Manbaalarda keltirilishicha, So'x vohasining tabiiy sharoiti va unda joylashgan 20 dan ortiq g'or hamda ungurlar qadimgi davrlarda ibtidoiy odamlarning yashashlari uchun qulay imkoniyat yaratgan. Ko'p yillik arxeologik qazishmalar natijasida, Selungur g'orida taxminan 1,5 million yil muqaddam yashagan odamlarning manzilgohi topilgan.
Toshkentdagi O'zbekiston xalqlari tarixi muzeyida saqlanayotgan miloddan avvalgi V asrga mansub bo'lgan bilaguzuk shaklidagi qo'shilon tamg'a qadimiy So'xning Old Osiyo mamlakatlari bilan madaniy aloqalaridan dalolat bersa, Suratisoy va Obishir qoyatosh tasvirlari esa undan ham qadimgi davrlardan rivoyatlar so'zlaydi.
Vohaning o'rtasidan oqib o'tguvchi So'x daryosi Oloy tizma tog'larida joylashgan 99 ta muzlik — qor suvlaridan to'yinadi. Uning umumiy uzunligi 172 kilometr bo'lib, daryodan Qirg'izistonning bir qator mavzelari, Farg'ona viloyatidagi Rishton, O'zbekiston, Buvayda, Uchko'prik, Dang'ara, Oltiariq, Bag'dod tumanlari ekin maydonlarini sug'orishda foydalaniladi.
Ko'hna So'xda bo'lgan kishi uning zilol buloqlari, jo'shqin soylari, ko'kka talpingan archalari, rango-rang betakror tabiatidan, samimiy va tanti odamlarining dilkash suhbati, kasb-kori, ilmu ma'rifatga bo'lgan mehridan unutilmas taassurot oladi.
Aslida keyingi paytda So'x tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar shiddati tog'liklar hayot tarzini tubdan o'zgartirib yubordi.
Ezgu vazifalar ijrosi
Prezidentimizning 2020-yil 8-avgustdagi “2020-2021-yillarda Farg'ona viloyatining So'x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida yillar davomida yechimni kutib turgan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va maishiy sohalardagi ko'plab muammolarga yechim topildi. Xususan, iqtisodiyotda erkin bozor mexanizmlarining joriy etilishi, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash hamda soliq ma'murchiligini takomillashtirish borasida ko'rilgan amaliy yaoralar natijasida tuman iqtisodiyoti qariyb ikki barobarga o'sdi, kichik biznes subyektlari soni 5 hissaga ko'payib, 1014 taga yetdi.

— Bundan bir yil oldin aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash darajasi bor-yo'g'i 20 foizni tashkil etar edi, — deydi tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev. — Qaror ijrosi doirasida olib borilgan ishlar natijasida ichimlik suvi bilan ta'minlash darajasi 66 foizga yetdi, 16 ming nafardan ortiq aholi ilk bor toza obihayot bilan ta'minlandi. Shuningdek, 152 kilometr yo'l, 162 kilometr elektr uzatish va 20 kilometr gaz tarmoqlari tortildi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida Rovon, Istiqlol, Qal'a, So'x, G'aznov, Hushyor, Mulgon, SHarqobod va Oftobru mahalla fuqaro yig'inlarida keng ko'lamli bunyokorlik ishlarining amalga oshirilishi tufayli olis qishloqlarning me'moriy qiyofasi o'zgardi, aholiga kundalik hayot tarzi uchun kerakli bo'lgan sharoitlar yaratildi. Tumanda asfalt yotqizilmagan, ichimlik suvi tarmog'i tortilmagan mahalla qolmaydi. Rishton—So'x yo'lining Qirg'izistondan o'tgan qismini asfaltlash uchun ham mablag' ajratiladi.
Yo'llar yaqin, ko'ngil xotirjam
So'xliklarning ko'p yillik orzulari ro'yobga chiqdi. Navobod mahalla fuqarolar yig'ini hududida qisqa fursatda yangi aeroport qurilishi poyoniga etdi. Umumiy maydoni yetti gektar, uzunligi yetti yuz metrni tashkil etgan uchish-qo'nish yo'lagi havo kemalarining erkin harakatlanish imkoniyatini beradi.
Qurilish ishlari uchun davlat byudjetidan olti milliard sakkiz yuz million so'm mablag' ajratildi. Bu yerda uchish maydonchasi, kutish zali, ovqatlanish shaxobchasi, savdo nuqtasi, dam olish joylaridan iborat zamonaviy majmua qurilib, foydalanishga topshtrildi.
Bundan bir necha kun oldin qo'nalg'a dastlabki sinov parvozini qabul qildi. Farg'ona xalqaro aeroportidan mahalliy vaqt bilan soat 12:30 da havoga ko'tarilgan “Humo Air” aviakompaniyasiga qarashli An-2P yo'lovchi samolyoti qirq daqiqa o'tib So'x aeroportiga kelib qo'ndi.
Ilk parvoz tuman hokimligi, sektorlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari tomonidan katta tantana bilan kutib olindi. Amalga oshirilgan parvoz hamda So'x aeroportida yaratilgan texnik sharoitlar mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Samolyot qayta Farg'onaga parvoz qilib, viloyat markaziga yetib keldi.
— Yo'llar yaqin, ko'ngil hotirjam, — deydi Istiqlol mahallasida yashovchi 87 yoshli Subhiddin ota Sharofiddinov. — Zarurat yuzasidan viloyat markazi, qo'shni tumanlarga borib kelishda o'ziga xos qiyinchiliklarga duch kelar edik. Uzoq yo'l, chegara hududidagi rasmiyatchilik ko'p vaqt yo'qotishga sabab bo'lardi. Kichik aviatsiya transporti bu boradagi muammolar echimida keng imkoniyat yaratadi. Bu voqea huddi ertakdek tuyuladi. Aslida esa bu ertak yoki tush emas, hayotiy haqiqat.
Qirq yil boshlang'ich ta'lim sohasida yoshlarga saboq berganman. Yaqinda Davlatimiz rahbarining viloyatimiz saylovchilari bilan uchrashuvi chog'ida maftunkor tabiati va musaffo havosi bilan tanilgan So'xda sihatgoh barpo etish yuzasidan taklif bildirdim. Prezidentmizga rahmat, bu taklifni ma'qullab, nuroniylar uchun 100 o'rinli zamonaviy sihatgoh barpo etiladigan bo'ldi. Bu ham juda katta g'amxo'rlik namunasi.
Ma'lumki, bundan olti oy oldin Farg'ona viloyati va Qirg'izistonning Botken viloyatlari orasida “Rishton” (“Qaytpas”) va “Tul” (“etikchi”) chegara postlari faoliyati tiklanib, Qirg'iziston orqali o'tgan So'x-Rishton yo'li tantanali ravishda qayta ochilgan edi. Bu voqea ham so'xliklar uchun katta shodyonaga aylangandi. Chunki ana shundan buyon ular iloyat markaziga kelish uchun 80 kilometr yo'l bosib, behuda vaqt sarflamaydigan, 19 kilometrlik qisqa yo'l orqali ortiqcha ovoragarchiliklarsiz ko'zlangan manzilga yetib boradigan bo'lishdi.
—Mazkur yo'lning ochilishi savdo-iqtisodiy munosabatlarimiz, tadbirkorlik rivojida ham muhim ahamiyatga ega, — deydi Botken viloyatining Qadamjoy tumanida yashovchi tadbirkor Rajabali Xudoyberdiyev. — Chunki, endilikda o'zaro mahsulot ayirboshlash, hamkorlikda tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish mkoniyati yanada kengaydi.
Hech shubhasiz, u avia yoki quruqlikdan solingan yo'l bo'lsin, bir daraxtning ikki zabardast shoxi bo'lgan xalqlarimizning do'stlik, qardoshlik, mehr-oqibat yo'llariga aylanaveradi.
Pul topgan odam shaharga oshiqardi
Sababi ilgari qishloqlarda odamlarning kundalik hayot tarzi uchun oddiy sharoitlar yo'q edi. Qishda sovuq, sababsiz chiroq o'chishlar, o'nqir - cho'nqir yo'llar, suv, gaz ta'minoti bilan bog'liq kundalik etishmovchiliklar girdobida yashashni kim ham istaydi. Shu bois pul topgan odam yashash uchun shaharga oshiqardi...
Bugun bu yerdagi hayot tarzi o'zgardi. Endi uy-joy qilaman degan so'xliklar o'z qadrdon masakanlaridan ketishni xohlashmayapti.
Prezidentimiz qarori ijrosi doirasida bu erda 8 ta, 280 ta xonadonli ko'pqavatli uylar qurib bitkazildi. Shu kunga qadar yangi xonadonlarning 170 tasi ehtiyojmand oilalarga ajratilib, dastlabki badal pullari to'lab berildi.

— Mana shunday ko'rkam, barcha qulayliklari mujassam bo'lgan uylarda yashashni juda orzu qilardim, — deydi Muyassar Ibragimova. — Ikki xonali shinam uyning boshlang'ich to'lovini to'lab berishdi. Kundalik hayot tarzimiz uchun muhim bo'lgan sharoitlar yaratilgan. Bolalar uchun o'yin maydonlari, dam olish maskanlari, savdo va maishiy xizmatlari faoliyati yo'lga qo'yilgani ayni muddao bo'ldi. Bizga mana shunday qulay shart-sharoitlar yaratib bergan Prezidentimizdan minnatdorman.
Tumanda aholi yashash sharoitini yaxshilash, ya'ni uy-joy bilan ta'minlanganlik darajasini oshirish maqsadida 2017-2021-yillar davomida 89 ta namunaviy loyihalar asosida yangi hovli joylar barpo etildi. Bu oldingi besh yilga nisbatan 4 barobar ko'p.
Soliq imtiyozi — yangi imkoniyatlarga qanot
Chegara hududida yashayotgan aholi va tadbirkorlik subyektlariga nisbatan pasaytirilgan miqdorda soliq stavkalari joriy etildi. 2021-yil 14-sentyabr kuni qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonunida ayrim hududlarda soliq solishning alohida tartibini nazarda tutuvchi maxsus soliq rejimi kiritildi. Bu imtiyozdan so'xliklar ham foydalanmoqda. Unga ko'ra, foyda, aylanmadan va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad va ijtimoiy soliqlar stavkalari bo'yicha imtiyozlar berildi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat'iy belgilangan miqdorlarda undiriladigan daromad va ijtimoiy soliqlar bo'yicha bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida belgilanishi nazarda tutilgan.
— Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari chakana savdosi uchun oylik qat'iy daromad solig'iga 100 ming so'm, yiliga 1,2 million so'm, ijtimoiy soliq uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida 270 ming so'm, yiliga o'rtacha 3 million so'm, jami 4,2 million so'm miqdorida soliq to'lashim zarur edi, — deydi yakka tartibdagi tadbirkor Ilhomjon Salomov. — Imtiyozlar qo'llanishi natijasida bu daromadlar o'z ixtiyorimda qoladigan bo'ldi. Bu faoliyatimni yanada kengaytirish, qo'shimcha ish o'rinlari yaratish imkoniyatini beradi.
Joriy etilgan yangi imtiyoz bo'yicha yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk, yer, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlar bo'yicha belgilangan stavkalarga nisbatan 0,1 koeffitsient (belgilangan soliq stavkasining 10 foizi) qo'llagan holda to'lanishi belgilangan.
So'x tumani, “Zagnat” MFYda yashovchi Hasan Inazarovning yashash xonadoniga amaldagi tartibga ko'ra, 2021-yil uchun mol-mulk solig'iga 136 ming so'm, yer solig'iga 903 ming so'm, jami 1 million 39 ming so'm soliq hisoblangan. Imtiyoz tufayli joriy yilgi mol-mulk solig'iga 13,6 ming so'm, yer solig'iga 90,3 ming so'm, jami 103,9 ming so'm soliqlar hisoblanadigan bo'ldi.
Uzoqqa borishga hojat qolmadi
Aholi salomatligini muhofaza qilish, birlamchi tibbiy-sanitariya hamda tez tibbiy yordam ko'rsatish ishlariga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.
O'tgan yillar davomida So'x tuman tibbiyot muassasalariga “Salomatlik-3” loyihasi, “Islom taraqqiyot banki”, Respublika va viloyat byudjetidan jami 1 million dollardan ortiq tibbiy uskunalari olib kelindi. Tibbiyot muassasalari bilan zamonaviy axborot texnologiyalari orqali aloqa yo'lga qo'yildi.
Aholining dori vositalari va tibbiy buyumlarga bo'lgan talabini qondirish maqsadida “Farg'ona dori-darmon” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli 1 ta markaziy ijtimoiy dorixona, uning 8 ta shaxobchasi va 1 ta ko'chma dorixona tashkil etildi.
Davlat investitsiya dasturi doirasida 3 690,8 million so'm mablag' evaziga markaziy shifoxona hududda 25 o'ringa mo'ljallangan yangi yuqumli kasalliklar bo'limi binosi ishga tushirildi.
— Uzoqqa borishga hojat qolmadi, — deydi bo'lim mudiri Mehribon Boltaboyev. — Bu erda bemorlarga malakali xizmat ko'rsatish uchun zarur sharoitlar yaratildi. 40 nafardan ortiq mutaxassislar faoliyat yuritadi. Ichak va havo tomchi infektsiyalari bo'linmalari bir vaqtda 25 nafar bemorga malakali tibbiy xizmat ko'rsatib kelmoqda.
Dastur doirasida olib borilayotgan ishlar ko'lami keng. Ayni kunda “Lenbur” va “Mulg'on” qishloq vrachlik punktlari binosini yangidan qurish, yana etitasini rekonstruktsiya qilish ishlari poyoniga etmoqda.
"Oftobru" mahalla fuqarolar yig'inida yangi sog'lomlashtirish markazi qurildi. “Sabrina nevromed” xususiy korxonasi tomonidan tibbiy xizmat ko'rsatish markazi ishga tushirildi. “So'x - Reatsentr” xususiy korxonasi rahbari Solijon Musaev sog'lomlashtirish markazi qurilishiga bosh bo'ldi.
Bu erda gidroterapiya, ya'ni suv bilan davolash, nevrologiya-terapiya, travmotologiya bo'limlari mavjud. Sog'lomlashtirish markazida kam ta'minlangan, ijtimoiy ko'makka muhtoj oilalar, nogironligi bo'lganlarning davolanishlari uchun imtiyozlar mavjud.
Bolajonlar quvonchiga uyg'un ishlar
“Sharqobod” maahalla fuqarolar yig'ini hududidagi 14-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti qayta ta'mirdan chiqarildi. Bu erda umumiy qiymati 3,8 milliard so'mlik bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib 100 nafardan ortiq kichkintoy uchun zamonaviy sharoitlar yaratildi.

Ma'lumot o'rnida aytganda, bundan ikki yil avval tumanda bolalarni boshlang'ich ta'limga jalb etish 30 foizga ham etmagan. Endilikda bu boradagi ishlar salmog'i oshdi, yangi ta'lim maskanlarini qurish, qayta ta'mirlash ishlari taraqqiy etdi.
—Bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrovini kengaytirish masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda, — deydi tuman maktabgacha ta'lim tashkiloti bo'lim mudiri Gulnoza Usmonova. — Shu kunga qadar 11 ta davlat maktabgacha ta'lim muassasasi, 35 ta oilaviy bog'cha tashkil etilib, 3-7 yoshgacha bo'lgan bolajonlarni boshlang'ich ta'lim yo'nalishiga qamrab olish darajasi 66 foizga etdi. Joriy yilning o'zida 3 ming nafarga yaqin bolalar boshlang'ich ta'limga jalb etildi.
Tumanda istirohat bog'lari tashkil etish, sport muassasalari faoliyatini bugungi kun talablari asosida yo'lga qo'yish va murabbiylik faoliyatini rag'batlantirish borasidagi sa'y-harakatlar ham barkamol avlod orzusi yo'lidagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarishda muhim ahamiyat kasb etyapti.
Misol uchun Madaniyat saroyi binosida faoliyat yuritayotgan “Raqamli texnologiyalari markazi” ni olaylik. U zamonaviy kompyuter jihozlari bilan ta'minlangan, yiliga 1200 nafarga yaqin yoshlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, dasturlash, robototexnika asoslari, zamonaviy raqamli texnologiyalarni o'rgatish hamda bu sohada mutaxassislarni tayyorlashda kamarbasta bo'lib kelyapti.
Tabiiyki, bu jarayonlar bevosita axborot-kommunikatsiya tizimining holati bilan bog'liq. Tumanda 62 kilometr optik tolali aloqa kabellari, umumiy sig'imi 536 portli zamonaviy qurilmalar, 5 ta mobil aloqa baza stansiyalari o'rnatilgani nainki yoshlarga, balki barcha aholiga dunyoning har qanday “burchagi”ni bir zumda yaqin qilyapti, internet xizmati tezligini oshirishda qo'l kelyapti.
Chempion yoshlar kamol topmoqda
Samarqand viloyatida karate bo'yicha o'tkazilgan xalqaro turnirda 6 yoshli Shoxmurodon Shoqayumov, Mohigul Viktorova, Alisher Valiyevlar chempionlik shoxsuppasiga ko'tarildi. Boks musobaqalarida Behruz Fayziyev, Avazbek A'zamjonov, Sardor Qaxxorovlar viloyat, respublika miqyosida o'tkazilgan nufzuli bahslarning g'olibi bo'ldi. Bu bejiz emas.
