Yangi Oʻzbekiston keyingi toʻqqiz yilda mustaqil taraqqiyotning katta dovonini bosib oʻtdi. Iqtisodiyotimiz yangidan shakllandi, bozor munosabatlari kengaytirildi, qonun ustuvorligi mustahkamlandi. Eng muhimi, xalqimizning koʻp yillik orzu-umidlarini oʻzida ifodalagan yangi Oʻzbekistonni barpo etishning maʼnaviy-huquqiy asoslari yaratildi. 2023-yil 30-aprelda boʻlib oʻtgan umumxalq referendumi yakuniy natijalariga muvofiq, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Mazkur tarixiy islohotning asosiy gʻoyasi sifatida ilgari mavjud boʻlgan “davlat — jamiyat — shaxs” paradigmasi yangi “inson — jamiyat — davlat” tamoyiliga oʻzgardi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi xuddi mana shu tamoyilni roʻyobga chiqarishga qaratilgan bunyodkor gʻoyalarni oʻzida jamlagan strategik xaritadir. Murojaatnomada belgilangan ulugʻvor marralar va yangragan chaqiriqlar yangi Oʻzbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qoʻyilayotganini anglatadi.
Keyingi yillardagi islohotlar silsilasidan yurtimizda “Inson — jamiyat — davlat” tamoyili mustahkam qaror topib borayotganini anglash qiyin emas. Darhaqiqat, qaysi sohada boʻlmasin, yuz berayotgan har bir tarixiy yangilanish mohiyatida insonni qadrlash, jamiyatni harakatga keltirish va davlatning qudratini yanada oshirish maqsadi mujassam.
Xususan, “Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” gʻoyasi konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlandi. Bu bilan insonning oliy qadriyati uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati ekani belgilandi. Shuningdek, oxirgi besh-olti yilda Bosh qonunimizda belgilangan ijtimoiy davlatning asosiy talablari hayotga izchil tatbiq etildi.
Sifatli taʼlim, malakali tibbiy xizmat, kuchli ijtimoiy himoya, muhtojlarning uy-joyga ehtiyojini qoplash, bandligini taʼminlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambagʻallikni qisqartirish borasidagi keng koʻlamli saʼy-harakatlar ijtimoiy davlat modelining amaliy ifodasidir.
Bu manzilli islohotlar, birinchidan, taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan insonni, uning ong-tafakkuri va rolini oʻzgartirmoqda. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni oʻrgandik”.
Ikkinchidan, jamiyatimizda hamjihatlik muhiti, bunyodkorlik ruhi hukm surmoqda. Birgina 2025-yilda 5 million fuqaro daromadli boʻlib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand shaxs kambagʻallikdan chiqdi, ilk bor 1435 mahalla “kambagʻallikdan xoli” hududga aylandi. Kambagʻallik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi.
Uchinchidan, davlatimiz salohiyati oshib, ilgari tasavvur ham qilish qiyin boʻlgan olamshumul marralarga erishilmoqda. Oʻtgan yili tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollardan oshdi. Jahon banki yuritadigan Davlatlarning texnologik yetuklik indeksida Oʻzbekiston 71 pogʻona yuqori koʻtarilib, yetakchi 10 ta mamlakat qatoridan joy oldi.
Mana shu amaliy natijalarning oʻziyoq yangi Oʻzbekiston gʻoyasi amalda qudratli harakatga aylanganini koʻrsatadi. Murojaatnoma shu kabi hayotiy haqiqatlarni aniq misollar orqali ifoda etgani, jamiyatimizga hayotbaxsh gʻoyalarni olib kirayotgani va xalqimizni yangi marralarga ruhlantirgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Nega aynan bugun?
2026-yilga berilgan nomda kelgusi taraqqiyotimiz formulasi aks etgandek — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”.
