Maykl Blumbergning Yangi iqtisodiy forumida nutq so'zlagan tadbirkor pandemiya rivojlanishi mumkin bo'lgan stsenariy haqida to'xtaldi.
“Tabiiy immunitet, vaksina, antitanachalar tufayli paydo bo'lgan immunitet, yangi dori-darmonlar sabab kelgusi yozgacha o'lim va kasalliklar ko'rsatkichlari pasayishi, hatto mavsumiy grippga qaraganda ham pastroq bo'lishi kerak”, dedi u va yangi shtammalar paydo bo'lmagan taqdirdagina bunga umid qilish mumkinligini qo'shimcha qildi. Geytsning fikricha, vaksina va dori-darmonlar haqidagi so'nggi “juda yaxshi” xabarlar bunday xulosaga kelishga asos bo'la oladi.
Milliarderning ishonch bildirishicha, profilaktika dori vositalari taqchilligi bilan bog'liq barcha qiyinchiliklar kelgusi yilga qadar hal bo'ladi, faqat logistika va talab tufayli yuzaga kelgan cheklovlar saqlanib qoladi.
U ba'zi mamlakatlarda, masalan, Afrikada vaksinalarga talabning oshishi ma'lum bir muammo bo'lishini ta'kidladi, biroq bu muammoni hal qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga va'da berdi.
Geyts, shuningdek, Merck kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan virusga qarshi dorining narxi 8 dollardan ham arzon bo'lishini ta'kidladi.
“Bu xavf ostida bo'lgan yoshi kattalar yoki surunkali kasallikka chalingan har bir kishi topshirgan test musbat natija berishi bilanoq profilaktik davolanishni boshlash imkonini beradi”, — dedi Microsoft asoschisi.
Umuman olganda, dunyoda 250 million nafardan ortiq odam koronavirus bilan kasallangan, besh million nafardan ortiq bemorni saqlab qolishning iloji bo'lmadi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.