Yerlardan oqilona, samarali va belgilangan maqsadda foydalanishni taʼminlash, yerlarni muhofaza qilish, yer bilan uzviy bogʻlangan Davlat kadastrlari yagona tizimini toʻlaqonli yuritish davlatning dolzarb vazifalaridandir.

Yer - umummilliy boylik. Soʻnggi yillarda ushbu resursdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, yer munosabatlari sohasida qonuniylikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali yer ajratish tartibining ochiqligi va shaffofligi ortib bormoqda, sohada byurokratik toʻsiqlar bartaraf etilmoqda.

Afsuski, yer bilan bogʻliq munosabatlarda talon-torojliklar roʻy bermoqda. Korrupsiya ushbu sohada ham avj olgan. Har kuni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yerni noqonuniy sotish bilan bogʻliq holatlar boʻyicha maʼlumotlardan xabardor boʻlyapmiz. Hanuzgacha, yer resurslarini talon-toroj qilish, oʻzboshimchalik bilan egallash va noqonuniy sotish holatlari kuzatilmoqda.

Jumladan, 2020-yilda 67 nafar Kadastr agentligi mansabdor shaxsiga nisbatan 46 ta jinoyat ishi koʻrib chiqish uchun sudlarga yuborilgan boʻlib, yetkazilgan zarar miqdori 550 mln soʻmni tashkil etgan. Bundan tashqari, 2021-yilning oʻtgan olti oyi davomida esa Kadastr agentligining 48 nafar xodimiga nisbatan 24 ta jinoyat ishi ochilgan. Natijada davlat va jamiyat manfaatlariga 1,3 mlrd soʻm miqdorda zarar yetkazilgan.

Birgina 2020-yilda respublika boʻyicha 50 mingga yaqin holatda 11 200 gektar yer oʻzboshimchalik bilan egallangan, shundan 3 200 gektarda noqonuniy uy-joy qurilgan. Bularning 99 foizi sugʻoriladigan, unumdor qishloq xoʻjaligi yerlari hisoblanadi.

Shuningdek, 2021-yilning oʻtgan yetti oyi mobaynida 11 214 ta holatda 2 000 gektardan ortiq yer maydoni oʻzboshimchalik bilan egallab olingan.

Masalan, oʻzboshimchalik bilan egallash holatlari Namangan viloyatida 1800 ta, Toshkent shahrida 1661 ta, Toshkent viloyatida 1464 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 874 tani tashkil etgan. Bu boshqa hududlarga nisbatan ancha yuqoridir.

Mutasaddi idoralar tomonidan esa ushbu qonunbuzilish holatlarining bor-yoʻgʻi 1188 tasi yoki 10,5 foizi bartaraf etilgan xolos.

Kadastr bazasida davlat roʻyxatidan oʻtmagan 2 mln 746 mingdan ortiq koʻchmas mulk obyektining egalik huquqi belgilanmagan. Bu kabi salbiy holatlarning asosiy qismi Qashqadaryo viloyatida 517 792 ta, Samarqand viloyatida 462 558 ta, Surxondaryo viloyatida 339 393 ta, Namangan viloyatida 315 452 tani tashkil etmoqda.

Shuningdek, mutasaddi idoralar tomonidan geografik obyektlar nomlarini davlat reyestriga kiritish ishlari oxiriga yetkazilmaganligi oqibatida respublika boʻyicha 1 123 ta koʻcha nomsiz qolgan. Bu esa, oʻz navbatida, turli tashkilotlar, xususan, tez tibbiy yordam koʻrsatish muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan fuqarolarning yashash manzillarini aniqlashda qiyinchiliklarni vujudga keltirmoqda, natijada aholining haqli eʼtirozlari yuzaga kelmoqda.

Yer uchastkalarini fermer xoʻjaliklariga uzoq muddatli ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablari tuman hokimliklari va kadastr boʻlimlari tomonidan toʻliq bajarilmagan.

Xususan, respublika boʻyicha 2021-yil 5-avgust holatiga koʻra, 90 690 ta fermer xoʻjaligidan 2 916 tasi bilan ijara shartnomasi toʻliq rasmiylashtirilmagan. Bu esa, oʻz navbatida fermer xoʻjaliklari va tuman hokimliklari oʻrtasida yer bilan bogʻliq turli nizolar kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.

Kadastr agentligi tomonidan oʻz faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlashda ham qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.

Birgina Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar (data.gov.uz) bazasida joylashtirilishi lozim boʻlgan umumiy maʼlumotlarning 55,5 foizi oʻz vaqtida joylashtirilmagan.

Yalpi majlisda ushbu sohada aniqlangan kamchiliklar borasida tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilishi boʻyicha Kadastr agentligiga tavsiya va takliflar berildi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati