Bu haqda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, 2022-2023-yillarda sement ishlab chiqarish boʻyicha amalga oshiriladigan investitsion loyihalarning manzilli roʻyxatiga koʻra Andijon viloyatida 2 ta, Jizzax viloyatida 1 ta, Qashqadaryo viloyatida 1 ta, Navoiy viloyatida 1 ta, Namangan viloyatida 2 ta, Samarqandda 2 ta, Toshkent viloyatida 1 ta, Fargʻona viloyatida esa 2 ta yangi sement zavodlari barpo etish rejalashtirilgan.
«Tahlillarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2016-yil yakuni bilan Respublikamizda 8,6 mln tonna sement ishlab chiqarilgan. 2021-yilda 14,2 mln tonna, 2022-yilda esa bu koʻrsatkich 15,2 mln tonnani tashkil etishi kutilmoqda.
Shu jumladan, mamlakatimizda yuqori markali sement ishlab chiqarishga ham alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, hozirgi kunda sanoat korxonalarida 5 mln tonnadan ortiq yuqori markali sement ishlab chiqarish imkoniyati mavjud», – deydi Jamshid Shermetov.
Maʼlum qilinishicha, hozirgi kunda respublika boʻyicha sement ishlab chiqarish quvvatlari 27,1 mln.tonnani tashkil etadi.
2022-yilning oʻtgan 10 oy davrida 9,5 mln. dollarlik sement eksport qilinib (import hajmi 1,9 mln tonna), birja savdolari orqali 6 mln 37 ming tonna sement sotilishi taʼminlangan.
Shuningdek, joriy yil 1-choragida tabiiy gaz tanqisligi kuzatilgani bois ushbu davrda 1,8 mln tonna sement ishlab chiqarilmagani aytildi.