“Mahallani rivojlantirish” gʻoyasi birmuncha tushunarli va tanish. Oʻzbek davlatchiligi asrlar davomida noyob boshqaruv shakli boʻlgan mahalla bilan uzviy bogʻliqlikda va bu tizimning asosi boʻlgan birdamlik, mehr-oqibat, jamoaviylik kabi qadriyatlar taʼsirida rivojlanib kelgan. Mahalla rivojlansa, mamlakat obod boʻlishi bor gap. Bu hayot falsafasi ortiqcha isbotga muhtoj emas. Murojaatnomada ham mamlakatimiz rivojlanishining bugungi bosqichida mahalla institutining oʻrni va beqiyos ahamiyati keng ochib berildi.
Yil nomidagi “jamiyatni yuksaltirish” gʻoyasi alohida eʼtiborga molik. “Inson — jamiyat — davlat” taraqqiyot zanjirining ajralmas boʻgʻini boʻlgan jamiyatni qanday yuksaltirish mumkin? Bunga ehtiyoj bormi? Nima uchun bu gʻoya aynan bugun yuzaga chiqmoqda?
Shu kabi savollar tugʻilishi va har bir uygʻoq odamni bezovta qilishi tabiiy. Ming yillar davomida koʻp mutafakkirlar ham bu savollarga oʻzicha javob izlagan. Buyuk ajdodimiz Abu Nasr Forobiyning jamiyat haqidagi qarashlari qiziq. U oʻz falsafiy konsepsiyasi asosida insonlarning baxt-saodatga erishishi uchun har bir aʼzosining kasb-koriga muvofiq, oʻzaro hamkorlikda yashashini nazarda tutadigan ideal, fozil jamiyat va shaharni tushuntiradi. Forobiyning fikricha, adolat oʻrnatilgan jamiyatgina insonlar talabiga mos keladi. Bunday jamiyatda odamlar oʻzaro yordamlashib, har biri oʻzining vazifasini bajarishi orqali umumiy rivojlanishga hissa qoʻshadi va mukammallikka erishadi. U jamiyatni inson organizmiga oʻxshatadi. Bu yerda har bir aʼzo oʻz vazifasini bajarsa, butun organizm sogʻlom boʻladi.
Forobiyning bu gʻoyasi keyingi davrlarda Sharq va Yevropa falsafasiga ham katta taʼsir koʻrsatgan. Xususan, maʼrifatparvarlik davridagi ijtimoiy taʼlimotlar, XIX-XX asr boshlaridagi tadqiqotlarda jamiyat xuddi mexanizm yoki biologik organizmga oʻxshash va hatto ularga teng boʻlgan yaxlitlik sifatida tavsiflanadi.
Bashariyat rivojining turli davrlarida olimlar ichki va tashqi oʻzgarishlar sharoitida samarali ishlaydigan va rivojlanadigan barqaror jamiyatning koʻrinishini belgilashga, ijtimoiy tizimni barqarorlashtirish omillari va mexanizmlarini aniqlashga urindi. XX asr oxirida barqaror jamiyat va barqaror taraqqiyot gʻoyalari Rio-de-Janeyro (1992-yil) va Kopengagenda (1995-yil) boʻlib oʻtgan nufuzli xalqaro forumlarda eʼtirof etildi.
Prezidentimiz ilgari surgan “jamiyatni yuksaltirish” gʻoyasiga ham jamiyatni misoli tirik organizm sifatida uzviy harakatda va barqaror saqlashga strategik ehtiyoj sifatida yondashish lozim. Boshqacha aytganda, bugun jamiyatni yuksaltirish zarurati tasodifiy emas, balki obʼyektiv ijtimoiy qonuniyatlar bilan bogʻliq. Globallashuv, raqamli transformatsiya, axborot oqimining keskin ortishi va ijtimoiy murakkabliklar insonning faqat moddiy emas, balki ijtimoiy adolat, xavfsizlik, ishonch va maʼnaviy barqarorlikka talabini kuchaytirmoqda.
Dunyoda kuchayib borayotgan siyosiy mavhumlik, koʻp yillik jahon tartibotiga putur yetishi oqibatida suveren demokratik davlatlar uchun yangi, avval kuzatilmagan tahdidlar paydo boʻlmoqda. Bu esa har bir davlatdan oʻz taraqqiyot strategiyalarini jiddiy tahlil qilib, ularga tegishli oʻzgartishlar kiritishni taqozo etmoqda. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi takomillashayotgani ham aynan shu favqulodda omillar bilan bogʻliq.
