Konstitutsiyada “Advokatura” nomi bilan ataluvchi yangi bob shakllantirildi

    Mamlakatimizda 30 Sentabr 2022 1928

    Konstitutsiyaviy komissiyaning navbatdagi brifingi oʻtkazildi.

    Brifingda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya matbuot kotibi Odiljon Tojiyev qonun loyihasidagi 26-, 37-1-, 41, 45, 46, 98, 99, 112- moddalariga kiritilishi taklif etilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar haqida maʼlumot berib oʻtdi.

    "Konstitutsiyamizning 26-1-moddasiga quyidagi yangi norma kiritilishi taklif etilayapti:

    Jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta koʻrilishi huquqiga, shuningdek afv etish yoki jazoni yumshatish toʻgʻrisida iltimos qilish huquqiga ega.

    Bu qoidani Konstitutsiyada aks ettirish nima uchun dolzarb hisoblanmoqda? Ilgari bu boradagi huquqni qoʻllash amaliyoti yoʻqmidi? Albatta, bor edi. Yaʼni, sudlanuvchi, uning himoyachisi, qonuniy vakili yoki jabrlanuvchiga birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hukmlari ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish yoki protest bildirish imkoniyatini taqdim etuvchi norma milliy qonunchiligimizda mavjud.

    Ammo ushbu insonparvar tamoyilning Konstitutsiyamizda aks ettirilishi kelgusida bu qoidaning toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashiga, fuqarolarimizning manfaatini himoya qilishga xizmat qiladi.

    ***

    Yana bir muhim yangilik: keyingi yillarda nafaqat respublikamiz aholisini, balki butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan ekologik muvozanatni saqlash masalasiga oʻziga xos yechim boʻladigan yangi norma Konstitutsiyaviy qonun loyihasidan oʻrin olishi kutilmoqda.

    Loyihaning 40-1-moddasi shaklida kiritiladigan mazkur moddada quyidagi normalar oʻrin olgan:

    Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash, atrof-muhitga xoʻjalik faoliyatining va boshqa faoliyatning zararli taʼsir koʻrsatishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

    Shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi.

    Bu oʻzgarish jamiyatimizda fuqarolarning ekologik huquqlari va majburiyatlarini belgilash, ayniqsa, mansabdor shaxslarning tabiat himoyasi uchun masʼuliyatini keskin oshirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.

    ***

    Bundan tashqari, Konstitutsiyamizning yangi 41-2-moddasida yaqin kunlarda mamlakatimizda kasb bayrami keng miqyosda nishonlanadigan oʻqituvchilarning obroʻsini oshirishga, ularning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlashga xizmat qiladigan norma kiritilishi nazarda tutilmoqda:

    Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi.

    Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi.

    ***

    Bundan tashqari, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 56-moddasiga kiritilishi taklif etilayotgan oʻzgartish bilan jamoat birlashmalarining aniq tasnifi va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat dasturlarini ishlab chiqishdagi ishtiroki haqida soʻz boradi.

    Xususan ushbu moddaga quyidagi norma qoʻshilishi taklif etilmoqda:

    56-modda. Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi.

    ***

    Yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning konstitutsiyaviy kafolatlarini mustahkamlovchi butunlay yangi norma shakllantirildi.

    Xususan, yangi 65-1-moddaga yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari davlat tomonidan himoya qilinishi hamda ularning jamiyat, davlat hayotidagi faol ishtirokini ragʻbatlantirish davlatning muhim vazifasi ekanligini belgilovchi norma kiritilishi taklif etilayapti.

    Shuningdek, mazkur moddaga davlat yoshlarning maʼnaviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning taʼlim olishga, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi lozimligi bilan bogʻliq norma qoʻshilishi kutilayapti.

    ***

    Bundan tashqari, fuqarolardan kelib tushgan koʻplab takliflar asosida Konstitutsiyada “Advokatura” nomi bilan ataluvchi yangi bob (XXII - I bob) shakllantirildi.

    Mazkur yangi bobda inson huquqlarini himoya qiluvchi advokatura tizimini kuchaytirishga xizmat qiluvchi bir qator modda va normalar oʻrin olgan.

    Xususan, 116-moddaga kiritilishi taklif etilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar quyidagi shakl va mazmunda:

    Jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam koʻrsatish uchun advokatura faoliyat koʻrsatadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan koʻrsatiladi.

    Advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va oʻzini oʻzi boshqarish prinsiplariga asoslanadi.

    Advokatura faoliyatini tashkil etish va uning tartibi qonun bilan belgilanadi.

    Shuningdek, yangi 116-1-moddaga quyidagicha norma kiritilishi nazarda tutilmoqda.

    Advokat oʻz kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Advokatga oʻz himoyasidagi shaxs bilan toʻsiqlarsiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar taʼminlanadi.

    Advokat va uning kasbiy faoliyati davlat himoyasida boʻladi. Advokatning kasbiy huquqlari, shaʼni va qadr-qimmati qonun bilan muhofaza qilinadi.

    ***

    Takomillashtirilayotgan Bosh qomusimizda ommaviy axborot vositalari vakillari va ularning faoliyati erkinligini kafolatlash borasida ham oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi nazarda tutilmoqda.

    Xususan, Konstitutsiyamizning 67-moddasiga quyidagi yangi normalarni qoʻshimcha tarzida kiritish koʻzda tutilmoqda:

    Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, axborotdan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.

    Ommaviy axborot vositalarining va jurnalistlarning faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.

    Ommaviy axborot vositalari oʻzlari taqdim etadigan axborotning toʻgʻriligi uchun javobgardir.