Mazkur asar uning yigirmadan ortiq sohaga qiziqqanidan dalolat beradi. Shoh va shoir zamon zayli bilan koʻp jangu jadallarni boshidan kechirdi. Otasi singari ulugʻ himmatli va oliy maqsadli shaxs boʻlganidan Fargʻona viloyatini kichik joy hisoblab, Samarqandga intildi.
Boburning olijanobligi uning Hindistonda temuriylarga xos ulugʻ bunyodkorlik anʼanalarini davom ettirishida, jumladan, muhtasham qasrlar barpo etib, ariqlar qazdirishi, bogʻ-rogʻlar bunyod etishi, adabiyot, ilm-fan rivojiga homiylik qilishi, elni adolat bilan boshqarishida yaqqol koʻrinadi. Uning bu ezgu ishlari keyinchalik Hindistonning buyuk farzandlari tomonidan yuksak baholandi. Hindistonning buyuk davlat arbobi Javohirlaʼl Neru “Hindistonning ochilishi” va “Jahon tarixiga bir nazar” asarlarida Zahiriddin Muhammad Bobur haqida “Bobur — dilbar shaxs. Uygʻonish davri hukmdorining haqiqiy namunasidir. U mard va tadbirkor odam boʻlgan”, deydi.
Hech bir shoir Vatandan yiroqlik fojiasini Boburchalik koʻptomonlama va taʼsirchan ifodalay olmagan boʻlsa kerak. “Boburnoma” Bobur sarguzashtlarining voqeiy-tarixiy lavhalaridan iborat boʻlsa, uning ruboiylari ana shu qomusiy asarga oʻziga xos ilovadir.
Ikkinchidan, Boburning tarixiy va maʼnaviy yuksakligi uning bir umr shariatpanoh hukmdor sifatida yashab, sharʼiy hukmlar chiqara olgan hamda fiqh ilmiga oid “Mubayyin” nomli asar yozgan. Bu asar huqushunoslik ilmimizga mosdir.
Bobur arab yozuvida savod chiqargan va umri boʻyi shu yozuvda ikki-uch tilda matn bitgan. Bu yozuvning ifoda imkoniyatlari, oʻzlashtirish usullarini yaxshi bilgan. Shuning uchun u bu yozuvni yana-da mukammallashtirish, osonlashtirish, soʻzni har xil oʻqish nuqsonlarini bartaraf etish maqsadida yangi yozuv — boburiy xatini kashf etgan. Uning bu jasorati, birinchidan, maʼnaviyat va savodxonlikka kuyunchakligidan boʻlsa, ikkinchidan, oʻqish va yozishni osonlashtirish, qulaylashtirishga intilishining natijasi edi.
Mutaxassislarning fikricha, boburiy xatining amaldagi arab yozuvidan farqi (garchand shu yozuv asosida yaratilgan boʻlsa-da) va afzalliklari imloda soʻz aniqligi (har xil oʻqilmasligi), yozish va oʻqishning qulayligi bilan izohlanadi. Buni “Boburnoma”da keltirilgan quyidagi parcha mazmunidan ham bilib olish mumkin: “Murgʻobda mirzolar bilan muloqot qilganimda, qozi Ixtiyor Muhammad Mir Yusuf bilan kelib meni koʻrdilar. Boburiy xattidan soʻz chiqdi, mufradotni (harflarini) soʻradi, yozib berdim. Oʻsha bazmdayoq mufradotni oʻqib, qoidasiga amal qilib, bir nimalar yozdi”. Demak, mazkur fikrdan ikki narsani: avvalo, qozi Ixtiyorning oʻta ziyrakligini, soʻngra boburiy xatini oʻqish va yozish qulayligini bilib olamiz.
Bobur “Boburnoma”ni yozgani qoʻliga qalam olgan kunidan boshlab voqea-hodisalar talqini va kishilar shaxsiyatiga doir fikr-mulohaza va maʼlumotlarning faqat rostini yozishga ahd qilgan: “Boʻlgan voqealarni rost yozganman. Chunki bu asarda shu narsa lozim topilganki, har soʻzning rosti bitiladi va har ish aynan qanday voqeʼ boʻlgan boʻlsa, shunday aytiladi”. Shu bois Bobur har bir shaxsga adolat ila baho berishga harakat qilgan. Shu maʼnoda “Boburnoma”ni ajoyib voqeiy tarixiy roman deyish mumkin.
Bu yil shoh va shoir Bobur tavalludining 538-yillik tantanalari keng nishonlandi. Yosh avlod qalbidagi gʻurur va iftixor bolalar bogʻchasi, maktablar, barcha taʼlim tizimi hamda koʻpmillatli xalqimiz koʻnglidan mangu joy olgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Bu gʻurur Bobur ota-bobolarining ilm-maʼrifat va mamlakat obodligi yoʻlidagi ezgu ishlaridan shakllangan. Hindistonlik tarixchilar Boburning hukmronlik davrini turlicha talqin qilsa-da, u asos solgan sulola ushbu mamlakat taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshganini eʼtirof etadi. Agra va Dehlida yirik bogʻlar, ariq va hammomlar qurdirgani, masjid, maktablar bunyod ettirganm, ilm-maʼrifatga katta eʼtibor qaratgani ayni haqiqatdir.
Feruza MUHIDDINOVA,
Maʼrifat targʻibotchilari jamiyati aʼzosi