Davlatimiz rahbari raisligida yaqinda oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida zamonaviy xavf va tahdidlarning mazmuni ham, koʻlami ham kundan kunga oʻzgarib borayotgani, mudofaa va xavfsizlik sohasi oldiga katta vazifalar qoʻyilayotgani taʼkidlandi. Sakkiz yil oldin qabul qilingan Mudofaa doktrinasi hamda 1997-yildagi Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta koʻrib chiqish vaqti kelgani aytildi.
Murakkab davrimizning ana shunday oʻtkir talablaridan kelib chiqib, “Inson — jamiyat — davlat” taraqqiyot konsepsiyasini ham yanada takomillashtirish va uni amalga oshirishga doir yangi yondashuvlarni ishlab chiqish lozim. Xususan, bu konsepsiya tizimida jamiyatning rolini oshirish va jamiyatni harakatdagi organizm sifatida kompleks rivojlantirish maqsadga muvofiq.
“Jamiyatni yuksaltirish” gʻoyasi orqali qator oʻtkir chaqiriqlar kun tartibiga olib chiqilmoqda.
Birinchidan, jamiyatimizning hozirgi salohiyati bilan zamonaviy tahdidlarga qarshi turib boʻlmasligi bildirilmoqda.
Yangi Oʻzbekistonda inson kapitali uchun katta resurslar safarbar qilinmoqda. Taʼlim, sogʻliqni saqlash, aholi bandligi sohasidagi amaliy natijalar salmoqli. Mamlakatimizning imkoniyatlari ham yildan yilga oshib, ulkan marralar zabt etilmoqda. Navbatdagi bosqichda endi jamiyatimiz ham qudratli kuchga aylanishi va barcha islohotlarning motivatori boʻlishi lozim. Bunga esa jamiyatimizning qon tomiri boʻlgan mahallani rivojlantirish orqali erishiladi.
Ikkinchidan, bugungi tahlikali dunyoda milliy birdamlik va hamjihatlik har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etayotir.
Davlatimiz rahbari bu masalaning yechimini jamiyatni yuksaltirishda koʻrmoqda. “Biz uchun hozirgi global taraqqiyot davrida, dunyoda oʻta keskin va tahlikali jarayonlar yuz berayotgan bugungi kunda milliy birlik nihoyatda muhim va zarur. Bir boʻlsak, yagona xalq, yagona millat boʻlib olgʻa intilsak, koʻzlagan ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz!” dedi Prezidentimiz.
Uchinchidan, jamiyat rivojisiz inson va davlatning rivojiga erishib boʻlmasligi haqida bong urilmoqda. Inson jamiyatda harakatlanadi va shakllanadi. Undagi ijobiy yoki salbiy oʻzgarishlar, tafakkur evrilishlari, eng avvalo, jamiyatda aks etadi. Davlat ham bevosita jamiyatdagi qadriyatlar va munosabatlar taʼsirida rivojlanadi. Masalan, jamiyatda taʼlim sifati past boʻlsa, yoshlar bandligi taʼminlanmasa, muammolar oʻz vaqtida hal etilmasa, ijtimoiy taraqqiyot oʻz-oʻzidan sekinlashadi. Jamiyatning barqarorligi davlat barqarorligining kafolatidir.
Bir soʻz bilan aytganda, “jamiyatni yuksaltirish” gʻoyasining bugun amaliy harakatlar markaziga chiqayotgani va 2026-yilda Oʻzbekiston rivojlanishining ustuvor yoʻnalishidan biri etib belgilangani tasodif emas. Taraqqiyotimizning navbatdagi bosqichida ushbu gʻoya inson va davlatning uygʻun faoliyatiga erishishning asosiy sharti sifatida yuzaga chiqmoqda.
Jamiyat qanday yuksaladi?
Jahonda tan olingan ilmiy taʼlimotlarda jamiyat rivojiga doir xilma-xil qarashlar mavjud. Faylasuflar va fikr egalari bu borada turlicha yoʻllarni tavsiya etadi. Bugungi globallashuv sharoitida jamiyatni yuksaltirish masalasiga faqat iqtisodiy oʻsish bilan emas, balki ijtimoiy adolat, fuqarolik faolligi, taʼlim sifati va ishonchli institutlar bilan bevosita bogʻliq holda qaralmoqda. Rivojlangan davlatlar tajribasi barqaror jamiyat — davlat, jamiyat va shaxs oʻrtasidagi muvozanatli hamkorlik mahsuli ekanini koʻrsatadi.
Jamiyat quyidagi asosiy omillar uygʻunligida rivojlanadi:
— inson kapitali: taʼlim, ilm-fan va kasbiy salohiyatning yuksalishi;
— ijtimoiy institutlar: mahalla, oila, taʼlim va fuqarolik jamiyatining samarali faoliyati;
— qonun ustuvorligi va adolat: barcha uchun teng qoidalar va shaffof boshqaruv;
— faol fuqarolik pozitsiyasi: jamiyat hayotida befarqlik emas, ishtirok madaniyatining shakllanishi.
Rivojlangan jamiyatda davlat “hamma narsani hal qiluvchi” emas, balki sharoit yaratuvchi institut sifatida maydonga chiqadi, fuqaro esa ijtimoiy jarayonlarning faol subyektiga aylanadi.
Xalqaro tajribada jamiyatni yuksaltirishga doir turli modellar mavjud. Biroq ularni birlashtirib turuvchi umumiy jihat bor — inson kapitaliga investitsiya kiritish.
Keling, ularning baʼzilarini koʻrib chiqaylik.
Skandinaviya modelida jamiyatning yuksalishi ijtimoiy tenglik, kuchli taʼlim va fuqarolar ishonchi orqali taʼminlangan. Bu mamlakatlar jamiyatni yuksaltirishda “farovonlik davlati” modelini muvaffaqiyatli qoʻllab kelmoqda. Skandinaviya modelida: bepul yoki arzon taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimi; kuchli ijtimoiy himoya mexanizmlari; davlat qarorlarida fuqarolarning ishtiroki keng yoʻlga qoʻyilgan.
Natijada bu davlatlar xalqaro reytinglarda ijtimoiy ishonch, baxt va hayot sifati boʻyicha doimiy yetakchi oʻrinlarni egallab kelmoqda. Eng muhim jihati — jamiyatda “davlat menga xizmat qiladi” degan tushuncha shakllangan.
Yaponiyada jamoaviy masʼuliyat, intizom va maʼnaviy qadriyatlar ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlagan. Ularda mahalla va jamoa darajasida: aholi hududni tozalash, tartibni saqlashda koʻngilli ishtirok etadi; keksalarga hurmat va yoshlarni tarbiyalashga ijtimoiy norma sifatida qaraladi; taʼlim tizimida faqat bilim emas, balki xulq-atvor va masʼuliyat ham shakllantiriladi.
Kunchiqar davlat tajribasidan shuni anglash mumkinki, jamiyat yuksalishi uchun katta mablagʻdan koʻra madaniy intizom va umumiy qadriyatlar muhim.
Singapur modeli samarali boshqaruv va qonun ustuvorligiga tayanadi. Qisqa muddatda jamiyatni yuksaltirishda mislsiz natijalarga erishgan bu mamlakatda ijtimoiy tartib, xavfsizlik va hayot sifati yuqori darajada taʼminlangan. Qonun ustuvorligi va korrupsiyaga mutlaqo murosasiz munosabat, sifatli shaharsozlik va uy-joy siyosati (aholining katta qismi davlat qurgan uy-joylarda yashaydi), davlat xizmatlarining ochiqligi va tezkorligi Singapur muvaffaqiyatining asosiy omillaridir.
