Shunda Saʼdi Sirojiddinov boʻshab qolgan kafedra mudiri oʻrnini toʻldirish uchun milliy kadr qidira boshlaydi. Bu orada kafedra yopilishi ehtimoli paydo boʻladi. U davrlarda kafedra yopilsa, qayta ochish uchun Moskvadan ruxsat olish kerak boʻlar, buning uchun esa bir necha yil ketishi turgan gap edi.

XX asrning ikkinchi yarmida yurtimizda oʻz sohasida ilmiy maktab yaratgan, jahon ilm-fan olamida eʼtirof etilgan allomalarimizni hanuz faxr bilan eslaymiz. Bu mavzuda soʻz yuritganda, albatta, matematik olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi Saʼdi Sirojiddinovni  eslab oʻtmay iloji yoʻq. Zotan, yuksak ilmiy salohiyatli olim, faqat buyuk matematik boʻlgani uchungina emas, yurtimiz ilm-fan sohasini yuksaltirish, xalqimiz, millatimiz vakillaridan malakali va yetuk kadrlar tayyorlashdagi fidoyiligi uchun ham katta hurmat-eʼtibor qozongan. U oliy taʼlimdagi pedagoglik faoliyati davomida milliy kadrlar  shaʼni va qaddini koʻtarish uchun ham kurashib, katta oʻzgarishlarni amalga oshira bildi.

Esimda, 1965-yili 3-kursda oʻqib yurgan kezimiz kursdoshim Riqsivoy Yusupov fizika fakultetning optika kafedrasiga yarim stavkada laborant boʻlib ishga joylashganini xursand boʻlib aytar ekan: “Bilasizmi Mansur, ushbu kafedrada mengacha birortayam oʻzbek boʻlmagan. Barcha domlalar rusiyzabon, kafedra mudiri esa Notsenko degan dotsent ekan”, dedi. Shundan soʻng fakultetimizdagi boshqa kafedralar mudirlari kimligi haqida fikrlasha boshladik. Radiofizikada — Lyubensov, umumiy fizikada — Andreyev, elektronikada — fan nomzodi, professor Shuppe, yarim oʻtkazgichlar fizikasida — professor Gedeon Avakyans, astrofizikada — akademik Sheglov, yana qaysinisidadir Revzin, yadro fizikada yana kimdir... Gapning qisqasi, biror-bir kafedra mudiri oʻsha paytda oʻzbek tugul qozoq yoki tatar ham emas edi. Fakultetimiz dekani esa B.Smirnov edi.

1966-yili 4-kursni tugallayotgan kezlarimiz ToshDU (hozirgi OʻzMU)ga akademik Saʼdi Sirojiddinov rektor etib tayinlandi. Domla kelishi bilan ketma-ket yangiliklarga qoʻl ura boshladi. Jumladan, universitet xodimlari uchun uy ajratilishiga erishdi. Oʻsha pallada oʻz uylaridan nisbatan yaxshiroq kvartira olishga elektronika kafedrasi mudiri Shuppe hamda yarim oʻtkazgichlar kafedrasi mudiri Gedeon Avakyans daʼvogarlik qilishgan. Biroq Saʼdi aka bunga unamaydi. Natijada ular bizdek olimga yon bosmading, deya rektorga achchiq qilib, ikkisi ham oldinma-ketin Oʻzbekistondan ketib qoladi. Keyinchalik hamyurtlarimizdan biri Yerevanga borganida Avakyans Toshkentda oʻtgan yillarini eslab, oʻkinib yigʻlagan ekan. Shuppe esa Ryazan shahriga ketgan, biroq u yerda ham el boʻlib ketmaydi...

Ikki olim ketgach, ortidan shogirdu izdoshlari ham boshqa yurtlarga joʻnaydi. Natijada kafedralarni boshqarishga tegishli sohalarda fan nomzodi darajasiga ega mutaxassis topilmay qoladi. U paytlari nazariy fizika bilan shugʻullanuvchi olimlarning alohida kafedrasi boʻlmay, yarim oʻtkazgichlar kafedrasi shtatida dars berib yurardi. Shunda Saʼdi Sirojiddinov boʻshab qolgan kafedra mudiri oʻrnini toʻldirish uchun milliy kadr qidira boshlaydi. Bu orada kafedra yopilishi ehtimoli paydo boʻladi. U davrlarda kafedra yopilsa, qayta ochish uchun Moskvadan ruxsat olish kerak boʻlar, buning uchun esa bir necha yil ketishi turgan gap edi.

Kafedrani saqlab kolish maqsadida Nukus davlat universitetidan iltimos qilib, dotsent Yembergen Jaqsimov bir yilga olib kelinadi. U yarim oʻtkazgichlar kafedrasiga mudir qilib tayinlangan. Shu yoʻl bilan kafedra saqlab qolinadi.

Rektorat kafedra mudirligiga nomzod Alisher Teshaboyevning fan nomzodi dissertatsiyasini yoqlashini tezlashtiradi. Nihoyat yosh olim fan nomzodi diplomini qoʻliga olgach, kafedra mudiri etib tayinlanadi.

Yangi oʻquv yilidan Nizomiy nomidagi pedagogika instituti (hozirgi universitet) dotsenti Rahmatulla Mallin fizika fakultetida dekan lavozimida ish boshladi. Sipo, salobatli  bu insonni 5-kursda diplom ishini yoqlayotganimizda birinchi marta koʻrgandim. U oʻz paytida Stalin qatagʻoniga uchragan oʻzbek olimlaridan edi. Chamamda, Mallin uning taxallusi boʻlgan. U bilimli, dadil va jurʼatli boʻlgani bilan koʻpchilikning nazariga tushgan.

 Oʻshanda umumiy fizika kafedrasiga assistent qilib ishga olingandim. Dekanatda Rahmatulla Mallin olib borgan yigʻinlarda ham bir necha marta ishtirok etganman. Oʻshanda ham oʻzlarini “katta ogʻa” deb hisoblaydigan ayrim olimlar turli bahona bilan Mallindan ayb qidirib, uning fakultetdagi faoliyatidan norozi ekanligini aytishardi.  Rahmatulla Mallin soʻzga chechan, oqil, rus tilida biyron gapira olishi sababli eʼtiroz bildiruvchilarning popugini pasaytirib qoʻyardi. Holbuki, u  biror marta ham hech kimga poʻpisa qilmagan. Aksincha, opponentlarining fikri xato boʻlsa, buni qator misollar bilan isbotlab berish orqali adolat qaror topishiga erishardi.

1969-yilga kelib, elektronika kafedrasini Adham Odilov, radiofizikani — Hojimuhamedov, umumiy fizikani — Gʻiyos Umarov, yarim oʻtkazgichlar kafedrasini — Alisher Teshaboyev, nazariy fizikani Raxmatilla Mallin boshqara boshladi. Qisqasi, Saʼdi Hasanovichning rektorlik davrida fizika fakultetidagi barcha kafedralar mudirligini oʻzbek pedagoglari  boshqara boshladi.  Yarim oʻtkazgichlar kafedrasi ikkiga ajralib, biri yarim oʻtkazgichlar, ikkinchisi nazariy fizika kafedrasi boʻldi. Nazariy fizika kafedrasini R.Mallin boshqara boshladi. Rektor yuqori darajadagi ilmiy ishlari, pedagoglik faoliyati uchun olimga professor ilmiy unvoni berilishiga erishdi. Bular juda ham katta ijobiy oʻzgarishlar edi. Vaqti kelib, Alisher Teshaboyevga ham professor ilmiy unvoni berildi. Oʻz navbatida, professor ham kafedraning bir necha yetuk yosh mutaxassislarini oʻsha davrdagi ilmiy markazlarga aspiranturada oʻqishga yubora boshladi. Bunday holatlar universitetning barcha fakultetlarida ham kuzatilganiga mutlaqo shubham yoʻq. Umuman,  bu ijobiy oʻzgarishlarning barchasiga rektor bosh edi.

Oʻsha yillari universitetga respublika rahbari Sharof Rashidov ham  tez-tez borgani va rektor Saʼdi Sirojiddinovning ushbu ijobiy oʻzgarishlariga yuqori baho berganinini  eshitganman.

Avvaliga kursdoshlarim Muhammadkabir Bahodirxonov hamda Qahhor Abdurahmonov Leningraddagi Yarim oʻtkazgichlar fizikasi institutiga joʻnatildi. Ulardan biroz keyin qozoq yigiti Serek Kumekov Leningrad fizika-texnika institutiga yuborildi. Serek fan doktori boʻlgach, Qozogʻistonga koʻchib ketdi hamda Fanlar akademiyasi akademigi boʻldi. Oʻsha paytda undan avvalroq joʻnatilgan qozoq yigiti Xudayberdi Abduvohidov ilmiy ish olib borayotgan edi. Izlanish qilishi uchun unga barcha sharoit yaratildi.

1969-yilning kuzida men bilan ayolimni ham Leningradga yuborishdi. Hozir shular haqida oʻylasam, milliy kadrlarni tayyorlash uchun oʻsha yillardagi universitet rahbariyati naqadar vatanparvarlik, fidoyilik qilganiga, millatimiz kelajagi uchun yonib yashaganiga tan beraman. Yashash uchun joylashib olgan kezlarimiz yarim oʻtkazgichlar kafedrasining Toshkentdan diplom himoyasiga chiqqan oʻndan ortik talabasi Leningradga keldi hamda biz turgan yotoqxonadan joy oldi. Koʻp oʻtmay, ilmiy ishimiz qanday borayotganidan xabar olgani Alisher Teshaboyev kelib ketdi. Shunday xabar olishlar tez-tez boʻlib turar va domla bizga doim: “Siz bu yerga diplom ishi yozish uchungina kelmagansiz, balki keyinchalik fan nomzodi dissertatsiyasini yoqlashga yoʻl ochish, oʻzlaringizga ilmiy rahbar topish uchun kelgansiz. Aspiranturaga kelganlar faqat fan nomzodi boʻlish emas, keyinchalik fan doktori boʻlish uchun ham poydevor qoʻyaverishi kerak. Sira boʻshashmanglar, bir kunni ham bekor oʻtkazmanglar”, deya pand-nasihat qilardi. Domlaning oʻgitlari bekor ketmadi. A.F.Ioffe nomli Fizika-texnika institutida yurtdosh olimlarimiz: fan doktorlari, professorlar, akademiklar boʻlishdi. Koʻplab fan nomzodlari shu dargohda yetishdi. Shuningdek, Oʻzbeksitondan kelgan yuzdan ortiq talaba ham ushbu institutda diplom ishini muvaffaqiyatli yoqlagan. Bunday jarayon oʻsha davrning eng yetuk ilmiy markazlari bilan hamkorlikda olib borildi. Bu saʼy-harakatlar ortida ham Saʼdi Sirojiddinov turardi.

Umuman, 1956-yildan 1982-yilgacha boʻlgan davrni xalqimizning milliy tiklanish, qaddini koʻtarishga kuchli intilish, kuchli kurash davri boʻlgan degim keladi. Xalqimizning ushbu milliy tiklanish davrida, ayniqsa, amalini ham, jonini ham yoʻqotishdan qoʻrqmay, jonbozlik qilgan olimlar — Habib Abdullayev, Saʼdi Sirojiddinov, Sodiq Azimov, Toshmuhammad Sarimsoqov, Poʻlat Habibullayev, Vosil Qobulov, Hamid Sulaymon, Ibrohim Moʻminov, Toshmuhammad Oʻrozboyev, Rahmatulla Mallin, Alisher Teshaboyev kabi fidoyi olimlarimizning xizmati katta. Ularning safi juda keng edi. Shuning uchun oʻsha pallani bir ogʻiz jumla bilan “Oʻzbek ziyolilarining uygʻonish davri”, deya atagan boʻlardim. Basharti, oʻsha uygʻonish boʻlmaganida edi, davlatimiz mustaqillikka erishganidan keyin olimlar yetishmovchiligidan koʻp aziyat chekishi turgan gap edi.

Saʼdi Sirojiddinovning ilmiy ishlari koʻp, ular asosan oʻzgaruvchili klassik koʻphadlarning muhim xossalariga bagʻishlangan. Olimning baʼzi yoʻnalishdagi tadqiqotlari 1950-yillarda Toshkent matematika maktabining yanada yuksalishiga olib keldi. U ehtimollar nazariyasi sohasidagi yutuqlarni matematik statistikada qoʻlladi.

Oʻtgan asrning 60-yillarida Saʼdi Sirojiddinov va shogirdlari oʻzaro bogʻliq boʻlmagan hamda Markov zanjirini tashkil qiluvchi tasodifiy miqdorlar va tasodifiy vektorlar yigʻindisi uchun limit teoremalarga doir muhim masalalarni hal qildi. Shu masalalar bilan bogʻliq tekis baholashlarga oid tadqiqotlari katta tatbiqiy ahamiyatga ega. Olim ommaviy xizmat koʻrsatish nazariyasi, statistikaning turli sohalari, statsionar jarayonlar nazariyasi va boshqa sohalarda ham keng koʻlamda tadqiqot olib borgan.

Markaziy Osiyo mutafakkirlarining ilmiy merosini oʻrganishda, mintaqa, xususan, mamlakatimiz uchun yuqori malakali matematik mutaxassislar tayyorlashda akademikning xizmati katta. Shu bilan birga, yosh matematiklar maktabini tashkil etish, shu yoʻnalishda olimpiadalar  oʻtkazishga muayyan hissa qoʻshgan. Sohadagi yuksak xizmatlari eʼtirof etilib,  1966-yili Bernulli nomidagi xalqaro matematik statistika va ehtimollar nazariyasi jamiyati (Niderlandiya)ning haqiqiy aʼzosi etib saylangan.

Domlaning xalqimiz kelajagi yoʻlida qilgan xizmatlari ulkan. U millatimizga, ilm-fanga jonkuyar inson sifatida betinim ishlagan, kurashgan. Saʼdi Sirojiddinov doktorlik dissertatsiyasini yoqlagandan soʻng ustozining tavsiyasi bilan 1953–1956-yillarda M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining mexanika-matematika fakulteti professori boʻlgan.

Domla buyuk boʻlish birga juda ham odmi, kamtar inson boʻlgani xususida xalq orasida turli gap-soʻzlar yuradi. Aytishlaricha, bir kuni Saʼdi Hasanovich poyezdda Toshkentdan Moskvaga joʻnaydi. Oʻttiz yoshdagi professorga toʻrt kishilik kupening pastki qavatidan joy berilgan edi. Ittifoqo, oʻsha kupega barvasta, galstuk taqqan, bashang kiyingan olifta oʻzbek yigiti kiradi-da: “Qani, yigitcha, kattalarni hurmat qilmaysanmi? Darrov tepaga chiqib, menga joyni boʻshat-chi”, deydi. Saʼdi aka hech eʼtirozsiz, tepadagi oʻringa joylashib oladi. Moskvaga yetib borishgach, haligi olifta: “Qani, xayrlashish oldidan tanishib olaylik: men Falonchi Falonchiyev, MGU (Moskva davlat universiteti) aspiranti”, deya Saʼdi aka tomon qoʻlini uzatadi. Shunda domla ham sherigining qoʻlini siqaturib: “Tanishganimdan xursandman, men MGU professori Saʼdi Hasanovich Sirojiddinovman”, deydi. Shunda haligi aspirant hangu mang boʻlib qoladi. Chunki u Moskva davlat universiteti professori Sirojiddinov haqida eshitgan, lekin oʻzini birorta marta koʻrmagan ekan...

Mansurxon TOIROV,

fizika-matematika fanlari

doktori, professor