KBS telekanali Oʻzbekistonga bagʻishlab maxsus teledastur tayyorladi

    OAV O‘zbеkiston haqida 13 Iyun 2023 1935

    Koreyaning “Korean Broadcasting System” (KBS)milliy telekanali vakillarining Oʻzbekistonga ijodiy safari tashkil etilgan.

    Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan Oʻzbekistonning Seul shahridagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan missiyadan mamlakatimiz turizm salohiyatini xorijiy davlatlarda keng targʻib etish va bu orqali yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini yanada oshirish maqsad qilingan.

    Ijodkorlar mamlakatimizning tarixiy shaharlarida boʻlib, “KBS” telekanalining “Dunyo boʻylab piyoda sayohat qilish” telekoʻrsatuvi orqali efirga uzatiladigan “Oʻzbekiston, Buyuk Ipak yoʻli boʻylab vaqt sayohati” nomli hujjatli filmni tasvirga oladi.

    Filmda, oʻzbek xalqining madaniyati va anʼanalari, zamonaviy turistik infratuzilmasi, milliy taomlari hamda meʼmoriy yodgorliklari haqida hikoya qilinadi.

    Maʼlumot uchun, “Dunyo boʻylab piyoda sayohat qilish” teleloyihasi, KBSning eng yaxshi sayohat dasturi boʻlib, Koreyaning potensial sayyohlari orasida eng mashhur dasturlardan biri hisoblanadi. Oʻzbekiston haqida ushbu teledastur orqali bundan oldin 3 ta katta material keng yoritib oʻtilgan.

    Bu safargi dasturlarida ham KBSning “Ipak yoʻlidagi voha” dasturida Oʻzbekistonning tarixiy diqqatga sazovor joylari, turizm sohasidagi zamonaviy yutuqlarga eʼtibor qaratilyapti.

    Ijodiy guruhning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri, Fargʻona, Samarqand, Buxoro, Navoiy viloyatlariga tashrifi va ushbu hududlardagi tarixiy-madaniy, diqqatga sazovor joylarda tasvirga olish ishlarini olib borishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.