqolasida yuziga “Pravda” pardasini tutishga majbur boʻldi. “Pravda” gazetasini – “gala boʻrilar ichida yolgʻuz arslon edi”, deb taʼrifladi; “haqiqat arsloni” deya sifatladi. Gazetaning haqiqatni aytish borasidagi jasoratiga tahsin aytdi. Oʻzi ishlab turgan “Mushtum” jurnali quyidagicha tavsifladi: “Jurnalimiz ham shu haqiqat olovining uchqunidir. Shuning uchunkim, biz tegib oʻtkan qitiqlik yerlar egasini choʻchitmay, jonlarini achitmay qoʻymaydir. Chunki biz haqiqat oʻtiniing uchqunimiz, biz butun ruhni, borliq maʼnoni shu arslon bobodan olamiz. Biz teskarilikning, kapitalning, egrilikning dushmanidirmiz. Negaki, bobomiz shunday edi”. “Mushtum” shunday oyoqqa turdi.

Darvoqe, yaxshi bilasizki, “Pravda”ning tarjimasi – “Haqiqat”dir. 1922-yili jadidlar “Haqiqat” degan jurnal ham chiqarishdi. “Dinsiz jamiyat, jamiyatsiz din yoʻqdir...” – ularning shiori edi. Choʻlponning “Kishan” sheʼri shu jurnalda bosiladi. “Haqiqat” ham ikkita sondan keyin davr dovulida egiladi – nashrdan toʻxtaydi.

Alohida taʼkidlash kerakki, oʻzbek adabiy tilining yangicha shakllanishida vaqtli matbuot juda katta tarixiy missiyani bajardi. Adabiy tildagi turli islohotlar, ular bilan bogʻliq muammo va takliflarni jadidlar matbuoti yoritib bordi. “Chigʻatoy gurungi” oʻz qarashlarini Fitrat boshchiligida nashr boʻlgan “Tong” jurnalida eʼlon qildi. “Miya oʻzgarmaguncha boshqa oʻzgarishlar negiz tutmas”, degan gap ularning shiori edi. Zamonaviy adabiy til uchun qoidalar ishlab chiqildi; oʻzbek tilining ifoda imkoniyatlari, badiiy til fasohati va balogʻati jadidlar yozgan badiiy asarlarda yaqqol koʻrindi. Shu eʼtibordan jadid adabiyotidagi poetik nutqning yangilanishi va unga xos ilmiy-nazariy tamoyillar alohida tadqiqot qamrovida oʻrganish uchun oʻz egalarini kutib turibdi. Nafaqat, jadid adiblari asarlarining tili, balki nodir fondlardagi jadidlar chiqargan gazeta va jurnallar, ulardagi adabiy, publitsistik, ilmiy manbalarning joriy imloga tabdillari, zamonaviy nuqtayi nazardan qayta baholash va qayta nashri ham yosh ilmiy kuchlarning odil, xolis, jiddiy va mehr-muhabbatli talqinlariga juda-juda muhtoj, bizningcha.

Shuningdek, asr avvalida boshlangan maʼrifatparvar ziyolilarning jadidona kayfiyati, matbuotda chiqishlaridagi jadidona ruhiyati mustabid shoʻro tuzumi davrida ham ming mashaqqat bilan, “ezopona til”ga koʻchgan ravishda qaysidir maʼnoda davom etganini ham taʼkidlashni istar edik...

Aslida jadidlar orzusida boʻlgan soʻz erkinligi, har bir narsani oʻz nomi bilan atash uchun Istiqlol yillari imkon berdi. Samarqandda bitta gazeta XX asrning 20-yillarida “Mehnatkashlar tovushi”, “Kambagʻallar tovushi”, keyin “Zarafshon” deb nomlandi. Shoʻro zamonida bu nomlar oʻchirildi. Ammo hozir Samarqand viloyat gazetasi “Zarafshon” deb ataladi. Oʻsha yaqin moziyda poytaxtda bosilgan bitta gazeta “Ishtirokiyun”, “Qizil bayroq”, keyin “Turkiston“ deb nomlandi. Shoʻro zamoni avjiga mingan yillari “Qizil Oʻzbekiston”, “Sovet Oʻzbekistoni” boʻldi. Istiqlol yillari gazetalarning biri uchun “Turkiston” nomi qayta tiklanganini koʻpchilik yaxshi biladi. Jadidlar orzu qilgan zamonlarning gazetalar nomidagi eng sodda ifodasi bu...

Tarixdan ibrat olish har bir inson uchun juda muhim. Jumladan, oʻzbek matbuotining jadidlar faoliyati bilan bogʻiq ancha qiziqarli, murakkab va ibratlarga toʻla tarixi bor. Gazeta chiqarish, fikrni hukmron “nozirlar” chigʻirigʻidan oʻtkazish, obuna, chiqqan gazeta va jurnallarni tarqatish yoʻl-yoʻriqlari – bularning barcha-barchasini sinchiklab oʻrganish lozim.

Yana bir muhim gap: gazeta va jurnallarda bosilgan rasmlarni, suvratchilar faoliyatini tadqiq etish ham alohida masala. Rasmga tushish va tushirish madaniyati – bugun bu jihat juda ham oqsagan. Kim qayerda qay yoʻsinda, deylik yana, qaysi tarafga moyil yoki kim kimning yonida turishi kerak kabi tartiblar xususida ham oʻzbek milliy matbuoti tarixidan saboq olmoq lozim. Holbuki, umri “qoʻlmiya”(qoʻltelefon)larga tikilib oʻtayotgan hozirgi yosh avlodga ularni oʻrgatish kerak. Shundagina bugungi ijtimoiy tarmoq egalari, turli xabarlarni betoʻxtov yozib tarqatayotgan mualliflar oʻz vijdonlarini oyinaga solib koʻradilar. Oʻzlari yogʻdirayotgan soʻz boʻronlarining talafoti yoki saodatini mulohaza qilib koʻradilar, albatta.

Bahodir KARIM,

filologiya fanlari doktori, professor