Namangan viloyatida 2021-yil bahorgi dala ishlarini oʻz vaqtida va optimal muddatlarda oʻtkazilishini taʼminlash yuzasidan mavsumda ishtirok etadigan qishloq xoʻjalik mashinalari Inspeksiya xodimlari tomonidan hatlovdan oʻtkazilib, jami 8224 ta turli xildagi qishloq xoʻjalik texnikalari, jumladan 1413 ta chopiq traktorlari, 1340 ta kultivatorlar, 618 ta chigit ekish seyalkalari, 3155 ta tishli boronalar, 481 ta chizellar, 439 ta pushta olgichlar, 229 ta yer tekislagichlar, 348 ta purkagichlari va 201 ta oʻq ariq olgichlarni roʻyxati shakllantirildi.
Tuman hokimliklari va boshqa aloqador tashkilotlar bilan hamkorlikda texnikalarni taʼmirga tortish maskanlari dislokatsiyasi shakllantirildi. Texnikalarni tumanlardagi 23 ta taʼmirlash maskanlariga yigʻish chora-tadbirlari koʻrildi.
Texnikalarni taʼmirlanishi va ularni mavsum ishlariga qabul qilib olishda Inspeksiya xodimlari tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar yuzasidan joriy yilning 13-noyabr kuni Chortoq tuman “Agroservis MTP” MCHJda Inspeksiyaning Texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish inspektorlari ishtirokida oʻquv amaliy seminari oʻtkazildi.
Unda texnikalarni taʼmirlash jarayonida nazorat ishlarini olib borish, taʼmirlash sifatiga alohida eʼtibor qaratish hamda taʼmirdan chiqqan texnikalarni qabul qilib olish yuzasidan hujjatlarni yuritilishi haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Shu bilan birga sohadagi uzoq vaqtdan buyon faoliyat olib borayotgan inspektorlar, fahriy muhandislar yosh inspektorlarga texnikalarni mavsum ishlariga qabul qilish, taʼmirlash sifatini tekshirish yuzasidan oʻz tavsiyalarini berdilar va hayotiy tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.
Shuningdek, oʻquv amaliy seminar ishtirokchilariga xizmat faoliyatida foydalanish uchun Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan bir qator tavsiyalarni oʻz ichiga olgan qoʻllanma va boshqa materiallar tarqatildi.
Umarxon Yunusov,
“Oʻzagroinspeksiya” Namangan viloyat boshqarmasi
texnika va agrotexnika tadbirlari holati ustidan
nazorat boʻlimi bosh inspektori