Katta orzularim O‘zbekiston bilan bog‘liq

    “Google”, “Apple”, “Amazon”, “Facebook” singarilarga ishga kirish uchun shaxsiy ma’lumotnomamni yubordim. Ba’zi kompaniyalar sinovidan muvaffaqiyatli o‘tdim, ba’zan rad javobini olgan paytlarim bo‘ldi. Katta tajriba orttirdim. Bir necha nufuzli kompaniyadan ishga taklif etishdi. Men UBER kompaniyasida to‘xtadim.

    Informatikaga qiziqishim bolalikdan boshlangan

    2015–2019 yillarda Toshkentdagi Inha universitetida kompyuter muhandisligi bo‘yicha tahsil oldim. Kompyuterga qiziqishim yoshligimdan boshlangan. Avvaliga kompyuterda turli o‘yinlar o‘ynadim, rasmlar chizdim. Ofis dasturlarini yaxshi tushunardim. Akam esa muhandis­dasturchilikni puxta bilardi. Unga qiziqib men ham dasturchi bo‘lishni orzu qilganman. Ilk bor 9­sinfda o‘qib yurganimda informatika fanidan HTML bo‘yicha veb­sayt yaratganman. Keyinchalik kollejda o‘qib yurgan chog‘imda informatika fanidan bir necha xalqaro va respublika olimpiadalarida ishtirok etdim. Universitetda o‘qigan yillarimda dasturlashni professional darajada o‘rgandim.

    2015 yilda birinchilardan bo‘lib bolalarga dasturlashni o‘rgatish loyihasi — Codecraftni joriy etdik. O‘shanda 8-9 yoshli bolalarga dasturlashni o‘rgatish bo‘yicha ishlaganmiz. Darsliklarni ham o‘zimiz tuzib chiqqanmiz. Ikki yil shu loyiha ustida ishladim. Shu muddatda 500 nafardan ortiq bolaga dasturlashni o‘rgatdik.

    Bu oldin xayolga keltirib bo‘lmaydigan ish edi. Chunki yosh bolaga qanday qilib dasturlashni o‘rgatish mumkin? Katta odamlar dasturlashni o‘rganishi mumkin, biroq bolalarga bu yumush qiyinlik qiladi, degan tushuncha mavjud edi. Bu stereotipdan chiqib, bolalarga dasturlashni o‘rgatish mumkinligini isbotladik.

    Xalqaro kompaniyalarga yo‘l

    Shundan keyin O‘zbekistonda mashhur “Super Dispatch” kompaniyasiga ishga o‘tdim. Yangi ishxonam avtomashinalarni yetkazib berish bo‘yicha dasturiy ta’minot yaratish bilan shug‘ullanardi. Avvaliga kompaniyada kichik dasturchi bo‘lib ishladim. Keyin EPAM global konsalting kompaniyasida ishladim. U AQSHning Filadelfiya shahrida joylashgan. Kompaniyadagi bir yarim yillik faoliyatim davomida juda ko‘p yangilik o‘rgandim. Har xil millat vakillari bilan ishladim. AQSHning korporativ, muhandislik madaniyati bilan yaqindan tanishdim. Shundan so‘ng ko‘p kompaniyalarga, jumladan, “Google”, “Apple”, “Amazon”, “Facebook” singarilarga ishga kirish uchun shaxsiy ma’lumotnomamni yubordim. Ba’zi kompaniyalar sinovidan muvaffaqiyatli o‘tdim, ba’zan rad javobini olgan paytlarim bo‘ldi. Katta tajriba orttirdim. Bir necha nufuzli kompaniyadan ishga taklif etishdi. Men UBER kompaniyasida to‘xtadim.

    2020 yilda UBER jamoasiga qo‘shilgan edim. O‘shanda pandemiya ayni avj olgan, yetkazib berish, xizmat ko‘rsatish tizimi butkul onlayn formatga o‘tib ketgandi. Ilgari do‘konlardan xarid qilinadigan barcha mahsulotlar endi onlayn sotib olina boshladi. Kafe va yemakxonalar yopiq, xullas, yetkazib berish xizmati shiddat bilan rivojlangan palla edi.

    Mendan tez­tez Vatan sog‘inchi haqida so‘rashadi. Bunga javoban aytishim kerak: har olti oyda O‘zbekistonga kelaman. Ko‘proq tadbirlarga chaqirishadi. Universitetlarda, anjumanlarda nutq so‘zlayman, IT yo‘nalishdagi nufuzli tadbirlarda ishtirok etaman. Bir oyog‘im ona vatanimda, desam ham bo‘ladi. Shu bois, o‘zimni Vatandan yiroqqa ketmaganman, deb hisoblayman. Kelgusida faqat IT kompaniyada ishlamasdan, tadbirkorlik faoliyatimni ham yuritmoqchiman. Katta orzularim O‘zbekiston bilan bog‘liq. Yurt rivojiga hissamni qo‘shish farzandlik burchimdir.

    E’tibor katta, qilinadigan ishlar ko‘p

    O‘zbekistonda IT sohada juda katta o‘sish kuzatilyapti. Misol uchun, dasturchilar olayotgan maoshga qarab talab oshayotganini qayd etish mumkin. Besh yil oldin oyiga 500 dollar maosh olganman. Hozir o‘sha paytdagi darajamdagi dasturchilar kamida 700­800 AQSH dollari miqdorida maosh olmoqda. Axborot texnologiyalari sohasiga katta qiziqish bildirilmoqda. Juda ko‘p ta’lim resurslari paydo bo‘lyapti. Har xil startaplar va kompaniyalar tashkil etilayotgani quvonarli.

    IT infratuzilmasini yaxshilash, aholi, ayniqsa, yoshlarning bu boradagi savodxonligini oshirish borasida sezilarli ishlar qilinmoqda. Ayniqsa, onlayn ta’limga katta e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Biz Codecraft startapini yaratganimizda bu onlayn o‘qitish tizimi O‘zbekistonda o‘zini oqlamaydi, deb o‘ylardik. Chunki har bir bola bilan ishlash, yo‘l­yo‘riq ko‘rsatish kerak — bu oson ish emas. Hozir ko‘p kompaniyalarda onlayn darslar yo‘lga qo‘yilayotgani va bu tizim o‘zini oqlayotganining guvohi bo‘lib turibmiz.

    O‘zbekistonga juda ko‘p xalqaro kompaniyalar kirib keldi. Aksariyat yurtdoshlarimiz xalqaro loyihalarga qiziqish bildirmoqda. Bu quvonarli. Lekin bu mamlakatimizda soha shiddat bilan rivojlanib ketganini bildirmaydi. Dasturchilarning bilimi va malakasi yetarli emas. Tajribasi kam. Katta loyihalarda ishlab ko‘rmagan mutaxassis sohani puxta o‘rganolmaydi.

    O‘zbekistonda IT sohaga qiziquvchilar ko‘p. Yaqinda “Yangi O‘zbekiston” universitetida axborot texnologiyalari haftaligi bo‘lib o‘tdi. An’anaviy o‘tkazilayotgan bu tadbir shunday iste’dodli dasturchilar shakllanishiga xizmat qiladi. O‘zbekistonlik yoshlar dunyoning mashhur dasturchi muhandislari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Dunyoning yetakchi kompaniyalarida ishlayotgan dasturchilar tajribasini o‘rgandi. Bu yoshlarning dasturchilikka intilishi qiziqish chegarasidan o‘tib, bir umrlik kasbga aylanishiga zamin yaratadi.

    Darxonbek MAMATALIEV,
    UBER xalqaro kompaniyasi dasturchi muhandisi