Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslar ragʻbatlantiriladi

    Mamlakatimizda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirish maqsadida 2020-yil 31-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

    Unga koʻra, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslar tegishli tartibda ragʻbatlantiriladi.

    Mazkur hujjatda belgilan vazifalar ijrosini izchil amalga oshirish hamda hujjat mazmun-mohiyatini keng targʻib qilish maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi dotsent v.b, yu.f.f.d.(PhD) Qunduz ROZIMOVAga murojaat qildik.

    – Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslar kimlar?

    – Bunday shaxslar guruhiga fuqarolar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining yoxud davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi xizmatchilari kiradi.

    – Korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashish deganda nima nazarda tutiladi?

    – Tayyorgarlik koʻrilayotgan, sodir etilayotgan yoki sodir etilgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar berish yoxud korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq qidiruv eʼlon qilingan shaxslarni topishda yordam koʻrsatish.

    – Qaysi organlar korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organ sifatida ish olib boradi?

    – Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

    – Ragʻbatlantirish boʻyicha Nizom talablari kimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi?

    Mansabdor shaxslar, shu jumladan, tezkor-qidiruv faoliyatni amalga oshiruvchi organlarga maxfiylik asosida koʻmaklashuvchi shaxslar, qonun hujjatlariga muvofiq korrupsiyaga oid jinoyatlar haqida oʻttiz sutka mobaynida oʻz ixtiyori bilan arz qilgan yoki korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni bevosita sodir etgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi.

    – Ragʻbatlantirish qanday shakllarda belgilanadi?

    – Bir martalik pul mukofoti, tashakkurnoma yoki esdalik sovgʻa shakllarida belgilanib, shaxslar quyidagi asoslardan biri mavjud boʻlganda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi:

    fuqarolar yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan oʻzlariga nisbatan pora talab qilgan shaxs haqida yoki oʻzlariga maʼlum boʻlgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga bergan xabari asosida bunday huquqbuzarlik fosh etilishi;

    nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining yoxud davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining xizmatchisi oʻziga nisbatan pora berishni taklif etgan yoki pora talab qilgan shaxs haqida yoxud oʻziga maʼlum boʻlgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga (korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarning xodimlari esa bevosita oʻz rahbariga) bergan xabari asosida huquqbuzarlik fosh etilishi;

    korrupsiyaga oid jinoyatni sodir etganligi uchun qidiruvda boʻlgan shaxs toʻgʻrisida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga berilgan xabar asosida qidiruvdagi shaxs ushlanishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno.

    – Ragʻbatlantirish masalasini koʻrib chiqish tartibi qanday?

    – Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar boʻyicha jinoyat ishlari yuzasidan sudning ayblov hukmi yoki qarori qonuniy kuchga kirganda, shaxsning ayblilik toʻgʻrisidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish haqidagi qaror prokuror tomonidan tasdiqlanganda yoki sudning ajrimi qonuniy kuchga kirganda, qidiruvdagi shaxsga nisbatan qidiruvning bekor qilinganligi toʻgʻrisida prokurorning, surishtiruvchining, tergovchining qarori yoki sudning ajrimi qabul qilingandan soʻng shaxsga nisbatan ragʻbatlantirish masalasi koʻrib chiqiladi.

    – Xoʻsh, ushbu ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlar kimni hisobidan amalga oshiriladi?

    – Aynan Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

    Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslar, ularning oila aʼzolari va yaqin qarindoshlarining huquqlari qonun hujjatlariga muvofiq himoya qilinadi.