Masalan, nafas yetishmovchiligi, holsizlik, terlash, ishtahaning yoʻqligi...

Kun tartibida turgan mazkur oʻta jiddiy masala mutasaddilar diqqat markazida boʻlib, koronavirus kasalligiga chalingan va yondosh kasalliklari boʻlgan shaxslar uchun alohida shifoxonalarni ajratish, kasallik ogʻir va oʻrta ogʻir kechgan shaxslar uchun reabilitatsiya markazlarini ochish, hozirning oʻzida bir necha shifoxonalarni aynan faoliyatning shu turi bilan shugʻullanishga oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oʻtkazilayotgan brifingda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Nurmat Otabekov maʼlum qildi.
Brifingda shuningdek, soʻnggi paytlarda tibbiyot xodimlarining ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarida koʻp ishlatilayotgan «mikst-infeksiya» iborasining mazmuniga izoh berildi.

– «Mikst-infeksiya» degani, bir paytning oʻzida ikkita infeksiya, misol uchun, koronavirus + gripp, koronavirus + qizamiq, koronavirus + paragripp, koronavirus + oʻtkir respirator kasalliklar deganidir, – deydi N.Otabekov. – Havo tomchisi infeksiyalari avj oladigan mavsum yaqin. Shu bois, bu kabi holatlar kuzatilishi tabiiy.