Vatanparvar rahbar oʻz xalqining, milliy anʼana va urf-odatlarini eʼzozlaydi va ularga ayricha mehr bilan qaraydi. Xalq tiliga, millat tiliga eʼtibor masalasi, uning vataniy ishi va burchi boʻladi. Tilni millatning boyligi, borligi va borligʻining belgisi sifatida anglaydi va shu boʻyicha keng qamrovli faoliyat olib boradi. Davlatimiz rasman mustaqil deb eʼlon qilinishidan oldin tashlangan birinchi qutlugʻ qadam va saʼyi harakat, bu “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi boʻlgani rost. Toʻgʻri, qonunning qabul qilinishi quvonchli hodisa boʻldi. Lekin shu 30 yilga yaqin muddat mobaynida bir ikkita hujjatni hisobga olmaganda, til uchun astoydil ish qilinmadi, taʼbir joiz boʻlsa, panja ortidan qarab kelindi. Til mavsumiy masalaga aylanib qoldi. Har yili 21-oktyabr atrofida “Ona tilim – jonu dilim” mavzuida tadbirlar oʻtkaziladi va asta soʻnib qolaverardi. Yaqin besh yil ichida bu masalaga eʼtiborning qaratilishi 24 ta hujjatning qabul qilingani eʼtiborga molik. Ana shu jarayondagi harakatlar ham millatparvarlikning belgisi ekani haq.

Oʻzbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi (1993 - yil 2-sentyabr 931 - XII - sonli) Qonuni, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi (1995 - yil 6-may 71 - I sonli) Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonun qabul qilindi.

Oʻshandan keyin lotin-oʻzbek yozuvini oʻrganishga astoydil kirishildi. Bu borada peshqadam boʻlganlar ham boʻldi, befarq boʻlganlar ham yoʻq emas edi. Yangi alifboni oʻrganish va oʻrgatish masalalari keng yoʻlga qoʻyildi. Qonunning mohiyati uning ijrosida, u shunisi bilan kuchli. Tan olish kerakki, bu borada poytaxtdagi tumanlar ichida oʻsha paytlari Mirzo Ulugʻbek tumani yetakchilik qildi. Kamina oʻsha kezlari jamoatchilik asosida Maʼnaviyat va maʼrifat markazining masʼullaridan biri edi. Oʻzining gʻayrat-shijoati, uddaburonligi, vaziyatga mos-xos yechim topa olish salohiyati bilan ajralib turgan hokim hozirda amaldagi Prezident Mirziyoyev Shavkat edi. Davlatning rasmiy yozuvi sifatida uning qoʻllanilishi keng joriy etish masalasida savodxonlik markazini ochish koʻndalang turardi. Buning uchun har bir tuman, har bir viloyatda shu ishga masʼullar biriktirilgan boʻlsa ham uni toʻla-toʻkis amalga oshirilishi koʻngildagidek emas edi. Madaniyat va maʼrifat markazi tashkil etilgan boʻlsa-da u yerda hali shtat kesimida xodimlar biriktirilmagan edi va jamoatchilik asosida ishlanar edi, yaʼni haq toʻlanmas edi. Mirzo Ulugʻbek tumanida istiqomat qilib, shu tumandagi hozirgi INHA (filiali) oʻrnida OʻzFA Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot institutida ishlardim. Natijada Mirzo Ulugʻbek tumani hududida bor boʻlgan va yangi ochilayotgan tashkilot, muassasalar hamda mavjud boʻlgan idoralar, zavod-korxonalarning nomlarini lotin alifbosiga imloviy xatolarsiz toʻgʻri oʻgirish masalasi koʻndalang turardi. Ana shundan keyingina tashkilot yoki idoraning muhri va tamgʻasini yasashga tuman IIB dan ruxsatnoma olinardi. Shavkat Mirziyoyev birinchilardan boʻlib, hokimiyat qoshida savodxonlik markazini tashkil etdi. Turli shiorlar, idora peshtoqlaridagi yozuvlar va muhr hamda tamgʻalarni lotin yozuviga asoslangan alifboga oʻgirish vazifasi kaminaga yuklangandi. Mirzo Ulugʻbek tumani joylashgan binoning birinchi qavatidagi 6 xonada oʻtirib bu vazifani amalga oshirishga kirishdik. Odatda, tushdan keyin shu vazifani bajarishni oʻz zimmamga olgandim.

Shunisi eʼtiborliki, hali bironta tuman hokimi Toshkent shahrida bunday usulda ish yuritish boʻyicha koʻrsatma bermagandi. Bu millatparvarlik milliy til va yozuvga boʻlgan mehr bilan bogʻlanishning alomati edi. Tasavvur qiling, bitta TTZning oʻzida (sexlarini hisobga olmaganda) qancha muhr, tamgʻalarni yangi alifboga oʻzgartirish kerak edi. Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy talabchanligi, ijro masʼuliyatini his etishlari, oʻzgalardan ham shuni talab etishlari kishining eʼtibori va hurmatini tortmasdan qolmasdi.

Ular nomiga dastxat bilan yozganim 1300-yillik tariximizning kaliti hisoblangan “Eski oʻzbek yozuvi” kitobimni taqdim etish uchun qabulxonaga borganimda, uning Jizzax viloyatiga hokim boʻlib ketganlaridan voqif boʻldim. Keyinchalik imlo masalasi nazoratsiz, oʻlda - joʻlda va oʻzga qoʻlda qolib ketdi, hisobi. Oʻz ishiga prinsipial yondashadigan, vaziyatni toʻgʻri baholab odil hukm chiqaza oladigan inson strateg sifatida buyuk ishlarga qobil boʻladi. Shunday ekan, esli-hushli, aql-idrokli, oʻz kelajagini yurt taqdiri bilan bogʻlay oladigan inson nomzodlardan kimga ovoz berishni yaxshi biladi. Millatparvarlik haqida soʻz ketsa u kishining qilayotgan bugungi ishlarida ham ijobiy fazilatlarni, bunyodkorlik oʻzgarishlarini koʻrmaslik insofdan emas. Sobiq va marhum rektorimiz Umurzakov Oʻktam Pardayevich oʻzaro suhbatlaridan birida Shavkat Miromonovichga alohida ehtirom va mehr bogʻlab aytgan ushbu oʻgitlari hamon yodimda. “Institutda ishlab yurgan kezlari bir hukumat tadbiriga boradigan boʻldik. Rulda Shavkat Miromonovichning oʻzi oʻng tomonidagi oʻrindiqda men oʻtirardim, – deydi Oʻktam aka. – Mikrokassetani magnitofonga tiqdi. Mumtoz ashulalar tarala boshladi. Diqqat bilan ovoz chiqarmasdan maqom qoʻshigʻi ohangiga berilib maroq bilan tinglab borardi. Shunda “bunday ogʻir qoʻshiqlarni ham tinglaysiz-a,” – deya oʻsmoqchilab soʻradim. Uning bergan javobi qulogʻim ostida ancha yillar jaranglab turdi. “Maqomni suymagan odam xalqni ham suymaydi, millatni ham, vatanparvar ham boʻlmaydi”, – deb aytgandi. Oʻshandayoq, Shavkat Miromonovichga ich-ichimdan tahsin aytib qoyil qolganman.”

Oʻktam Pardayevichning mulohazalarini tinglarkanman, davlat rahbarining “Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (2017-yil 17-noyabrdagi) qabul qilgan qarori bejiz emas ekan-da degan fikr xayolimdan kechdi. Xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi boʻlgan milliy maqom sanʼati oʻzining qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy anʼanalari bilan maʼnaviy hayotimizda alohida muhim oʻrin egallashini his etgan Prezident keyinchalik, 2019-yilning 5-10-aprel kunlari Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik sanʼati festivaliga start bergani ham bejiz emasligini idrok etish qiyin emas.

Poytaxtimiz markazi koʻrkiga koʻrk qoʻshib turgan maʼrifat maskani “Adiblar xiyoboni”ning ochilishidan tortib Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov singari jadid maʼrifatparvarlarining ruhini shod etish asnosida “Buyuk xizmatlari uchun” ordenining berilishi yuksak did, ehtirom va maʼnaviyatning nishoni, millat tiliga, adabiyot va sanʼatga boʻlgan mehr ifodasi emasmi? Davlat tilini rivojlantirish departamenti va Atamalar komissiyasini tashkil etish borasidagi tashabbus va tashkilotchiligi ham millatparvarlik va vatanparvarlik belgisi emasmi? Shunday ekan ich-ichimdan oʻylayman, aql-idrokli, millat istiqboli, yorqin va farovon hayotini istagan fuqaro kimga ovoz berishni biladi.

Faoliyatning ikki qanoti boʻladi. Bular tashabbuskorlik va tashkilotchilikdir. Oʻz hayotida ana shu ikki qanotni uygʻun qila olgan rahbarning, strategning parvozi yuksak boʻladi. Ichki va tashqi turizmni rivojlantirish borasidagi gʻoyalari, islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etilishi yuzasidan soʻzlagan nutqlaridagi kelayotgan moʻmin va sayyohlarni bizni tariximizni bilishi va chet ellarda aytib yurishi uchun, chinakam tariximizni manbai xattotlik sanʼati, jumladan arab yozuviga asoslangan imlomizni, naqsh-u kitobat sanʼatini chuqurroq oʻrganish bilan bogʻliq gʻoyalari katta ahamiyat kasb etgani rost. Mana, Prezident taʼlim muassasalari agentligi tasarrufidagi ijod maktablariga manbashunoslik va matnshunoslik ilmining rivojini taʼminlash maqsadida ilm-fan va madaniyatimiz tarixining kaliti, moziy muhri boʻlgan eski oʻzbek yozuvini oʻrgatishning yoʻlga qoʻyilishi eʼtiborga molik ulugʻ ishdir. Ayni kunlarda Agentlik ijod maktablarining 7-sinfi uchun “Matnshunoslik alifbosi” darsligimning chop etilib oʻqitilayotgani gʻayratimga gʻayrat qoʻshibgina qolmay, yangicha yondashuv, pedagogik mahorat va zamonaviy texnologiyalarning yangi qirralarini ochishga imkon tugʻdirayapti.

Amaldagi Prezident gʻoyalarida aks etganidek, oʻz tarixini bilmagan kelajakni ham koʻra olmaydi, bugunning qadriga ham yeta olmaydi, xuddi shu maʼnoda oʻtmish biz uchun saboq va ibrat, ayni paytda toʻgʻri xulosalar chiqarib toʻgʻri yoʻl belgilashimizda maʼnaviy mayoqdir. Uchinchi renessansning tamal toshini qoʻyadigan kelajak bunyodkori boʻlgan yoshlarga beriladigan chuqur bilim nihoyatda zarur. Birinchi va ikkinchi renessans davrida faol istifoda etilgan arab yozuvini oʻrganish oʻz tadqiqotchilarini kutib yotgan 100 mingdan ziyod qoʻlyozma manbalarni oʻrganish, tadqiq etishga borib bogʻlanadigan oʻzak masaladir. Chunki bu eski manbalar matnshunosning nazarida oʻtsa oʻzining haqiqiy bahosini topadi, bu esa arab alifbosiga asoslangan yozuvni puxta va chuqur oʻrganish bilan bogʻliq. Shunday ekan tarix va el qadrini bilgan, haq roziligini xalq roziligidan topishni niyat qilib faoliyatini boshlagan, Yangi Oʻzbekiston shukuhi va ruhini oʻz gʻayrat-u shijoatida asoslayotgan insonga ovoz berishni dono va zukko xalqimiz yaxshi biladi. Bugungi kunda taʼlimning sifati va samarasi borasida qabul qilingan farmon va qarorlar yurt istiqboli, xalq iqboli uchundir
Taʼlimning, mafkuraning taʼsirchanlik darajasi sust boʻlsa, uni omma ongiga singdirish mushkul.
“Taʼlimning sifati va samarasi pedagogik mahorat bilan, oʻqituvchining oʻz kasbini sevishi, shaydoyiligi va fidoyiligi bilan bogʻliq ekani ayon. Abdulla Oripov ijodiga yuksak mehr bilan qaragan davlat rahbari ulugʻ adib asarlarini ommalashtirish va targʻib qilishni aynan oʻzi tahsil olgan va muayyan muddat ishlagan taʼlim muassasasiga biriktirganlari bejiz emas. Chunki shoir ijodiyotini chinakam qadriga yetadigan, uni tahlil va tadqiq qila oladigan, targʻib-u tashviq qila oladigan intellektual kuch va salohiyat borligini bilganlari ham aniq.

Taʼlim muassasamizda oʻtkazilgan shoir nomi bilan bogʻlangan ilmiy anjuman va uchrashuvlar, xalq shoiri nomidagi koʻkrak nishoni, Yoshlar bogʻi, adib nomi bilan bogʻlangan muzeyning ochilishi kabi harakatlar u oʻylagan ishlarning hosilasi, bildirgan ishonchning samarasidir, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Yuqoridagi muammolar oʻz yechimi bilan ifoda etilgan, yaqindagina chop etilgan “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” deb nomlangan kitobni varaqlagan kishi jamiyatning ogʻriqli nuqtalarini, murakkab muammolarni yechishdagi teran tafakkurli donishmandni, sinchkov olimni, siyosiy strategni koʻradi. Ich-ichimdan yana oʻylayman aql-idrokli, hayotni ezgulik sari talpintiradigan taʼlimning mohiyatini chuqur idrok etgan, Uchinchi renessans yoshlarning kuchi va tamal toshi bilan bogʻliq ekanini bilgan har bir inson kimga ovoz berishni yaxshi biladi.

Rahimboy JUMANIYOZOV

filologiya fanlari nomzodi,

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash

muhandislari instituti dotsenti