Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni qabul qilish uchun oʻtkazilgan referendumda mamlakat taqdiriga daxldor faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan xalqimiz Prezident saylovida ham munosib tanlovni amalga oshirishiga ishonchimiz komil.

Demokratik jarayonlarning muhim xalqchil shakli hisoblangan saylov qonun talablari doirasida oʻtkazilishini taʼminlash va unda barcha fuqarolarning emin-erkin, faol ishtirok etib, xolis ovoz berishi uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish muhim ahamiyatga ega. Binobarin, saylov borasida oʻtgan yillar davomida toʻplangan milliy tajriba va jahon hamjamiyati tan olgan saylovga oid huquq normalari shu yil 9-iyul kuni Prezident saylovini muvaffaqiyatli oʻtkazishga asos boʻladi.

Mohiyatan, saylov har qanday siyosiy-huquqiy tadbir va demokratik jarayon singari muayyan gʻoyaviy talab va qoidalarga tayanadi. Shu bois, saylovga oid xalqaro huquqiy hujjatlar va milliy qonunchilikda uni oʻtkazishning asosiy tamoyillariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Saylov oʻtkazishning asosiy tamoyillari, deganda, avvalo, shu sohadagi muhim gʻoyalar tushunilib, ular saylovning asl mohiyatini, tabiatini, bosh maqsadini, ijtimoiy mazmuni va vazifasini ochib beruvchi talablardir. Boshqacha aytganda, saylov huquqi tamoyillari saylov jarayonini tashkil qilish va oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan ustuvor qoidalar yigʻindisidir. Shu nuqtayi nazardan, saylov tamoyillari, bir jihatdan, muhim ahamiyatga ega qonunchilik, bilim va koʻnikmalar majmui asosi boʻlsa, ikkinchi tomondan, saylovga oid har qanday xatti-harakat, xulq-atvor va faoliyatning boshlangʻich qoidasi, negizi sanaladi.

XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab fuqarolarning saylov huquqlari va erkinliklari mavzusi nufuzli xalqaro tashkilotlar jiddiy shugʻullanadigan masalaga aylandi. Bugunga kelib dunyoda fuqarolarning saylov huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, erkin, demokratik, adolatli saylov tashkil etish va oʻtkazish sohasining huquqiy qiyofasini aks ettiruvchi 20 dan ziyod universal xalqaro huquqiy hujjat va standart ishlab chiqilgan. Oʻz navbatida, xalqaro umumeʼtirof etilgan saylov standartlari qator xalqaro hujjatlarda ifodasini topgan. Ular sirasiga Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt, Erkin va adolatli saylovning mezonlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya va YEXHTning Insoniylik mezonlari boʻyicha konferensiyasi Kopengagen kengashi hujjatini kiritish mumkin.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida har bir inson irqi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa eʼtiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qatʼi nazar, deklaratsiyada eʼlon qilingan barcha huquq va erkinlikka ega boʻlishi zarurligi belgilangan. Shuningdek, xalq irodasi davlat hokimiyatining asosi boʻlishi lozimligi aytilgan. Bu iroda davriy va soxtalashtirilmagan, yalpi va teng saylov huquqidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan yoki ovoz berish erkinligini taʼminlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida oʻtkaziladigan saylovda oʻz aksini topishi lozimligi koʻrsatib oʻtilgan.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz, Saylov kodeksi va saylovga oid qonunchilik normalarini oʻrganish asosida bugungi kunda Oʻzbekistonda davlat hokimiyati organlarini demokratik saylovlar orqali shakllantirish boʻyicha umumeʼtirof etilgan xalqaro prinsiplar va huquqiy normalarga toʻliq mos keladigan milliy saylov qonunchiligi yaratildi, deyishga har tomonlama asoslar bor.

Saylovning umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkazilishi, saylovda ovoz berish huquqi, oʻz xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi. Shu bois, fuqarolarning saylov huquqlari va erkinliklarini sud orqali himoya qilishni taʼminlash, saylovni jamoatchilik va xalqaro kuzatuvchilar ishtirokida ochiq va oshkora oʻtkazish mexanizmlari Oʻzbekiston milliy saylov tizimi demokratiyaga asoslanganining oʻziga xos sifat koʻrsatkichlaridan biri hisoblanadi.

Bunda saylov qonunchiligi Bosh qonunimizda belgilangan eng asosiy konstitutsiyaviy tamoyil – xalq hokimiyatchiligi, yaʼni xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir, degan qoidaning amalda tatbiq etilishini taʼminlaydi. Zero, Konstitutsiya va qonunlar bilan mustahkamlangan saylash va saylanish huquqi davlat va fuqarolik jamiyati rivojida asosiy mezonlardan biridir.

