Vakolatxona IT Park Uzbekistan va Global Digital Innovation Network (GDIN) hamkorligida Seongnam shahridagi Pangyo Technovalley texnologik klasteri hududida tashkil etildi.
Koreya Respublikasiga xizmat safari doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Rajabov GDIN prezidenti va bosh direktori JongKap Kim bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Marosimda Daniyar Atajanov IT Park Uzbekistan’ning Koreya Respublikasidagi rasmiy vakili etib tayinlangani ma’lum qilindi.
Tadbir doirasida IT Park Uzbekistan va GDIN o‘rtasida Anglashuv memorandumı imzolandi.
Hujjat startaplarni qo‘llab-quvvatlash, texnologik kompaniyalarning xalqaro miqyosda kengayishiga ko‘maklashish hamda O‘zbekiston va Koreya innovatsion ekotizimlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirishni nazarda tutadi.
Hamkorlik doirasida qo‘shma korxonalar tashkil etish, kompaniyalarni xorijiy bozorga olib chiqish dasturlarini amalga oshirish, ikki mamlakat startaplari o‘rtasida almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma pilot loyihalarni ishga tushirish, shuningdek, sun’iy intellekt va R&D yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan.
O‘zbek startaplari Koreya bozorida sinovdan o‘tkaziladi
Tomonlar Korea–Uzbekistan Global PoC Program doirasida o‘zbek startaplari uchun birinchi Proof of Concept (PoC) loyihasini ishga tushirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi.
Mazkur dastur startaplarga o‘z texnologik yechimlarini Koreya bozorida sinovdan o‘tkazish, potensial hamkorlar va buyurtmachilardan fikr olish, mahsulotga bo‘lgan talabni baholash hamda keyingi bosqichda kengayishga tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi.
Dastlabki bosqichda uchta qo‘shma korxona va bitta PoC dasturini tayyorlash ko‘zda tutilgan. Ularni ishga tushirish 2027 yil yanvar oyiga rejalashtirilgan.
Shuningdek, IT Park Uzbekistan GDIN hamkorlik tarmog‘iga qo‘shiladi. Bu ikki mamlakat texnologik kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish imkonini beradi.
Tadbir doirasida Koreyaning texnologik, investitsiyaviy, ta’lim va biznes hamjamiyati vakillari ishtirokida networking-sessiyasi ham o‘tkazildi.
Unda KOIIA, Inpro, KPMG, Ezcure, Korea IT Consulting, KDDI Korea, Neural D, Yonsei University, ARTYZ Korea Inc., WISESTONE, Prototie va SaferZone vakillari ishtirok etdi.
Tomonlar kompaniyalarning ikki mamlakat bozorlariga chiqishi, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda texnologik kompaniyalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
GDIN 3 mingdan ortiq texnologik kompaniyani qo‘llab-quvvatlagan
Global Digital Innovation Network 2013 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Koreya va boshqa mamlakatlarning innovatsion texnologik kompaniyalari o‘rtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda ularning global bozorga chiqishiga ko‘maklashadi.
Ma’lum qilinishicha, faoliyati davomida GDIN 3 mingdan ortiq texnologik kompaniyani qo‘llab-quvvatlagan, 160 ta xalqaro hamkorlik aloqasini rivojlantirishga ko‘maklashgan va 20 mingdan ortiq konsalting xizmati ko‘rsatgan.
Shuningdek, tashkilot kompaniyalarga qariyb 3,6 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilishga yordam bergan.
Yangi Liaison vakolatxonasi va imzolangan memorandum o‘zbek startaplarining Koreya bozoriga chiqishi, koreys kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish, qo‘shma korxonalarni ishga tushirish hamda PoC dasturlari doirasida texnologik yechimlarni sinovdan o‘tkazish uchun amaliy asos yaratadi.