Kasbiy taʼlimni rivojlantirish — taraqqiyotning oʻziga xos tayanchi

    Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi va harakatlantiruvchi kuchi inson, uning barkamol rivojlanishi va farovonligini taʼminlash, shaxs manfaatlarini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoit va samarali mexanizmlarni yaratishdir.

    Belgilangan maqsadlarga erishish, jamiyatni rivojlantirish, taraqqiyot va kelajak yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi va taqdiri – bularning barchasi, avvalo, yuqori malakali, vijdonli kadrlar, yetuk mutaxassislar tayyorlash muammosi bilan uzviy bogʻliq.

    Prezidentimizning 2024-yil 16-oktyabrdagi “Kasbiy taʼlimda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro taʼlim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni yurtimizda kasbiy taʼlim tizimini rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlashni yaxshilash va mehnat bozori ehtiyojlariga javob beradigan mutaxassislarni yetishtirish borasida muhim voqelik boʻldi.

    Hujjatda kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari sifatida kasbiy taʼlim tashkilotlari turlarini maqbullashtirish va uning barcha darajalari boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan koʻp tarmoqli oʻquv muassasalari tizimini joriy etish, kasbiy taʼlim tashkilotlarining akademik mustaqilligini taʼminlash, oʻquv jarayoniga xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etish, oʻquv jarayonlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, kasbiy taʼlim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan maxsus elektron platforma ishlab chiqish kabilar koʻrsatilgan. Ushbu maqsadlardan kelib chiqib, kasbiy taʼlim tizimida amaliyotning samaradorligini oshirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni mustahkamlash orqali oʻquv dasturlari ishlab chiqish, texnologiyalarni qoʻllash jadallashtiriladi.

    Shuningdek, mehnat bozoridagi ehtiyojlarni tahlil qilgan holda mavjud kasb va mutaxassisliklarni yangilash, innovatsion va texnologik rivojlanish talablariga javob bera oladigan kadrlar tayyorlash yangi bosqichga chiqadi.

    Taʼlim muassasalari va xususiy sektor oʻrtasida samarali hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Xususiy sektorning taʼlim jarayonidagi ishtiroki kadrlar tayyorlash masalasida, innovatsion yondashuvlar va texnologiyalarni joriy qilishda muhim oʻrin tutadi.

    Shu oʻrinda bugungi kunda taʼlim sohasida ilgʻor boʻlgan Shvetsiya, Germaniya va Singapur kabi mamlakatlar tajribalarini oʻrganish va qoʻllashga katta eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq deb oʻylaymiz.

    Masalan, Shvetsiyada kasbiy taʼlim tizimi jadal texnologik rivojlanish va ijtimoiy ehtiyojlarni hisobga olib doimiy yangilanib boradi. Shvetsiya taʼlim tizimi ish beruvchilar va davlat oʻrtasida samarali hamkorlikni oʻrnatib, kasbiy taʼlimni innovatsion yondashuvlar bilan mustahkamlab borishi bilan diqqatga sazovor. Mamlakatimizda Shvetsiya tajribasini qoʻllash ekologik va ijtimoiy masalalar bilan bogʻliq yangi kasblar va texnologiyalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Singapurda esa kasbiy taʼlim tizimi davlat va xususiy sektor oʻrtasida oʻziga xos hamkorlikka asoslanadi. Bunda ish beruvchilar oʻquv dasturlarini ishlab chiqishda faol ishtirok etadi hamda kasbiy taʼlimning sifatini oshirishga katta hissa qoʻshadi.

    Xuddi shunday mamlakatimiz kasbiy taʼlim tizimida ham davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi hamkorlikni bundan-da kuchaytirish maqsadga muvofiqdir. Bunda xususiy sektorni taʼlim jarayoniga kengroq jalb qilish, oʻquv dasturlarining sifatini oshirish va yangi mutaxassisliklar kiritib borish asosiy vazifa boʻlishi kerak.

    Davlatimiz tomonidan kasbiy taʼlim tizimini rivojlantirish uchun resurslar ajratilishi, infratuzilma yaratilishi, oʻquv dasturlarini modernizatsiya qilish va oʻquvchilarni zamonaviy talablar asosida tayyorlashning qoʻllab-quvvatlanishi yaxshi samara berishi allaqachon isbotlangan.

    Bu esa xalqaro tajribada mavjud samarali yondashuvlarni milliy taʼlim tizimimizga tezroq moslashtirishda muhim asos boʻlib xizmat qiladi. Kasbiy taʼlim faqatgina malakali ishchilar tayyorlashga qaratilgan boʻlib qolmay, balki milliy iqtisodiyotning oʻsishi, innovatsion rivojlanish va mehnat bozorida barqarorlikni taʼminlashda ham yetakchi omillardan biridir. Bir soʻz bilan aytganda, farmon Oʻzbekistonning kasbiy taʼlim tizimini yanada takomillashtirish yoʻlida muhim tayanch vazifasini oʻtamoqda.

    Farmonda belgilangan maqsad va yoʻnalishlar xalqaro tajribalar bilan uygʻunlashgan holda Oʻzbekistonda kasbiy taʼlimni rivojlantirish va mehnat bozorining ehtiyojlariga mos keladigan kadrlar tayyorlashda muhim qadamlar qoʻyilishini taʼminlashi shubhasiz. Buning uchun esa belgilangan maqsadlar bekam-u koʻst bajarilishi, amalga oshirilgan ishlar muntazam tahlil qilib borilishi ayni muddao.


    Lutfulla BOZOROV,

    texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent


    Hamkorlik materiali