Germaniyada esa kasbiy taʼlim, fuqarolik jamiyati va mahalliy boshqaruv jamiyat taraqqiyotining tayanchiga aylangan. Bu modelda jamiyatni yuksaltirishda fuqarolik jamiyati institutlari va dual taʼlim tizimiga ustuvorlik beriladi. Bu model bandlikni oshirish va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Mahalliy boshqaruv organlari aholiga eng yaqin institut sifatida ishlaydi.
Rivojlangan davlatlar tajribasi jamiyatni yuksaltirishning universal retsepti yoʻqligidan darak beradi. Biroq umumiy tamoyillar mavjud. Inson qadrini ustun qoʻyish, mahalla va jamoani rivojlantirish, adolatli boshqaruv va qonun ustuvorligi, taʼlim va tarbiyaga sarmoya yoʻnaltirish shular jumlasidan.
Muvaffaqiyatli modellar jamiyatni yuksaltirish uchun faqat iqtisodiy oʻsish emas, balki ijtimoiy ong va madaniyatni rivojlantirish ham hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini koʻrsatadi. Oʻzbekistonning jamiyatni yuksaltirish modeli oʻziga xos va noyob. “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” gʻoyasi, “Xalqimiz ertaga yoki yaqin kelajakda emas, bugun baxtli yashashi kerak” tamoyili bugun biz tanlagan buyuk yoʻlning asosidir.
Soʻnggi 9 yilda mamlakatimiz jamiyatni rivojlantirishning ilgʻor xalqaro tajribalarini milliy qadriyatlar bilan uygʻunlashtirib, barqaror natijalarga erishmoqda. Eng muhimi, bugun bu yutuqlarni har bir yurtdoshimiz oʻz hayotida chuqur his qilmoqda. Ajdodlarimiz orzu qilib, kurashib oʻtgan jamiyat — inson huquq va erkinliklari, kuchli ijtimoiy himoya, sifatli taʼlim va tibbiy xizmat kafolatlangan, qonun ustuvorligi, ijtimoiy adolat va xususiy mulk daxlsizligi taʼminlangan yangi Oʻzbekiston jamiyati sari dadil qadamlar qoʻyilmoqda.
Hammasi mustahkam zaminga ega
Murojaatnomada bugunimiz va ertamiz uchun muhim yangi gʻoya va aniq hisob-kitoblarga asoslangan tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, unda jamiyatni rivojlantirishning quyidagi ustuvor yoʻnalishlari yaqqol koʻzga tashlanadi:
— inson qadrini ulugʻlash — barcha islohotlarning markaziga inson manfaatini qoʻyish;
— mahallaning rolini kuchaytirish — jamiyat muammolarini eng quyi boʻgʻinda hal etish;
— yoshlar va ayollar faolligini oshirish — taʼlim, bandlik va tadbirkorlik orqali;
— ochiq va xalqchil davlat boshqaruvi — davlat organlarining xalqqa xizmat qilishi.
Bu gʻoyalar jamiyatni maʼmuriy bosim orqali emas, balki ishonch va hamkorlik asosida yuksaltirishga qaratilgan.
Prezidentimiz mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash; iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish; ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish; kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish; ekologik muvozanatni taʼminlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish; zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarni davom ettirish orqali barchamizni yangi va ulkan marraga — kelgusi besh yilda iqtisodiyotimiz hajmini 240 milliard dollardan oshirishga boshlamoqda. Keyingi yillarda xalqimiz va davlatimiz erishgan olamshumul yutuqlarga tayanib fikrlasak, oʻz kuchimizga ishonsak, bu natijaga erishish mumkin.
Jamiyatga taklif qilinayotgan islohotlarni aniq tashabbuslar misolida koʻrib chiqaylik. Masalan, mamlakatimiz mehnat bozorini mutlaqo yangi arxitektura asosida — kasb, malaka, texnologiya va taʼlimni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlatish masalasi koʻtarildi.
Bu nima uchun kerak? Bugungi globallashuv sharoitida raqamlashtirish va sunʼiy intellekt koʻp sohalarga kuchli taʼsir oʻtkazmoqda. Natijada dunyodagi ish oʻrinlarining soni, shakli va mazmuni keskin oʻzgarayotir. Yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi toʻliq avtomatlashtirilishi, 50 foizi boʻyicha esa yangi malakalar talab qilinishidan kelib chiqsak, dunyo mehnat bozori tub burilish boʻsagʻasida ekani maʼlum boʻladi.
Mamlakatimiz yetakchisi yangilanayotgan mehnat bozoriga moslashish uchun kasbiy taʼlimning eng muhim boʻgʻini boʻlgan texnikumlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish lozim, demoqda. Buning uchun 2026-yildan boshlab, har yili kamida 100 tadan texnikum toʻliq taʼmirlanib, texnologik va talab yuqori kasblarga mos holda jihozlanadi. Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlarning ilgʻor taʼlim dasturlari joriy qilingan texnikumlar soni 100 taga yetkaziladi.
2026-yilda 7 viloyatda, 2027-yilda esa qolgan hududlarda Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar shaharchasi” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Murojaatnomada har bir tashabbusning amaliy mexanizmlari, har bir infratuzilmaning aniq vazifasi koʻrsatib berildi. Xususan, Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari hududdagi boshqa texnikumlar uchun metodik va amaliyot bazasi sifatida faoliyat yuritadi. “Kasblar shaharchasi” esa maktab oʻquvchilarini qurilish, servis, qishloq xoʻjaligi, sanoat, transport, “yashil” energetika kabi sohalardagi zamonaviy kasblarga yoʻnaltiradi.
Texnikum va ish beruvchilar oʻrtasidagi hamkorlik ham bundan buyon yangicha tashkil qilinadi. Dual taʼlim asosida oʻqitishni samarali tashkil qilgan korxonalarga 7 yil muddatga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit ajratiladi. Tadbirkorlik reytingida qoʻshimcha 5 ball beriladi. Korxonalar ishga olgan texnikum oʻquvchisi uchun 1 foizli ijtimoiy soliq imtiyozi yana uch yilga uzaytiriladi.
Bu oʻrinda yoshlarning kasbiy rivojlanishi bilan birga ish beruvchilarga ham yangi imtiyozlar, qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlov choralari taklif qilinmoqda. Shuningdek, kasbiy taʼlimdagi yangicha yondashuvlar, xususan, dual taʼlim asosida oʻqitishni ommalashtirish choralari belgilanmoqda.
OTMlar va ish beruvchilar oʻrtasida yoʻlga qoʻyiladigan raqamli ekotizim ham dolzarb. Bunda bitiruvchi kurs talabalari uchun oʻziga mos ish topish, korxonalarga esa malakali kadrlarni jalb qilish imkoniyati kengayadi. Mehnat bozoriga yiliga 300 ming oliy maʼlumotli kadr kirib kelayotganini hisobga olsak, bu ekotizimning ahamiyati yanada yorqin namoyon boʻladi.
Bular tasodifiy yechimlar emas. Jamiyatni yuksaltirish boʻyicha Germaniya modelida kasbiy taʼlimga ustuvorlik berish ortidan katta yutuqlarga erishilgan. Bu davlatda ham yoshlar taʼlim bilan birga korxonalarda amaliyot oʻtab, kasbga erta moslashadi. Zamonaviy Germaniya jamiyatida fuqarolik jamiyati institutlariga keng oʻrin berilgan. Nodavlat tashkilotlar ijtimoiy muammolarni hal etishda faol ishtirok etadi.
Prezidentimiz “Islohotlar samaradorligini taʼminlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli muhim. Shu bois, ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha siyosat kelgusida ham izchil davom ettiriladi”, dedi. Xususan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha besh yillik strategiya ishlab chiqilishi maʼlum qilindi. Ushbu institutlarga ijtimoiy buyurtma berish tizimi raqamlashtirilib, moliyalashtirish hajmi 2 karra oshiriladi. Bu tashabbuslar ham jamiyatni yuksaltirish boʻyicha dunyodagi ilgʻor tajribalarga toʻla mos keladi.
