Kambagʻallikka qarshi kurashish – global vazifa

    BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi, unda bildirilayotgan fikr-mulohazalar, taklif va tashabbuslar butun dunyo xalqlari hamda davlatlari uchun tarixiy ahamiyatga ega boʻladi.

    Sessiya boshlanishida BMT Bosh kotibi, janob Antoniu Guterrish geostrategik munosabatlardagi taranglik, iqlimning keskin oʻzgarishi, xalqaro maydondagi ishonchsizlik muhiti, raqamli texnologiyalarning mavhum jihatlari bilan bogʻliq muammolarga yana bir muammo – koronavirus pandemiyasi qoʻshilishi oqibatida dunyodagi vaziyat borgan sari ogʻirlashib ketayotganini, xususan, tengsizlik va kambagʻallik xavfi koʻpayganini alohida taʼkidladi.

    Pandemiya keltirib chiqargan oʻta murakkab holat nafaqat insoniyat sogʻligʻiga, davlatlar, soha va tarmoqlar oʻrtasidagi ulkan aloqalarga, hatto odamlar orasidagi munosabatlarga, aytish mumkinki, insoniyat ruhiyatiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Dunyo tarixida avval hech qachon kuzatilmagan bunday sharoitda yangi gʻoya, yangi tashabbuslarning ahamiyati beqiyos.

    Shunday sinovli davrda oʻtayotgan BMT sessiyasida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning jahondagi eng yuksak minbardan turib xalqaro miqyosda dolzarb boʻlib turgan muammolarga yechim boʻladigan aniq taklif-tashabbuslarni ilgari surgani har bir yurtdoshimizni gʻururlantiradi, albatta.

    Xususan, davlatimiz rahbari BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etdi. Bu tashabbus qanchalik ahamiyatli ekanini, oʻylaymanki, jahon jamoatchiligi oʻz turmushi, pandemiya davridagi qiyinchiliklar misolida his etib koʻrdi. Oʻzbekiston rahbarining bu taklifi xalqaro jamoatchilik tomonidan faol qoʻllab-quvvatlandi, deb ishonaman.

    Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda pandemiya davridagi muammolarni tizim asosida yengish boʻyicha asosiy tashkilotchilik va masʼuliyatni zimmasiga olgan holda, bu borada namuna koʻrsatmoqda, deyishga asoslar yetarli.

    Endi ortga qarab oʻylab koʻraylik, xalqimiz, yangi islohotlarni ishonch bilan boshlayotgan davlatimiz bu yil ogʻir sinovlarga duch keldi. Resurs va imkoniyatlar cheklangan, yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarni qisqa fursatda hal qilishga toʻgʻri kelayotgan chigal vaziyatda Prezidentimizning davlat idoralari va jamoatchilikni yagona maqsad yoʻlida birlashtirish, eng avvalo ehtiyojmandlarga yordam koʻrsatishga undash boʻyicha betakror yetakchilik qobiliyati namoyon boʻldi. U kishi haqiqiy yetakchi sifatida butun masʼuliyatni zimmasiga olib, noyob irodasi bilan yurtimizda ijtimoiy barqarorlikni asrab qolishga, uni yana-da mustahkamlashga erishib kelmoqda. Birdamlik va oʻzaro gʻamxoʻrlik hissi ustuvor jamiyatdagina har qanday muammolarga yechim topiladi.

    Pandemiya uzoqqa choʻzilishi, karantin cheklovlari bilan bogʻliq vaziyat qanday tus olishi aniq boʻlmagan qiyin davrda aholining kam daromadli, ehtiyojmand qatlami eng koʻp aziyat chekmoqda. Mamlakatimizda koronavirusga qarshi kurash, pandemiya oqibatlarini yumshatish maqsadida qabul qilingan har bir qaror va farmonlarda ana shu qatlamga, BMT Bosh kotibi alohida taʼkidlagan masalaga birinchi darajali eʼtibor qaratilmoqda.

    Masalan, Prezidentimizning joriy 30-iyulda qabul qilingan farmoniga muvofiq, byudjetdan qoʻshimcha 2 trillion soʻm ajratilib, ushbu mablagʻlar 1 million 700 ming yordamga muhtoj aholi, 3 million 700 ming pensioner va yil yakuniga qadar qoʻshimcha 500 ming ijtimoiy nafaqa oluvchilarga yoʻnaltirilishi belgilandi. Davlatimiz rahbarining yana bir qarori bilan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” joriy etilmoqda. Ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni ikki barobar koʻpayib, joriy yil oxiriga qadar 1 million 200 ming, 2021-yilda esa 1 million 500 minggacha yetkazilishi belgilangan. Ijtimoiy yordam bir xil mezon va bir xil hujjat asosida berilishi koʻzda tutilgan. Kelasi yil 1-yanvardan boshlab, kam taʼminlangan oila maqomini olish uchun hozirgidek 12 ta idoradan 30 dan ziyod maʼlumotlar talab etilmaydi, 30 turdagi ijtimoiy yordam va xizmatlarni oson taqdim etish choralari koʻriladi.

    Mamlakatimiz tarixida birinchi marta kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha alohida vazirlik tuzilib, ishsiz aholini kasb-hunarga oʻqitish, turli shaklda subsidiyalar berish, yangi ish oʻrinlari yaratilishini qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tengsizlikning oldini olish boʻyicha keng koʻlamli dasturlar amalga oshirilmoqda, buning uchun davlatning ulkan resursi yoʻnaltirilgan, parlament, ijro hokimiyati, vazirliklar, mahalliy vakillik idoralari muhtoj oilalarga daromad manbaini yaratish uchun hamjihatlikda harakat qilmoqda. Bu boradagi ishlar davlatimiz rahbari ilgari surgan yana bir tashabbus – qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurash BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyada asosiy mavzulardan biri sifatida belgilanishi haqidagi taklif bilan hamohangdir.

    Pandemiya qurshovida qolgan dunyoda eng muhim masalalardan boʻlgan insonning ijtimoiy himoyasini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekistonda Prezidentimiz boshchiligida misli koʻrilmagan islohotlar boshlangan. Xalq demokratik partiyasi oʻz gʻoyalariga muvofiq ravishda mamlakatimizda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, kambagʻallikka qarshi kurash yoʻlidagi islohotlarni faol qoʻllab-quvvatlaydi, ayni vaqtda bu borada belgilangan vazifalar samarali amalga oshishi, taʼsirchan parlament va deputatlik nazorati oʻrnatilishi uchun qatʼiy kurashadi.

    Ulugʻbek Inoyatov,

    Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari