Hujjat Prezidentning 21.04.2021-yildagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5088-son qaroriga muvofiq qabul qilingan.

Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi toʻgʻrisidagi nizomda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini tashkil qilish va boshqarish;
  • zonalar hududiga joylashtirish uchun yosh tadbirkorlik subyektining investitsiya loyihalarini tanlab olish va joylashtirish;
  • zonalarda joylashgan binolar va inshootlarni xususiylashtirish;
  • tijorat banklari tomonidan qurilgan bino va inshootlarni lizing yoki ijaraga berish tartibi.

Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari;
  • Jamgʻarma faoliyatini boshqarish tartibi;
  • Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish;
  • Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishga doir hisobot va nazorat yuritish tartibi.

Belgilanishicha, yosh tadbirkorlik subyekti 18 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan hamda yuridik shaxs maqomida yoki taʼsischilari sifatida sanoat yoki xizmat koʻrsatish yoʻnalishida investitsiya loyihasini amalga oshirish istagini bildirgan Oʻzbekiston fuqarolari hisoblanadi.

Barcha tadbirkorlik subyektlarining investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Jamgʻarma mablagʻlari tijorat banklari tomonidan belgilangan tartibda ajratilishi belgilangan.

Tegishli vazirlik va idoralarga 20.05.2021-yilgacha quyidagilarni amalga oshirish topshirildi:

  • 1.09.2021-yilgacha 77 ta hamda 1.01.2022-yilgacha 142 ta zonalar ishga tushirilishini nazarda tutuvchi ish rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash;
  • Yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tizimi doirasida nazarda tutilgan imkoniyatlar va imtiyozlar toʻgʻrisida yoshlar orasida keng targʻibot ishlarini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga quyidagilar yuklatildi:

  • har yili 25-dekabrgacha – Jamgʻarmaning kelgusi yil uchun ish rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash;
  • har yili 20-yanvargacha – Jamgʻarma mablagʻlarining taqsimlanishi boʻyicha yillik hisobotni Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
  • Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilish.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 10.05.2021-yildan kuchga kirdi.

Nargiza Vohidova.