2026-yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanishi eʼlon qilindi. Barcha davlat idoralarining 1000 dan ziyod davlat xizmatlari; 5000 dan ortiq funksiya va vazifalari; 200 ta maʼlumot bazasi va axborot tizimi; 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisining mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasidagi vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinishi ham muhim tashabbuslardan. Bu islohotlar davlat xizmatlarining ochiqligi va tezkorligiga asoslangan Singapur modelini aks ettiradi.
Murojaatnomada korrupsiya davlat taraqqiyotiga toʻsiq boʻladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan jiddiy tahdid sifatida qayd etildi. Bu illatga qarshi kurashish boʻyicha 2026-yilda “favqulodda holat” eʼlon qilinishi va korrupsiyaga yoʻl qoʻyish islohotlarga xiyonat deb baholanishi bildirildi. Jamiyatni yuksaltirish boʻyicha Singapur tajribasi muvaffaqiyati ham korrupsiyaga murosasiz kurashda ekani keng eʼtirof etilgan. Oʻzbekiston ham korrupsiyaga qarshi kurashishda qatʼiyat koʻrsatib, rivojlangan davlatlarda oʻzini oqlagan ijtimoiy adolat tamoyillariga sodiqligini namoyon qilmoqda. Murojaatnomadagi yangi chaqiriqlardan bu borada boshlangan ishlar mavsumiy emasligi, balki muqarrar va tizimli tusga egaligini koʻrish mumkin.
2026-yilda 1 million odamni doimiy ish bilan taʼminlash, 181 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish, kambagʻallik va ishsizlik darajasini 4,5 foizga tushirish, kambagʻallikdan xoli mahallalar sonini 3500 taga yetkazish koʻzlanmoqda. Bu maqsadlarga ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish, aholini har jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar orqali erishiladi. Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda yaratilgan ijtimoiy himoya tizimida ham jamiyatni yuksaltirishga doir Skandinaviya modelining ilgʻor tajribalari namoyon boʻladi. “Baxtli odamlar mamlakati” sifatida dunyoga tanilgan bu davlatlarda ham kuchli ijtimoiy himoyaga jamiyatda farovonlikni taʼminlashning muhim vositasi sifatida qaraladi.
Prezidentimiz ilgari surgan gʻoyalar koʻlami keng. Biz ularning baʼzilariga toʻxtaldik xolos. Bu gʻoyalarning har biri mustahkam zaminga ega. Ular mohiyatan Vatanimiz taraqqiyotining yangi arxitekturasini ifodalaydi hamda yangi Oʻzbekistonning milliy manfaatlari, xalqimizning koʻp asrlik davlatchilik anʼanalariga asoslangan. Shu bilan birga, bu tashabbuslar jamiyatni yuksaltirish boʻyicha jahondagi eng ilgʻor tajribalarga ham muvofiq keladi.
* * *
“Jamiyatni yuksaltirish” — shior emas, balki hayotiy strategiya. Kuchli jamiyat kuchli mahalladan boshlanadi. Har bir obod koʻcha, har bir band yosh, har bir ijtimoiy himoyaga olingan oila, qoʻyingki, hayotidan va davlatidan rozi har bir inson bu — yuksalayotgan jamiyatning aniq va koʻzga koʻrinadigan natijasidir.
Qisqasi, jamiyatni yuksaltirish insonni qadrlash, fuqarolarning davlat va jamiyatga ishonchini mustahkamlashga qaratilgan strategik ehtiyojdir. Bu bir yillik kampaniya emas, balki uzoq muddatli tamadduniy jarayon. U inson ongi, ijtimoiy institutlar va davlat siyosati uygʻunligida amalga oshadi. Prezidentimiz ilgari surayotgan gʻoyalar ana shu uygʻunlikni taʼminlashga qaratilgan. Ularni hayotga tatbiq etish har bir fuqaroning faol ishtiroki tufayli samarali natija beradi.
Shuhrat ORIPOV,
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar
instituti tadqiqotchisi