Natijada hududda ilgari boʻlmagan qurilish materiallari, farmatsevtika, charm, oziq-ovqat sanoati kabi yangi tarmoqlar rivojiga keng yoʻl ochilmoqda. Xususan, viloyatda qurilish materiallari ishlab chiqarish yoʻnalishida 274 ta loyiha amalga oshirildi. Bugungi kunda tarmoq hudud iqtisodiyotining drayveriga aylanyapti, desak xato boʻlmaydi. Ayni paytda viloyat sanoatida mazkur soha ulushi 7 foizdan oshgani buning tasdigʻidir.
Shu yil aprel oyida viloyatda 6 ta yangi korxona — “River med farma”, “Yevroaziya gaz beton”, “Modern marbel”, “Peng Sheng charm”, “Toshkent siti gold blok” hamda “Inter treyding-grup” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari ishga tushirilgan edi. Yaqinda biz ana shulardan biri — “Yevroaziya gaz beton” MCHJda boʻlib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdik, korxona ishchi-mutaxassislari bilan suhbatlashdik.
Korxona darvozasidan kirib borar ekansiz, hovlidagi saranjomlik eʼtiborni tortadi. Vaholanki, ayrim shunday ishlab chiqarish hududlarida aynan shu narsa yetishmaydi. Ish qatʼiy tartib va intizom asosida olib boriladi. Shunday boʻlmasa, ish yurishmaydi, belgilangan reja vaqtida bajarilmaydi. Jamoa bunga qatʼiy amal qiladi.
— Kichik bir eʼtiborsizlik ishlab chiqarilgan mahsulot sifati, butun bir faoliyatga salbiy taʼsir qilishi mumkin, — deydi korxonaning aynan shu jihatlariga masʼul xodimi, turkiyalik mutaxassis Sinan Oʻgʻuz Terzi. — Mahsulot olti bosqichda tayyor holga keladi. Yaʼni, avvalo, qum tegirmonda maydalanadi, keyin sement, ohak va gips bilan aralashtirilib, qorishma tayyorlanadi. Shundan soʻng yarim tayyor mahsulot qoliplanib, kerakli hajmda kesiladi, pechkada quritiladi, oxirida esa qadoqlanadi. Bular uchun 15 soat vaqt ketadi.
Eʼtiborlisi, sement, ohak, gips va qum kabi zarur xomashyoning 99 foizi Oʻzbekistonda mavjud. Faqatgina alyumin kukuni boshqa davlatlardan keltiriladi. Lekin u gazobeton uchun unchalik koʻp ishlatilmaydi.
Zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati 432 ming metr kub boʻlib, loyihaning maqsadi yurtimizda gazobeton mahsulotlar ishlab chiqarish kompleksini tashkil qilishdir.
— Loyihamizning umumiy qiymati 28,9 million dollar boʻlib, shundan 15,4 million yevro va 928 ming dollari “Mikrokreditbank” ATB tomonidan ajratilgan kreditdir, — deydi korxona taʼsischisi Sherzod Vafoyev. — Korxonada 150 ta yangi ish oʻrni yaratilgan, bu yerda oʻziga xos garizontal kesish texnologiyasi asosida mahsulot tayyorlanadi. Bunda Niderlandiyadan keltirilgan zamonaviy texnologiya qoʻl kelmoqda. Oldinda ish faoliyatimizni kengaytirishga doir yangi rejalarimiz bor. Ularni roʻyobga chiqarishda bizga berilgan ishonch va qoʻllab-quvvatlov katta kuch beradi, deb oʻylayman.
Darhaqiqat, loyiha pishiq-puxta boʻlsa, amaliy natijasi ham samarali boʻladi. Shu jihatdan ushbu loyihani istiqbolli, desak arziydi. Negaki, bugungi kunda dunyo qurilish sanoatida resurstejamkor, unumli va zamonaviy mahsulotlarga talab tobora ortib bormoqda. Xususan, gʻisht oʻrniga gazobetondan foydalanish keng ommalashgan.
Shu oʻrinda mazkur qurilishbop mahsulotga biroz izoh berib oʻtsak. Gazobeton gʻovak (teshik-teshik) betonning bir turi boʻlib, zamonaviy qurilish materiali hisoblanadi. Uni “sunʼiy tosh”, deb ham atashadi. Oddiy betondan farqli shuki, tuzilishida 1-3 millimetrli pufaklar mavjud, ular tufayli beton yengil, yetarli darajada mustahkam, issiq va sovuqdan yaxshi himoyalash xususiyatlariga ega boʻladi.
Bir metr kub gʻisht 1800-2000 kilogramm tosh bossa, shu hajmdagi gazobetonning ogʻirligi esa atigi 500-700 kilogramm keladi, xolos. Ayni shu omil zilzilada xavfsizroq hisoblanadi, talafot kamroq boʻlishini taʼminlaydi.
Qolaversa, u pishgan gʻishtdan ancha yirik. Bu esa qurilishda ish unumdorligini oshiradi. Shuningdek, tayyorlash jarayonida tabiiy gaz 8-marta kam sarflanadi, energiyatejamkor. Eng asosiysi, unumdor tuproqning ishlatilmasligi bilan pishiq gʻishtdan bir necha marotaba afzaldir.
Mana, nima uchun ushbu mahsulot xaridoru quruvchilar eʼtiboriga tushmoqda. Bozorbop, qurilishbop, zarur tovarga aylanmoqda.
Parallel rivojlanish yangi loyihalarga yoʻl ochmoqda
Bunyodkorlik ishlari kengaygani sari qurilish materiallariga ehtiyoj ham ortib boraveradi. Oʻzbekistonda bugun mana shu ikki tarmoq parallel rivojlanmoqda. Yaʼni qurilish bor, shunga yarasha yangidan yangi sanoat korxonalari barpo etilyapti. Bu borada joriy yil 10-yanvar kuni sanoatni rivojlantirish hamda qoʻshimcha zaxiralarni aniqlash masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham alohida taʼkidlandi.
Mamlakat iqtisodiyoti va aholi bandligida sanoat juda katta oʻrin tutadi. Bu sohaga zarur sharoit yaratish maqsadida soʻnggi yillarda 19 ta erkin iqtisodiy zona va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etildi, ularning infratuzilmasiga 10 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Shuningdek, toʻqimachilik, kimyo, qurilish materiallari, charm, farmatsevtika, elektr texnikasi kabi tarmoqlarni drayverga aylantirish uchun 3 milliard dollar moliyaviy resurs ajratilgani aytilgandi oʻsha yigʻilishda.
Natijada oxirgi besh yilda sanoat korxonalari soni 2 barobar koʻpayib, 100 mingtaga yetdi, ishlab chiqarish hajmi 1,4 barobar oshdi.
Bu hududlar rivojiga ijobiy taʼsir qilmoqda. Jumladan, Jizzaxda ilgari boʻlmagan qurilish materiallari, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi yangi tarmoqlar paydo boʻldi. Birgina qurilish materiallari boʻyicha 220 ta loyiha ishga tushirilib, viloyat sanoatida bu sohaning ulushi 20 foizdan oshdi.
Samarqand, Sirdaryo, Namangan va boshqa hududlarda metallni qayta ishlash boʻyicha 19 ta yirik loyiha amalga oshirilgan. Namanganda tashkil etilgan 54 ta yangi kichik sanoat zonasida 2022-yilda 3 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning birinchi choragida jami 5,1 trillion soʻmlik qurilish materiallari ishlab chiqarilgan. Uyushma tarkibidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari qiymati esa 2 trillion 158,7 milliard soʻmni tashkil etgan.
Ichki bozorda qurilish materiallarining narxi, xususan, sement bahosi keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida birja savdolariga kunlik rejadagi 32 ming tonna oʻrniga 40 ming tonna sement qoʻyilmoqda. Birja savdolarida bir oy muddatga kechiktirgan holda sement yetkazib berish boʻyicha forvard savdo turi joriy etildi. Birjadan sotib olinadigan sementni avtomobil transportidan foydalangan holda yuklab joʻnatish muddati 2020-yil 1-iyulidan boshlab 10 kundan 5 kungacha qisqartirildi.
Ichki bozorda sement narxi barqarorligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori asosida import sement olib kirish tartibi soddalashtirildi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-fevraldagi farmoyishi bilan 2023-yilda sement ishlab chiqarish va isteʼmol qilish balansining parametrlari tasdiqlandi. Unga koʻra, joriy yilda 17 million tonna sement ishlab chiqarish va shundan 7,6 million tonnasini birja savdolari orqali sotish belgilangan.
Bugungi kunda birja savdolarida 1 tonna sementning oʻrtacha narxi 654,5 ming soʻmni, 1 kvadrat metr qurilish oynasining narxi 47,5 ming soʻmni, 1 dona shifer narxi esa 55 ming soʻmni tashkil etmoqda.
Qurilish materiallari eksporti geografiyasi anʼanaviy hisoblangan bozorlar, yaʼni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikistondan tashqari Ozarbayjon, Turkiya, Kanada, Ruminiya hisobiga kengaygan.
Qurilish jarayonida energiyatejamkor, innovatsion qurilish materiallaridan foydalanish bino-inshootning tannarxi arzon boʻlishi hamda qurilish ishlarini tez, sifatli amalga oshirishda muhim omil boʻlib xizmat qilayotgani bor gap.
Obyekt devorlarini koʻtarishda, asosan, pishgan gʻishtdan foydalanilsa-da, soʻnggi yillarda ishlab chiqarilayotgan yangi turdagi mahsulotlar ushbu materialdan foydalanishni kamaytirishga olib kelmoqda. Mutaxassislar fikricha, pishiq gʻishtdan qurilgan uy yaxshi, lekin qurilish narxi qimmatga tushadi.
Qolaversa, qurilish muddati uzoq boʻlib, bino fasadi suvoq talab qiladi. Bu suvoq yillar oʻtib, yorilishi, tushishi oqibatida bino koʻrinishi xunuklashib qolishi mumkin. Qaytadan taʼmirlash esa yana xarajat talab qiladi.
Shuning uchun gʻisht oʻrnini bosa oladigan pishiq, arzon va qurilish ishlari muddatining qisqarishiga xizmat qiluvchi, istalgan muddatda ham bino fasadining buzilishiga yoʻl qoʻymaydigan material topishga boʻlgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Yaʼni zamonaviy bunyodkorlik zamonaviy mahsulotlarni talab etyapti.
Dilshod ULUGʻMURODOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri