Ilmni qanday olish mumkin? Javobi juda oddiy. Ilmni kitob oʻqish orqali olish mumkin. Kitob insonni kamolotga yetaklaydi. Kitob oʻqish orqali inson koʻplab bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishni boshlaydi. Bu narsa esa uni atrofdagi insonlarni tushunishga, jamiyatdagi oʻzgarishlarga qarashini oʻrgartiradi. Kitob oʻqigan inson boshqalarga qaraganda teran fikrlaydigan, yurish-turishida ajralib turadigan, oʻzining olamiga ega boʻlgan shaxs hisoblanadi. Shuning uchun ham kitob oʻqigan, unga mehr qoʻygan, kitobni muqaddas bilib unga mehr qoʻygan insonlarni ziyolilar deymiz. Aynan ziyolilar oʻzining xatti-harakatlari, faoliyati bilan jamiyatni nurlantiruvchi, maʼnaviy-ijtimoiy barqarorlikni taʼminlovchi odamlar hisoblanishadi.
Shu oʻrinda Asqad Muxtorning kitob haqidagi ajoyib fikriga eʼtibor qaratamiz. “ Kitob — boylik. Lekin sotib olingani emas, oʻqilgani”.
Tadqiqotchilar qaysi davlat aholisi haftasiga necha soat kitob oʻqishga vaqt sarflashini oʻrganib chiqishdi. Natijalarga koʻra, eng taraqqiy etgan emas, balki soʻnggi yillarda tezlik bilan rivojlanayotgan davlatlar aholisi koʻproq kitob oʻqishi maʼlum boʻldi. Aholisi eng koʻp kitob oʻqiydigan davlatlarning dastlabki 10 taligi quyidagicha:
1.Hindiston — haftasiga 10,7 soat.
2.Tailand — haftasiga 9,4 soat.
3.Xitoy — haftasiga 8 soat.
4.Filippin — haftasiga 7,6 soat.
5.Misr — haftasiga 7,5 soat.
6.Chexiya — haftasiga 7,4 soat.
7.Rossiya — haftasiga 7,1 soat.
8.Shvetsiya – haftasiga 6,9 soat.
9.Fransiya — haftasiga 6,9 soat.
10.Vengriya — haftasiga 6,8 soat.
Bu reytingda Oʻzbekiston nomi keltirilmagan. Demak, bizda kitobxonlik darajasi past. Kitob oʻqishga qiziqish yoshlar orasida kam. Hozirda ayrim yoshlar telefon, turli ijtimoiy tarmoqlarga vaqtini behuda sarflashmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, bora-bora maʼnaviy qashshoqlikka olib boradi. Oqibatda jamiyatda maʼnaviy ongsiz qatlam shakllanadi.
Buning oldini olish uchun nima qilishimiz kerak?
Tarbiya avvalo oiladan boshlanadi, degan gap bekorga aytilmagan. Oilada yaxshi tarbiya, bilim olgan inson voyaga yetganidan keyin ham shu mafkurada oʻsadi. Oilada ota-ona tomonidan berilgan tarbiya, koʻnikmalar keyinchalik vaqt oʻtib hayotiy tajribalarda oʻz samarasini beradi. Hozirgi kunda oilalarda bolalar tarbiyasiga loqayd qarash koʻp kuzatilmoqda. Bogʻcha yoshidagi bola qoʻlida ham smartfon bor. Hatto koʻpchilik ota-onalar bolasiga maktabga ham telefon berib yuborishadi. Balogʻatga yetmagan bolaga telefon nimaga kerak? U telefondan nima maqsadda foydalanmoqda? Ota-onalar buni nazorat qilyaptimi? Aynan shu savollar hozirgi kunda jamiyatimizdagi dolzarb muammoga aylanib bormoqda.
Ayrim ota-onalar farzandlariga ertak aytib berishga erinadi. Aksincha, ularga ertak aytib kitobga oshno qilish kerak. Bayramlarda, tugʻilgan kunlarda ota-onalar bolalariga kitoblar sovgʻa qilishi maqsadga muvofiq deb oʻylayman. Yoshligidan kitobga oshno boʻlgan bolalar keyinchalik ham kitob oʻqishda davom qilishadi. Demak, oila jamiyatning asosiy boʻgʻini degan gap ham bekorda aytilmagan.
Hozirgi kunda Oʻzbekitonda yoshlarning kitobxonlik darajasi qay ahvolda?
Bu savolga javob topish uchun Toshkentdagi kitob doʻkonlari, metro bekatlari va avtobuslarni kuzatdim. “Ildiz” kitob doʻkoniga (oldin nomi Azon edi) bordim. Xodimlarining aytishicha kuniga oʻrtacha 200-300 nafar inson kelar ekan. Asosan xaridorlarning 60 foizini ayollar tashkil qilarkan. Diniy-maʼrifiy mavzudagi kitoblar xaridorgir ekanini taʼkidlashdi. Yana boshqa — “Qamar” doʻkoniga borganimda ham u yerda ham shunga oʻxshash gaplarni aytishdi.
Boshqa bir kitob doʻkoniga borganimda u yerda kuniga oʻrtacha 20-30 ta odam kelishini va kitob sotib olishini aytishdi. Yana shunga oʻxshash kitob doʻkonlarida kuniga 30 ta atrofida xaridorlar kelishini aniqladim. Demak, nomi mashhur boʻlmagan kitob doʻkonlariga kitobxonlarning kelishi kamroq boʻlarkan. Lekin shuni taʼkidlash joizki, bu faqat Toshkent shahridagi vaziyat.
Bir oy davomida avtobus va metroda yurib odamlarni kuzatdim. Avtobus metroda odamlar kitob oʻqimaydigan boʻlishgan. Har zamon koʻzim tushib qoladi. Lekin ular bir yoki ikkitani tashkil qiladi. Hozir yoshlarimiz faqat telefon orqali ishini bitiradigan boʻlib qolishgan. Yoʻlda, uyda avtobus, metro hatto oʻqishda ham. Kitobni ham telefon orqali oʻqishadi.
Xoʻsh, elektron kitob yoki qogʻoz kitob. Qaysi bir afzalroq? Elektron kitoblarning ham, qogʻoz kitoblarning ham oʻz afzalliklari mavjud. Ekektron kitoblarning ham afzalliklari bor. Har bir inson kichik hajmdagi kitobni oʻz smartfonida saqlaydi. Koʻplar kitoblarni olib yurmasdan ularni telefonda saqlash va oʻqish mumkin. Qurilma orqali oʻqiydigan kitobning shrift va yorqinligini nazorat qilishingiz, bir necha xatchoʻplar va eslatmalar qilishingiz mumkin. Elektron kitobning afzalliklari boʻlgani kabi kamchiliklari ham bor. Asosiy kamchiligi qogʻoz kitobga qaraganda koʻzning koʻrish qobiliyati pasayishi boʻlsa, yana boshqa bir kamchiligi akkumlyator masalasidir. Uning zaxirasiga qaramasdan ertami-kechmi u noqulay vaziyatda oʻchib qolishi mumkin.
Qogʻoz kitobning afzalliklari koʻp. Agar kitob sotib olsangiz u abadiy sizniki boʻladi. Undan istalgan vaqtda foydalanishingiz mumkin;
Kitob hech qachon buzilmaydi. Foydalanish ham oson; Kitobning oʻziga xos hidi bor. Unga teginish orqali sizda boshqacha xis paydo boʻladi; Uni bemalol yaqinlaringizga berib turishingiz mumkin. Bundan tashqari kitobning akkumlyatori hech qachon tugamaydi; Kitob eng yaxshi sovgʻa. Kitob yosh tanlamaydi. Onamizga, doʻstimizga ham birdek manzur keladigan eng yaxshi sovgʻa bu kitob.
