Shuni hisobga olib, mamlakatimizda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratilyapti. Xususan, 59,8 mingta kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti 257,1 mlrd. soʻmlik mol-mulk va yer soligʻini toʻlashdan ozod etildi. Ijtimoiy soliq stavkasi 328,8 mingta mikrofirma va kichik korxona uchun amaldagi 12 foizdan 1 foizga tushirildi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning minimal summasi 50 foizgacha qisqartirildi...

BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi doirasida “Biznesni integratsiyalashgan holda qoʻllab-quvvatlash” dasturi ham kichik biznes egalariga koʻmaklashishni koʻzda tutadi.

Yurtimizda tadbirkorlar ichida yoshlar va oʻrta yoshlilar koʻpchilikni tashkil etganini inobatga olsak, hozirgi sharoitda ularga, avvalo, psixologik yordam, inqirozdan chiqib ketish borasida oʻrinli maslahatlar zarur. Ushbu dastur davomida Oʻzbekistonning tajribali mutaxassislari tomonidan asosiy biznes vazifalarini hal etish, strategik reja tuzish, marketing, operatsion va moliyaviy menejment kabi yoʻnalishlarda treninglar va konsalting xizmatlari koʻrsatiladi, shuningdek, individual kouching maslahatlari berib boriladi.

— Dastur ikki bosqichda boʻlib oʻtadi, — deydi loyiha koordinatori Farhod Jabborov. — Umumiy hisobda 3 oy mobaynida davom etib, treninglar dastlab Namangan va Samarqand viloyatlari vakillari, keyin esa Jizzax, Fargʻona va Qashqadaryo viloyatlari tadbirkorlari uchun oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda tanlab olingan korxonalar uchun onlayn shaklda treninglar tashkil etiladi. Ikkinchi bosqichda biznes egalariga konsalting va shaxsiy kouching maslahatlari beriladi. Ishtirokchi kompaniyalarga ularning biznes gʻoya va loyihalarini amalga oshirish uchun 10 ming AQSH dollari miqdorigacha ekvivalentda begʻaraz texnik koʻmak olish imkoniyati b yeriladi.

Dasturda ishtirok etib, karantin tufayli oqsab yoki toʻxtab qolgan biznesini qayta yoʻlga qoʻyishni istovchi tadbirkorlar koʻp. Dastur doirasida ajratilgan grant mablagʻi kam boʻlmasa-da, adolat nuqtayi nazaridan eng munosibga va yordamga haqiqatan muhtoj boʻlganga berilishi maqsadga muvofiqdir. Unda ishtirok etish va grant egasi boʻlish uchun talabgorlardan Oʻzbekiston rezidenti tomonidan asos solingan, Namangan va Samarqand viloyatlarida roʻyxatga olingan, yuridik shaxs shaklidagi kichik biznes subyekti ikki yildan kam boʻlmagan muddat ichida faoliyat yuritayotgan boʻlishi, 5 nafardan 50 nafargacha aholini ish bilan taʼminlashi, soliq va boshqa toʻlovlar, olingan kreditlar boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorligi yoʻqligi hamda amalga oshiriladigan reja/loyihaning 20 foizdan kam boʻlmagan qismini moliyalashtirish imkoniyati mavjudligi talab etiladi. Bundan tashqari, ishtirokchilar 2020-yil avgustdan dekabr oyiga qadar treninglar va individual kouching maslahatlarini olish uchun 32 soat oʻquv mashgʻulotlariga vaqt ajratishga tayyor boʻlishi zarur.

— Yurtimizda ayollarni ish bilan taʼminlash masalasi har doim dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan, — deydi Farhod Jabborov. — Dasturga talabgorlarni saralash jarayonida shu masalaga alohida eʼtibor qaratamiz. Yaʼni ayol tadbirkorlar, 35 yoshgacha boʻlgan yoshlar yoki ayollar va yoshlar uchun ish oʻrinlari yaratuvchi kichik biznes turlarini yoʻlga qoʻyganlar afzallikka ega boʻladilar. BMTTD bilan hamkorlikda, shuningdek, “Startap-tashabbuslar”, “Biznes uchun kichik grantlar” kabi dasturlarni oʻtkazishni ham rejalashtiryapmiz. Oʻylaymizki, bu kabi dasturlar, xalqaro grantlar orqali tadbirkorlar ishini oʻnglab olib, xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash masalalariga yechim topishda oʻz hissasini qoʻshadi.