Toshkent shahrida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) “Oʻzbekiston togʻ va vodiy oʻrmonlarini barqaror boshqarish” loyihasi doirasida Oʻzbekistonda “Milliy oziq-ovqat xavfsizligi sharoitida yer, baliqchilik va oʻrmonlarga egalik qilishni masʼuliyatli boshqarish boʻyicha ixtiyoriy koʻrsatmalarni qoʻllash” masalalariga bagʻishlangan trening tashkil etildi.
Treningni FAOning yerga egalik qilish boʻyicha xalqaro maslahatchisi Bredli Paterson olib bordi. Oʻtkazilgan trening global huquqiy xujjat haqidagi tushunchamizni yaxshilash, shuningdek, Oʻzbekistonning togʻ va vodiy oʻrmonlarini barqaror boshqarish boʻyicha amaliy yondashuvlarni ishlab chiqish imkonini berdi.
Shuningdek, trening davomida Oʻzbekistonda yerga egalik qilish tizimining oʻziga xos jihatlari muhokama qilindi hamda Global Ekologik Jamgʻarmasi (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan FAOning “Oʻzbekiston togʻ va vodiy oʻrmonlarini barqaror boshqarish” loyihasi haqida umumiy maʼlumot berib oʻtildi.
Eslatib oʻtamiz, loyihani amalga oshirish jarayonida Sirdaryo, Qashqadaryo va Namangan viloyatlaridagi oʻrmon xoʻjaliklarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish, oʻrmon resurslaridan oqilona foydalanish, oʻrmon daraxtlarining mahsuldorligi va ularning ekologik funksiyasini saqlash tamoyillarini joriy etish boʻyicha ham qator tadbirlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, loyihani amalga oshirish davomida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, oʻrmonlarni barqaror boshqarishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda oʻrmon xoʻjaligida gender tengligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.