Soʻnggi paytlarda suv resurslaridan samarali foydalanish va yoʻqotishlarni kamaytirish boʻyicha choralar koʻlami tobora kengayib borayotgani ana shu dolzarblik ortidagi saʼy-harakatlardir. Buni biz Qoraqalpogʻistondagi ishlar misolida ham koʻrishimiz mumkin.

Oqmangʻit kanalining Nukus tumanidagi 9,5 kilometr qismini betonlash uchun 9,5 milliard soʻm ajratilgan boʻlib, ushbu jarayonga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Oqmangʻit xoʻjaliklararo kanali oʻtgan asrning 60­yillarida ishga tushirilgan. Bu kanal jiddiy eʼtibortalab.

Kanal Kattagʻar magistral kanalidan suv olib, Nukus tumanidagi “Oqmangʻit”, “Kattagʻar” hamda “Darsan” ovul fuqarolar yigʻinlari hududlaridagi tomorqalar hamda 29 ta fermer xoʻjaligining jami 2850 gektar ekin maydoniga suv yetkazib beradi. Kanalni betonlash natijasida esa yillik hisobda 5 million 443 kub metr suv tejalishi rejalashtirilgan. Bu kich-kina raqam emas.

Taxtakoʻpir tumanidagi Eski Quvanish jarma kanalining 6,3 kilometr oraligʻini rekonstruksiya qilish ishlari ham belgilangan boʻlib, unga 9 milliard soʻm ajratilgan.

Kanalni betonlash natijasida tumandagi Daoʻir, Aydin jol va Taxtakoʻpir mahallalari tomorqalarini sugʻorish samaradorligi oshishi natijasida yilliga 5 million 443 kub metr suv tejalishi koʻzda tutilgan.

Nukus shahrining qoq markazidan oʻtuvchi Doʻstlik kanalini rekonstruksiya qilish, yaʼni belgilangan 4 kilometr qismida betonlash nihoyasiga yetkazildi. Ushbu ishlar “Kegeylimaxsussuvpudrat” korxonasi tomonidan bajarildi. U Qoraqalpogʻiston shimolidagi eng yirik kanallardan boʻlib, uzunligi 25,2 kilometrni tashkil etadi. Kanal orqali Nukus shahri, Taxtakoʻpir, Qoraoʻzak, Kegeyli, Chimboy va qisman Nukus tumanlari ekin maydonlariga suv yetkaziladi.

Doʻstlik kanalida betonlash ishlari yakunlangach, keyingi kunlarda mazkur kanalga sekundiga 100 kub metrgacha suv berilib, hududning shimoliy tumanlarida shoʻr yuvish tadbirlari uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda.

Kanallarni betonlash orqali suv isteʼmolchilariga yoʻqotishsiz yetib keladi, vaqt tejaladi. Bundan, avvalo, xalqimiz, fermer va klasterlarimiz manfaatdor.

Joriy yilga belgilangan rejaga muvofiq, Qoraqalpogʻistonda kanallarni rekonstruksiya qilish, betonlash ishlari jadal davom etmoqda.

Ayni kunlarda Taxiatosh tumanidagi Eski Kenagas kanalini rekonstruksiya qilish ishlari qizgʻin olib borilmoqda. Bu ishlar “VORIS CHINA” qoʻshma korxonasi quruvchilari tomonidan amalga oshirilmoqda. Bugungi kungacha obyektning 1,44 kilometr qismida tuproq ishlari va 500 metr qismida betonlashtirish ishlari bajarildi.

— Ushbu kanalni betonlashtirish loyi­hasini ishlab chiqishda qator muhim masalalar eʼtiborga olindi, — deydi Taxiatosh tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori Odil Nazarov. — Loyihada tuproq hajmi nisbatan koʻpaydi, lekin kelgusida kanaldagi kam suv bilan ham koʻp fermerlar dalasi oʻzi oqar tizimda sugʻoriladigan boʻladi.

Shuningdek, Taxiatosh tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi jamoasi “Naymankoʻl” ovul fuqarolar yigʻinidagi Alibek salma arigʻiga quruq beton toʻshamalarini yotqizmoqda. Bu ham ichki sugʻorish tarmoqlarida suv yoʻqotishlarini kamaytirishga qaratilgan tadbirlarga yangicha yondashuvlarning biri boʻlmoqda.

Kegeyli tumanidagi Quvanish jarma irrigatsiya tizimi boshqarmasi tasarrufidagi magistral va xoʻjaliklararo sugʻorish tarmoqlarini tozalash, dambalarni taʼmirlash, gidrotexnik inshootlar, suv oʻlchash postlarini jihozlash boʻyicha ham aniq chora­tadbirlar amalga oshirilmoqda. Doʻstlik kanali dambasining 1,7 kilometr qismi ham taʼmirlanmoqda.

Nukus tumanida joylashgan Qoraqalpogʻiston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasiga qarashli nasos stansiyasida eski agregatlar oʻrniga zamonaviy energiya-tejamkor agregatlar oʻrnatilmoqda.

— Ushbu nasos stansiyasidagi 110 ki-lovatt­soat quvvatda ishlaydigan nasos agregati oʻrniga zamonaviy, yaʼni soatiga 22,5 kilovatt energiya sarflaydigan 3 dona qurilma agregat oʻrnatildi, — deydi Qoraqalpogʻiston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshligʻi Kenes Sariboyev. — Natijada soatiga oʻrtacha 87,5 kilovatt elektr energiyasi iqtisod qilinadi. Nasos agregatlari oʻrtacha yiliga 2100 soat ishlaydigan boʻlsa, jami 183 ming 750 kilo-vatt elektr energiyasi, yaʼni 183 million 750 ming soʻm tejalishiga erishiladi.

Qoraqalpogʻistondagi suv taʼminoti ogʻir boʻlgan Taxtakoʻpir, Qoraoʻzak va Chimboy tumanlarida ham grant mablagʻlari asosida soatiga 110 kilovatt elektr energiyasi sarflaydigan nasos agregati oʻrniga kam quvvatda ishlaydigan 6 dona qurilma oʻrnatish rejalashtirilmoqda. Natijada esa yiliga oʻrtacha 459 ming 900 kilovatt elektr energiyasi tejaladi.

— Bugun fermerlarga, birinchi galda, eski nasos agregatlarini yangilash orqali kam elektr energiyasi bilan oldingi miqdorda suvni chiqarishni taklif etyapmiz. Quyosh panellari oʻrnatish orqali kattagina mablagʻ tejalishiga ham erishiladi. Biz sugʻorish mavsumidagi quyoshli kunlar, agregatga sarflanadigan elektr energiyasi hisob­kitobini qilib, maqbul boʻlgan uskunalarni oʻrnatdik. Elektr tarmoqlarining tuman boʻlimlari bilan shartnoma qilinib, ishlab chiqarilgan elektr energiyasi umumiy tarmoqqa uzatiladi. Nasos agregatiga sarflangan energiya bilan hisob­kitobi olib boriladi, — deydi Kenes Sariboyev.

Suv hayot­mamot masalasi ekan, biz uni toʻgʻri sarflashni oʻrganishimiz kerak. Shu bois, suv resurslaridan foydalanishda samaradorlikni oshirib, sarfni kamaytirishimiz zarur. Bugungi kunda koʻpchilik suvning hisobi borligini, uni oʻz meʼyorida ishlatish kerakligini tushunib yetmoqda. Suvni tejamasak, ertaga uni topa olmaymiz.

Minajatdin QUTLIMURATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri