Xoʻsh, yurtimizda epedimiologik vaziyat qanday? Xususan, ayni paytda Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida qancha bemor bola va homilador ayol davolanmoqda? SSV Matbuot xizmatining ushbu savollariga muassasa direktori Anvar HUSANOV javob berdi.

— Bilamizki, koronavirus oʻta yuqumli xastalik boʻlib, boshqalarga qaraganda homilador ayollar uni yuqtirishga ancha moyil, — deydi shifokor. — Sababi boʻlajak onalarda homiladorlik tufayli immunitet pasayib ketadi. Qolaversa, ushbu infeksiya bolalarni ham tez-tez zararlaydi.

Xususan, hozirgi kunda shifoxonamizda davolanayotgan bemorlarning 155 nafarini bolalar hamda 23 nafarini chaqaloqlar tashkil etadi. Jonlantirish boʻlimida 4 nafar bola shifokor va hamshiralar nazorati ostida davo muolajalarini olmoqda.

Shuningdek, muassasada 170 nafar homilador ayol davolanyapti. Eʼtiborlisi, joriy yil boshidan buyon shifoxonamizda 147 nafar chaqaloq dunyoga keldi.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili ushbu muassasada 442 nafar chaqaloq dunyoga kelgan edi.