Kitob sotuvchilar qo'shilgan qiymat solig'idan ozod etilishi mumkin

    Aniqlanishicha, eng ko'p kontrafakt va nostandart matbaa mahsulotlari Toshkent shahri, Buxoro, Qashqadaryo, Farg'ona viloyatlarida sotuvga chiqarilgan.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo'mitasi tomonidan “Kitob va bosma mahsulotlarni nashrga tayyorlash va chop etish tizimidagi mavjud muammolar” mavzusida tadbir o'tkazildi.

    Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Intellektual mulk agentligi, “O'zStandart” agentligi mas'ul vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Yig'ilishda nashriyot-matbaa sohasini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash, kitobxonlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo'yicha axborotlar ham eshitildi.

    Ta'kidlanganidek, so'nggi yillarda aholi o'rtasida kitobga bo'lgan qiziqishni rag'batlantirish va targ'ib qilish, kitobxonlik madaniyatini izchil shakllantirish, nashriyot va matbaachilik sohasini yanada takomillashtirish borasida bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning to'rtinchisi – yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o'rtasida kitobxonlikni keng targ'ib qilish bo'yicha ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani, mazkur tashabbus doirasida so'nggi ikki yil mobaynida mahalliy byudjetlardan 7,0 mlrd. so'mdan ortiq mablag' maqsadli ajratilishi hisobiga 1,0 mln. nusxadan ziyod kitob mahsulotlari xarid qilinib, maktab kutubxonalari hamda boshqa idoraviy kutubxonalarga etkazib berilgani qayd etildi.

    SHuningdek, yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o'rtasida kitobxonlikni keng targ'ib qilish bo'yicha 2020 yil noyarb` – 2021 yil may oylarida kitob targ'ibotini amalga oshirish, yoshlarni kitobxonlikka keng jalb etish uchun hududlardagi jami 10 003 ta ta'lim muassasasi va tashkilotlardan 9 689 tasida tadbirlar o'tkazilib, 2 mln. dan ortiq yoshlar qamrab olindi. Bundan tashqari, mamlakatimizning barcha maktab o'quvchilari va yosh oilalarni qamrab oladigan an'anaviy “YOsh kitobxon” (uchta yosh toifasida) hamda “YOsh kitobxon oila” respublika tanlovlarini o'tkazish yo'lga qo'yildi. 2019 yil oktyabr` oyida birinchi marotaba “Tashkent Book Fest” xalqaro kitob ko'rgazma yarmarkasi tashkil etilib, u har yili o'tkazib kelinmoqda.

    Kitobxonlikka berilayotgan e'tibor tufayli so'nggi yillarda o'zbek va jahon mumtoz badiiy adabiyoti namunalarining, ilmiy-ommabop, entsiklopedik, ma'naviy-ma'rifiy yo'nalishlardagi nashrlarning umumiy kitob mahsulotlaridagi ulushi oshdi. Masalan, 2017 yilgacha o'quv adabiyotlaridan tashqari kitob mahsulotlarining ulushi 25-30 foizni tashkil etgan bo'lsa, hozirda mazkur ko'rsatkich 40-45 foizgacha o'sdi va bu jarayon davom etmoqda.

    Tadbirda nashriyotlar faoliyatida hanuz, mazmunan sayoz, amaldagi standart talablariga mos kelmaydigan, hatto ayrim hollarda, mentalitetimizga yot qarashlarni ifoda etuvchi, yoshlar ongiga salbiy ta'sir qilishi mumkin bo'lgan kitoblar ham nashr etilishi kuzatilayotgani ta'kidlandi. Bu borada Agentlik o'z vakolati doirasida doimiy monitoring ishlari olib borilmoqda. Noshirlik va matbaa mahsulotlarining amaldagi qonunchilik, Umumiy texnik reglament, davlat standartlari talablariga muvofiqligi va mazmun-mundarijasi yuzasidan Agentlik tomonidan doimiy monitoringdan o'tkazilib, aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan nashriyot-matbaa korxonalariga tegishli ta'sir choralari ko'rilmoqda. Jumladan, 2019-2021 yillar davomida Agentlik tomonidan nashriyot-matbaa korxonalariga jami 166 ta ko'rsatma, taqdimnoma va ogohlantirish xatlari kiritilgan.

    Qonunbuzilish holatlari tahlil qilinganda, kitoblarda asosan, “Davlat tili haqida”gi, “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to'g'risida”gi, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to'g'risida”gi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to'g'risida”gi, “YOshlarga oid davlat siyosati to'g'risida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi, “Alkogol` va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste'mol qilinishini cheklash to'g'risida”gi qonunlar talablari buzilishi kuzatiladi. Bu kabi xato va kamchiliklar, qonunbuzilish holatlari umumta'lim maktablari darsliklarida ham uchrayotgani, bu bo'yicha tegishli choralar ko'rilayotgani ta'kidlandi.

    SHuningdek, yig'ilishda bozorlar va savdo shoxobchalarida sotilayotgan kontrafakt va nostandart matbaa mahsulotlari monitoringi xususida ham ma'lumot berildi. Aniqlanishicha, eng ko'p kontrafakt va nostandart matbaa mahsulotlari Toshkent shahri, Buxoro, Qashqadaryo, Farg'ona viloyatlarida sotuvga chiqarilgan. Mazkur kontrafakt kitob mahsulotlarining asosiy qismini umumta'lim maktablariga mo'ljallangan va sotuvi ta'qiqlangan darsliklar tashkil etadi.

    Tadbirda qo'shilgan qiymat solig'i joriy etilishining nashriyot-matbaa sohasi va kitobxonlikni rivojlantirishga ta'sirining ijtimoiy-iqtisodiy tahlili, bu boradagi xalqaro tajriba, sohani kadrlar bilan ta'minlashning dolzarb masalalari xususida so'z yuritildi. O'z echimini kutayotgan masalalarga takliflar bildirildi. Xususan, matbaa mahsulotlarining sifatiga qo'yiladigan talablarlarni belgilaydigan Hukumat qarorini ishlab chiqish, nashriyot-matbaa korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan tayyor kitob mahsulotlari hamda kitob savdosiga aloqador tadbirkorlik sub'ektlarini QQSdan ozod etish, majburiy bepul nusxalari tarqatiladigan vazirlik va idoralar ro'yxatini qayta ko'rib chiqish va optimallashtirish, teleradiokanallar orqali kitoblarni ijtimoiy reklama tarzida keng ommaga yoritish kabi muhim takliflar deputatlar ishtirokida muhokama qilindi.