Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakat bo‘ylab keksa avlod vakillarining sayohat qilishini rag‘batlantirishdir.
Ushbu oy davomida Respublikadagi 223 ta joylashtirish vositalari (mehmonxonalar va mehmon uylari) xizmatlari uchun - 50 foizgacha, 204 ta umumiy ovqatlanish maskanlaridagi xizmatlar uchun 20 foizgacha ixtiyoriy chegirmalar joriy etildi.
«Uzbekistan Airways» AJ tomonidan esa shu davr ichida ichki aviaqatnovlarda 60 yoshdan yuqori erkaklar va 55 yoshdan yuqori bo‘lgan ayollar uchun ekonom va biznes toifalarining (LPR3M,UPR3M, SPR3M, OPR3M tashqari) joriy narxlariga 25 foiz miqdorida ixtiyoriy chegirmalar joriy etilgan.
Bundan tashqari, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan mamlakat ichidagi tariflarga, hamda «Uzautotrans Servie» MChJ tomonidan mahalliy yo‘nalishlarda qatnovchi avtobus chipta narxlariga 10 foiz miqdorda ixtiyoriy chegirmalar amal qiladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Musulmonlar idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan Toshkent shahri, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi bir qator ziyoratgohlarga nafaqa va keksa yoshdagi fuqarolar uchun 50 foiz miqdorida chegirmalar belgilangan.
Madaniy meros agentligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlaridagi madaniy meros obektlariga kirish uchun 20 foiz miqdorda chegirmalar joriy etilgan, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.
Albatta, keksalarni dam olishini maroqli tashkil etishda ularning salomatligi va xavfsizligi, shuningdek, sanitariya-gigiena qoidalariga qat’iy rioya etilishi ko‘zda tutilgan.