Jarohatlangan quloq pardasi qayta tiklanmaydimi?

    Quloq nafaqat eshituv a'zosi, balki bosh miyaga eng yaqin organ hisoblanadi.

    Shu bois uning shikastlanishi, ayniqsa, quloq pardasining jarohatlanishi inson salomatligiga jiddiy xavf tugʻdiradi.

    — Quloq pardasi (nogʻora parda) tashqi va oʻrta quloqni bir-biridan ajratib turuvchi membrana hisoblanadi, — deydi Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Sanjar Mavlonov. — Uning asosiy vazifasi ovozni uzatishdan iborat. Nogʻora parda eshitish tizimining chuqurroq qismlariga ovozli tebranishlarning sifatini buzmagan holda yetkazib beradi.

    Shuningdek, quloq pardasi tashqi muhit taʼsirini sezuvchan boʻlib, uning lat yeyishi, teshilishi va yirtilishi eshitish qobiliyatining vaqtinchalik yoki qayta tiklanmas darajada yoʻqolishiga hamda oʻrta quloqqa infeksiya tushishiga sabab boʻladi.

    Xususan, quloq tozalayotganda tozalagichni ichkari oʻrta qatlamgacha kiritib yuborish yoki undagi yot jismlar, jumladan, turli hasharotlar nogʻora pardasiga zarar yetkazishi mumkin. Qolaversa, kuchli shovqin, havo bosimining oʻzgarishi, oʻrta quloqdagi oʻtkir yalligʻlanish, barotravma, ekssudativ, otit kabi kasalliklar ham ushbu muammoni keltirib chiqaradi. Quloq pardasi teshilganining oʻziga xos belgilaridan biri unda shovqin paydo boʻlishidir. Qolaversa, atrofdagi tovushlarni eshitish, nutq buzilishi, undan shaffof suyuqlik, qon yoki yiring oqishi, bosh aylanishini chaqiruvchi koʻngil aynishi va qayt qilish ham uning alomatidir.

    Koʻpchilik ushbu parda teshilsa, qayta tiklanmaydi, deb oʻylaydi. Biroq bu notoʻgʻri tushuncha. Statistik maʼlumotlarga koʻra, 55 foiz yorilgan nogʻora pardasi hech qanday aralashuvsiz mustaqil tiklanadi. Jarohatning bitib ketishi tanadagi har qanday shikastlanishda boʻlgani kabi tabiiy ravishda sodir boʻladi. Jiddiy klinik holatlarda esa jarrohlik amaliyoti oʻtkaziladi. Operatsiya umumiy yoki mahalliy anesteziya ostida oʻtkazilishi mumkin. Teshikni yopish jarayonida quloq suprasi ustidagi teri olinadi. Ushbu muolaja manipulyatsion mikroasboblar va oʻz-oʻzidan soʻriladigan choklarni qoʻllash orqali amalga oshiriladi.

    Tiklanish davrida qatʼiy rioya qilinishi kerak boʻlgan bir necha tavsiyalar mavjud. Birinchidan, burunni keskin qoqish, undan intensiv nafas olish va oʻrta quloqdagi bosimni kuchaytiruvchi boshqa harakatlarni bajarish mumkin emas. Shu bilan birga, bunday bemorlarga suzish tavsiya etilmaydi.

    Chunki quloqqa suyuqlik kirib ketmasligi kerak. Bundan tashqari, vaqtincha havo transporti bilan sayohat qilish tavsiya etilmaydi . Agar quloq pardasi teshilgan boʻlsa, paysalga solmasdan lor-shifokor nazoratida davolanish shart. Aks holda eshitish aʼzosiga turli infeksiyalar tushishi oqibatida yalligʻlanish jarayoni jadallashib ketishi mumkin. Bu esa asorati ogʻir boʻlgan boshqa xastaliklarga sabab boʻladi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    matbuot xizmati