So'xda sport turlarini rivojlantirish, inshootlar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilayotgani yutuqlar omili bo'lyapti.
Markaziy o'yingoh qayta qurildi, 15 dan ortiq sun'iy qoplamali sport maydonchalari, 5 ta fintes klubi va 1 ta suzish havzasi tashkil etildi. Buning natijasida karate-do, belbog'li kurash, boks, badiiy gimnastika, engil atletika, tennis singari sport musobaqalarida ishtirok etayotgan yoshlar ko'paymoqda.
—“Rovon” mahalla fuqarolar yig'inidagi “So'g'diyona” sport majmuasi ta'mirdan chiqarildi. Iqtisodiyot va pedagogika kasb-hunar kolleji negizidagi 2-soli Bolalar va o'smirlar sport maktabi qurilishi poyoniga etdi, — deydi tuman turizm va sport bo'limi boshlig'i Suhrobjon Qoziyev. — Sport majmualari uchun 206 turdagi 560 million so'mdan ortiq sport jihozlari olib kelindi. 124 nafar so'xlik yoshlar respublikamizdagi jismoniy tarbiya yo'nalishidagi oliy ta'lim maskanlariga imtiyozli qabul qilindi. Asosiy maqsad, 2024-yilda Fransiyada bo'lib o'tadigan to'rt yillikning nufuzli bahslarda so'xlik yoshlarning munosib ishtirokini ta'minlashga qaratilmoqda.
Sayyohlik maskanlari chorlaydi
So'x tumani xushmanzara tabiatga ega jannatmonand go'shalardan. Hudud har tarafdan purviqor tog'lar bilan o'ralgan. Bu yerda 15 ga yaqin madaniy, me'moriy yodgorliklar bor. “Hazrat Ali”,”Sulton G'aznaviy” ziyoratgohi, Sulung'ur g'ori, Xujayli Murod beshigi singari madaniy yodorliklar ko'pchilik e'tiborini tortadi. Ayniqsa, “Surati” tog'i bu yerga kelgan sayyoxlar uchun muhim tilsimot bo'lishi, shubhasiz. Silliq tog' toshlari oynadek tovlanadi. Unga qarab, So'xning go'zal va betakror tabiatining ko'z ilg'amas jihatlarini tamosha qilish mumkin. Baland o'rkachli bu tog'lar hududda alpinizm sohasida yangi yo'nalishlar ochish uchun juda qulay.

— So'x – Farg'ona yo'nalishi bo'yicha aviaparvozlarning yo'lga qo'yilishi sayyohlar uchun ham katta qulayliklar yaratadi, —deydi turizm va sport bo'limi bosh mutaxassisi Otabek Latipov. — Bu mehmonxona va xizmat ko'rsatish tarmoqlariga bo'lgan talabni oshirmoqda. Shu maqasadda 22 ta uy mexmonxonasi qurildi. Bu borada ish olib borayotgan yangi loyiha tashabbuskorlari ko'p. “Qayroq” massvida amalga oshirilayotgan nasos stantsiyasi qurilishi hududda agroturizmni rivojlantirish imkoniyatini beradi.
So'xda amalga oshirilayotgan loyihalar ko'lami keng. Eng avvalo, tuman toboro sanoatlashib boryapti. Eksportga yo'naltirilgan ishlab chiqarish korxonalarini ko'paytirish, yer osti tabiiy boyliklarini qazib olish faoliyatini takomillashtirish, mevani qayta ishlash va qadoqlash borasidagi ishlar uning muayyan qismi. Baliqchilik va parrandachilikni rivojlantirish, intensiv bog'lar barpo etish, issiqxonalar qurishga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash ham birinchi navbatdagi vazifalar sirasiga kiradi...
Lekin bu va boshqa yo'nalishdagi ishlar haqida hikoya qilish kelgusi ijodiy rejalarimiz mavzusi. Olis tumanga kelgan kishi ana shunday ulkan o'zgarish, bunyodkorliklar bilan hamoxang yashayotgan so'xliklar quvonch va shodliklariga, ularning kun sayin o'zgarib borayotgan hayoti shukuhiga bevosita guvoh bo'ladi. Betakror tabiati, yaratuvchan va samimiy odamlarining dilkash suhbati ularni bu ko'hna zaminga chorlayveradi.
Rasuljon Kamolov,
Abdurauf Qorjovov,
”Yangi O'zbekiston” muxbirlari.