Oʻzbekistonda saylovga oid 20 dan ziyod qonun tizimlashtirilib, yagona Saylov kodeksi qabul qilindi. Bu milliy saylov tizimi huquqiy asoslarini mustahkamlash, demokratik saylov oʻtkazish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.

Umumiy saylov huquqi tamoyilining mohiyati saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, maʼlumoti, mashgʻulotining turi va xususiyatidan qatʼi nazar, teng saylov huquqiga egaligini anglatadi. Bunda fuqarolarimiz qayerda yashayotganidan qatʼi nazar, saylovda ishtirok etishi taʼminlangani muhim ahamiyatga ega.

Umumiy saylov huquqi Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalarida, davolanish va dam olish muassasalarida, harbiy qismlarda, jazoni ijro etish manzillari kabi boshqa joylarda saylov uchastkalarini tashkil etish yoʻli bilan ham taʼminlanadi.

Xorijdagi saylov uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi vakolatxonalari huzurida tuzilishi mumkin. Xorijda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolari saylovchilar roʻyxatiga kirishi uchun saylovdan 15 kun oldin yozma shaklda oʻziga yaqin joylashgan saylov komissiyasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining saylov.mfa.uz rasmiy veb sayti orqali elektron shaklda murojaat qiladi. Fuqaro murojaatida koʻrsatilgan shaxsga doir maʼlumotlar uch kun ichida tekshiriladi hamda saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi.

Xorijdagi saylov komissiyasi fuqarolarni ovoz berish joyi va vaqti toʻgʻrisida ogohlantiradi. Ovoz berish saylov uchastkasi joylashgan hududdagi mahalliy vaqt bilan 8:00 dan 20:00 ga qadar amalga oshiriladi.

Mamlakatimiz qonunchiligiga koʻra, teng saylov huquqi kafolatlanadi. Saylov kodeksida saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaro bir ovozga ega boʻlishi belgilangan. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas. Muomalaga layoqatsiz deb topilgan, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga koʻra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan fuqarolar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi.

Demak, teng saylov huquqi, deganda nimalarni tushunamiz? Har bir saylovchi bir ovozga ega, saylovda hamma teng asoslarda qatnashadi, ayollar va erkaklar teng saylov huquqiga ega, harbiy xizmatchilar boshqa fuqarolar bilan teng ravishda saylov huquqlaridan foydalanadi, hech kim saylovda boshqa shaxsga nisbatan afzallikka ega emas. Bu qoidalar teng saylov huquqi amalga oshirilishini taʼminlaydi.

Teng saylov huquqi tamoyili ovoz berish bosqichida subyektiv saylov huquqini amalga oshirish sohasiga taalluqlidir. Bunday tenglikni saqlab qolish uchun muayyan kafolatlar zarur (masalan, nomzodlarni saylash uchun teng huquqiy imkoniyatlarni taʼminlash va boshqalar). Saylovchilar oʻzaro teng miqdordagi ovozga ega boʻlishi va ular faqat bitta saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi kerak. Nomzodlar saylov uchun bir xil qonuniy imkoniyatlarga ega, shuning uchun ular, qoida tariqasida, faqat bir joyda qatnashishi mumkin. Fuqarolar ovoz berish chogʻida, shuningdek, nomzodlarni koʻrsatish tartibida, saylovoldi tashviqotini oʻtkazishda ishtirok etishi uchun teng huquqiy sharoitlar yaratish ham nazarda tutilgan.

Saylov tizimining demokratik mohiyati saylovning umumiy boʻlishida, yaʼni barcha fuqarolarning saylovda ishtirok etishidagina emas, saylovning teng boʻlishida ham aks etadi. Umumiy va teng saylov tamoyillari oʻzaro chambarchas bogʻliq boʻlib, biri boshqasini toʻldiradi. Umumiy saylov boʻlmasa, teng saylov ham boʻlishi mumkin emas. Demak, teng saylov huquqi 18 yoshga toʻlgan barcha fuqarolar saylovda teng sharoitlarda qatnashishini anglatadi. Bu boradagi tenglik saylov okruglarini saylovchilar sonining barobar boʻlishi qoidasi asosida tuzish bilan ham taʼminlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga teng huquqiy sharoit taʼminlanadi. Bu, avvalambor, umumiy va teng saylov huquqida, ayni paytda Prezidentlikka nomzodlarga saylov kampaniyasida ishtirok etishda, shu jumladan, ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng imkoniyatlarni yaratishda koʻzga tashlanadi. Shu bilan birga, saylovni, nomzodlarning saylov kampaniyasini adolatli va oshkora moliyalashtirish, saylovning barcha tadbirini rasmiy eʼlon qilish orqali ovoz berish natijalari haqida toʻliq va tezkorlik bilan xabardor qilish, qolaversa, ochiq hamda oshkora, jamoatchilik va xalqaro kuzatuvchilar nazorati ostida faoliyat yuritadigan mustaqil saylov komissiyalari tomonidan saylov jarayoni tashkil qilinishi ham adolatli saylov garovi hisoblanadi.

Toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi milliy va xalqaro standartlar bilan tartibga solingan boʻlib, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillar vositasi orqali oʻz mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga egaligi nazarda tutilgan. Oʻzbekiston Prezidenti fuqarolar tomonidan bevosita saylanadi. Bu tamoyil saylovchining bevosita shaxsan oʻzi, yaʼni biror-bir vakilsiz, toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzi ovoz berishini anglatadi. Bir kishining nomidan boshqasi ovoz berishi qonunchilikka zid hisoblanadi.

Toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi Prezident saylovi va hokimiyat vakillik organlariga saylov toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazilishini bildiradi, saylovchilar oʻz nomzodlariga saylov vaqtida bevosita ijobiy yoki qarshi ovoz berishi mumkin. Toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi koʻp pogʻonali saylovdan farq qilib, koʻp pogʻonali saylovda pastki pogʻona vakillik organi yuqori pogʻona vakillik organiga oʻz vakillarini saylaydi.

Oʻzbekistonda joriy etilgan toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqining ustunligi shundaki, bunday saylov tartibida davlat hokimiyatining hamma saylanadigan organlari bevosita xalqning vakillik organlari hisoblanadi. Bu tartib saylovchilar bilan vakillik organlari oʻrtasidagi aloqani mustahkamlashga, vakillik organlari faoliyatini saylovchilar tomonidan yaxshiroq kuzatib borishga imkoniyat yaratadi.

Yashirin ovoz berish tamoyili xalqaro miqyosdadagi saylov tizimining eng muhim xususiyatlaridan boʻlib, YEXHTning tegishli hujjatida yashirin ovoz berish yoʻli bilan yoki unga tenglashtirilgan erkin ovoz berish tartibida saylovchilarning oʻz vakillarini tanlashda fikrini erkin ifoda etishini taʼminlaydigan sharoitlarda oʻtkaziladigan erkin saylovni tashkil etish nazarda tutilgan. Bu tamoyil mazmuniga koʻra, saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilar xohish-irodasini nazorat qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali taʼminlanadi.

Saylovning shaffofligi va ochiqligini, fuqarolar saylov huquqi erkinligi, ovoz berishning yashirinligini taʼminlash saylovga oid xalqaro standartlarning eng muhim prinsiplaridandir.

Saylovda ovoz beruvchilarning xohish-irodasi nazorat qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Uchastka saylov komissiyalari ovoz berishni maxsus ajratilgan binolarda tashkil etib, fuqarolarga oʻz xohish-irodasini erkin va yashirin ravishda bildirish imkonini yaratadi. Buning uchun saylov uchastkasida saylov byulletenlarini toʻldirish uchun alohida xona yoki kabina boʻladi. Kabinada ovoz berayotgan shaxsdan boshqa biror kimsaning, shu jumladan, saylov komissiyasi aʼzolarining hozir boʻlishi taqiqlanadi. Byulletenni saylov qutisiga saylovchining oʻzi tashlaydi.

Saylov erkin oʻtishida siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlari kengaytirilgani ham muhim ahamiyatga ega. Endilikda vakolatli vakil saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.

Partiyalar saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda avvalgi qonunlar boʻyicha faqat bittadan kuzatuvchi berishi mumkin boʻlgan boʻlsa, Saylov kodeksida bu cheklov chiqarib tashlandi. Bu ham ochiqlik, oshkoralik, jamoatchilik nazoratini oshirishga xizmat qiladi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, Prezident saylovi xalqaro mezonlar va standartlarga mos milliy saylov qonunchiligimizga, unda belgilangan adolat, ochiqlik, oshkoralik va erkinlik kabi demokratik tamoyillarga asosan koʻtarinki ruhda oʻtishi uchun barchamiz masʼulmiz. Zero, bu muhim siyosiy-huquqiy tadbir yurtimiz kelajagi, har birimizning ertangi kunimiz, tinch va farvon hayotimiz kafolatidir.

Oybek TURGʻUNOV,

yuridik fanlar doktori, professor