Oʻzbekiton Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-2025-yillarda “Kitobxonlik madaniyatini rivojlatirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi. Unda quyidagi bandlar mavjud:
- aholi, avvalo, yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, nashriyotlar va ijodkorlar faoliyatiga koʻmaklashish, bolalarga moʻljallangan adabiyotlarni chop etishni qoʻllab-quvvatlash;
- milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, respublikaning olis hududlarida va yoshga doir kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish;
- kitob savdosini tashkil etish tartiblarini soddalashtirish, yangi nashr etilgan kitoblarni yetkazish va axborot manbalarini tarqatish tizimini takomillashtirish;
- aholining kitobxonlik darajasi va kitobga qiziqishini tizimli oʻrganib borish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan loyiha va tanlovlarni tashkil etish, kutubxonachi kadrlar salohiyatini oshirish;
- xorijiy asarlarga onlayn buyurtma berish, ularni respublika hududiga olib kelish va tarqatish tizimini hamda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish boʻyicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish.
- kitob yetkazib beruvchilarni zamonaviy ijtimoiy ehtiyojlarga moslashtirish, infratuzilmani yaxshilash, axborot-kutubxona markazlarini chop etiladigan bosma nashrlar va ularning elektron nusxalari bilan toʻldirib borish, elektron kitoblar yaratish, kitoblarni raqamlashtirish va elektron kataloglarni tuzish hamda tizimli ravishda yangilab borish;
Xulosa qilib aytganda, davlatimizda kitobxonlikka yaratilgan sharoitlardan, islohotlardan biz yoshlar oqilona foydalanishimiz kerak. Oʻzbekistonning turli viloyatlarida yoshlarni kitobxonlikka jalb qilish uchun Xorazm, Namangan va Qoraqalpogʻistonda katta kutubxonalar ochildi. Bundan tashqari Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi “Turon” kutubxonasi ham qayta ish faoliyatini boshladi. Bu kutubxonalardan turli xildagi oʻzbek, rus va gʻarb adabiyoti namoyondalarining asarlari topish mumkin. Yaratilgan bunday imkoniyatlar yoshlarni sifatli taʼlim olishiga ulkan hissa qoʻshadi.
Yosh avlodning kitobga mehr qoʻyishida avvalo har bir bogʻcha, maktab, litsey, universitetlarning oʻrni alohida hisoblanadi.
“Taʼlimni tarbiyadan, tarbiyani esa taʼlimdan ajratib boʻlmaydi – bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasidir”. Shunday ekan, bolanining qanday tarbiya va bilim olishida yuqorida aytilganidek avvalo ota-ona maʼsul hisoblanadi. Bogʻcha yoshligidan bolaga kitobga mehr qoʻyishni har bir bogʻcha xodimi oʻrgatishi kerak. Maktab davrida ham sinf rahbarlari oʻquvchilarga hech boʻlmasa oyda bitta kitob oʻqishni vazifa qilib berishi va yanada qiziqishi ortishi uchun sovgʻalar, faxriy yorliqlar bilan taqdirlab turishi kerak. Kitobxonlik kechalari uyushtirilib unda oʻquvchilarni koʻproq bunga jalb qilish va ularni bunga yoʻnaltirish kerak. Oliy oʻquv yurtlarida ham shunga oʻxshagan turli xil kitobxonlik tadbirlarini koʻproq oʻtkazish kerak. Yoshlarni boʻsh vaqtini samarali oʻtkazish uchun har xil turdagi kitob koʻrgazmalari amalga oshirish va namunali talaba yoshlarni taqdirlab turish kerak. Shundagina jamiyatda aholining savodxonlik darajasi oʻsadi. Lekin bir narsa odamni xursad qiladiki, yaqin 3-4 yilga nisbatan aholining kitobxonlikka qiziqishi ancha oshganini koʻrish mumkin. Bu esa jamiyatdagi yosh oʻgʻil-qizlarga oʻzlariga boʻlgan motivatsiyani oshiradi degan umiddaman.
Jahongir OTABOYEV,
Oʻzbekiston Xalqaro Islom Akademiyasi
Xalqaro munosabatlar 4-kurs talabasi