Jahon oziq-ovqat kuniga bag'ishlangan fototanlov g'oliblari taqdirlandi

    Tanlov FAOning O'zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan oliy o'quv yurtlari talabalari o'rtasida o'tkazildi.

    16-oktyabr — Jahon oziq-ovqat kuni BMT taqvimidagi eng mashhur va ahamiyatli xalqaro kunlardan sanaladi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan joriy etilgan ushbu sana 150 dan ortiq mamlakatda nishonlanadi. Bu dunyo bo'ylab ochlik va to'yib ovqatlanmaslikka barham berish uchun nima qilish mumkinligi haqida qaror qabul qiladigan kun. 2023-yilgi Jahon oziq-ovqat kunining mavzusi suv muammolariga bag'ishlandi.

    Muhim sana munosabati bilan FAOning O'zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan oliy o'quv yurtlari talabalari o'rtasida fototanlov tashkil etildi. Tanlov maqsadi yoshlar e'tiborini oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda suv resurslaridan oqilona va barqaror foydalanishning muhimligiga qaratishdan iborat.

    Tanlov shartlariga ko'ra, ishtirokchilar o'z ishlarida qishloq xo'jaligida suvning rolini aks ettirishlari, suvdan oqilona foydalanish, suv resurslarining ifloslanishiga qarshi kurashish muhimligini va boshqa muhim jihatlarni ko'rsatib o'tishlari lozim edi.

    Respublikaning turli oliy o'quv yurtlarida qishloq va suv xo'jaligi, irrigatsiya, agrotexnologiya, veterinariya, o'simlikshunoslik va atrof-muhitni muhofaza qilish yo'nalishlarida tahsil olayotgan talabalar katta faollik ko'rsatdilar. Tanlov hakamlar hay'ati tarkibiga qishloq va suv xo'jaligi sohasidagi nufuzli mutaxassislar, FAO mutaxassislari, taniqli fotosuratchilar kiritilgan.

    Joriy yilning 16-oktabr kuni Toshkent Davlat agrar universitetida fototanlov g'oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. Ijodiy tanlov natijalariga ko'ra eng yaxshi asarlar mualliflari aniqlanib, dastlabki uchta o'rin g'oliblari qimmatbaho sovg'alar — noutbuk, planshet va smartfon bilan taqdirlandilar. Bundan tashqari, bir qancha ishtirokchilar rag'batlantiruvchi mukofotlarga sazovor bo'lishdi.

    — Yoshlarimiz, bugungi talabalarimiz qishloq xo'jaligini yanada barqaror rivojlantirish, sohani modernizatsiya qilish, iqtisodiyot va aholining doimiy o'sib borayotgan ehtiyojlarini zarur hajmdagi suv resurslari bilan qondirish imkoniyatlarini oshirish, shuningdek, mamlakatimiz suv xo'jaligi salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo'shishlariga umid bildiramiz”, — dedi FAOning “O'zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining erdan foydalanish va qayta tiklashga ta'sirini baholash dasturi” loyihasi koordinatori Aziz Nurbekov.