Shu kunga qadar Xitoy, Rossiya, AQSH, Germaniya, Koreya Respublikasi, Turkiya kabi qator davlatlarning nufuzli mutaxassislari Oʻzbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayonlarida qatnashib, oʻz tavsiyalarini berishdi.
Bugun poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Sogʻliqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Behzod Musayev ishtirokida Xitoydan taklif etilgan virusolog, epidemiolog, xirurg, pulmonolog, ftiziatr, nevrolog kabi mutaxassislardan iborat tibbiy guruh vakillari bilan muloqot boʻlib oʻtdi.
Muloqot davomida ogʻir ahvoldagi bemorlarga konsultatsiyalar berish, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti bilan hamkorlikda xitoylik mutaxassislar va mahalliy shifokorlar oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri va onlayn konferensiyalar oʻtkazish, shuningdek, yurtimizda oʻzbek-xitoy tibbiyot markazini tashkil etish kabi masalalar kelishib olindi.
Rejaga koʻra, mutaxassislar guruhi sentyabr oyiga qadar mamlakatimizda boʻlib, koronavirusga chalingan bemorlarni davolash boʻyicha tajribalarini mahalliy shifokorlar bilan oʻrtoqlashadi.
Shuningdek, tashrif doirasida xitoylik shifokorlar Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzolari bilan muloqot oʻtkazadi, yurtimizdagi koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalar, saralash va taqsimlash markazlarining ishi bilan tanishib, amaliy tavsiyalar berishadi .
Ertaga 16-avgust kuni esa Rossiyaning nufuzli tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borayotgan anesteziolog-reanimatolog, terapevt, pulmonolog, xirurg, infeksionist, kardiolog, nevrolog, tez tibbiy yordam shifokori, pediatr va bolalar jarrohi kabi 40 nafar mutaxassisdan iborat nufuzli tibbiy guruh tashrifi kutilmoqda. Ular poytaxtimiz va kasallik darajasi yuqori boʻlgan viloyatlarda boʻlib, bir oy davomida koronavirusga qarshi kurashda yurtimiz shifokorlari bilan hamkorlikda faoliyat koʻrsatishadi.