Musobaqa Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Sport yakka kurashlari boʻyicha Respublika Oliy sport mahorati maktabi hamda Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Mamlakat chempionati yakunlariga koʻra, kattalar, yoshlar va oʻsmirlardan iborat Oʻzbekiston milliy terma jamoasining yangi tarkibi shakllantiriladi.
Oʻsmirlar, yoshlar va kattalar oʻrtasidagi ushbu Oʻzbekiston chempionatiga hududiy saralash musobaqalari gʻolib va sovrindorlari qatnashishlari koʻzda tutilgan. Musobaqada respublikamizning barcha viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Toshkent shahridan qariyb 1 000 nafarga yaqin sportchi-karatechilar ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston chempionatida ishtirokchilar yakkalik kata, jamoaviy kata, yakkalik kumite hamda jamoaviy kumite bahslarida oʻzaro bellashadi.
Bugun 14-15 yoshli oʻsmirlar va qizlar yakkalik kata va jamoaviy kata yoʻnalishlarida oʻzaro bahs olib borishayotgan boʻlsa, ertaga 16-17 yoshli karatechilar yakkalik kata, jamoaviy kata, yakkalik kumite hamda jamoaviy kumite bahslarida tatamiga chiqishadi.