Lekin shaxs ulgʻayib jamiyat va davlat bilan turli munosabatlarga kirishishni boshlagach turli soxta toʻsiq, qiyinchilik, mahorat bilan qonunni chetlab oʻtish, firibgarlik, poraxoʻrlik, tamagirlik kabi holatlarga duch keladi yohud shunday holatning guvohi boʻladi.

Tabiiyki, har bir inson yaxshi va toʻla-toʻkis yashashni xohlaydi, shunga intiladi. Kimdir boyib ketish orqali “baxt”ga erishmoqchi boʻlsa, yana birov “mansab” orqali yoki harom luqma yeb unga erishaman deb oʻylaydi.

Poraxoʻrlik oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi, hech kim jinoyatchi boʻlib tugʻilmaydi, uning ijtimoiy va iqtisodiy omillari talaygina.

Bizdagi ijtimoiy omillardan biri bu - mentalitetimizga xos boʻlgan hojatbarorlik xislati, yaʼni biz yaqinlarimiz, doʻstu-tanishlarimizga “yoʻq” deyishga iymanamiz, istihola qilamiz. Gohida qilingan iltimosni noqonuniyligini bilsakda, hatto uni bajarmasakda, “xoʻp”, “men harakat qilaman” deb indamay ketaveramiz.

Har bir davlat korrupsiyaga qarshi kurashishda oʻziga xos usul 
va uslublardan foydalanadi, sababi jamiyatning korrupsiyani qabul qilish, huquqiy nigilizm, qonunga itoatkorlik darajalari turlicha boʻladi.

Koʻpchiligimiz Yevropaga havas qilamiz, u yerdagi davlat organlarining faoliyatini maʼlum qadar ilgʻor deb bilamiz. Lekin uning eng asosiy sababi mukammal qonunlar yoki rivojlangan texnologiyalar emas balki inson omilidir.

Oddiy qilib tushuntirganda, Yevropa davlatlari aeroportlaridagi navbat bilan MDH davlatlaridagi navbatni solishtirib koʻring...

Yoki boʻlmasa, oʻzimizda navbat asosida biron narsa sotilayotgan yoki xizmat koʻrsatilayotgan (davlat xizmatlari shohobchalari, YHXB davlat raqamini olish va h.k.) vaziyatni koʻz oldingizga keltiring, ichingizda necha foiz inson mazkur navbatni chetlab oʻtib maqsadiga tezroq erishishni xohlamaydi?

Qachon bizda yoʻlni belgilangan joyda kesib oʻtish, navbatimiz kelishini sabr bilan kutish, jarimani yoki elektr hisoblagich koʻrsatgan summani kamaytirish uchun kimgadir uning yarmini taklif qilmaslik hayot tarziga aylanadi ? Nahotki muayyan jazo tahdidi bilangina qonunbuzarlikka qarshi kurashish mumkin boʻlsa?

Korrupsiya faqatgina qonunga itoatkor jamiyatda rivojlana olmaydi, chunki har qanday “amaldor”ni oʻsha jamiyat tarbiyalaydi 
va nazorat qiladi.

Albatta, bu illatga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan keng koʻlamli choralar koʻrilmoqda.

Shu jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash Departamenti tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, oʻtgan davrda Departament korrupsiyaga bilan bogʻliq 2 335 ta jinoyat fosh etilib, byudjet, davlat va jamiyat manfaatlariga 643,6 mlrd soʻmlik zarar yetkazilishi, 620 nafar tadbirkorlik subyektlaridan pora talab qilish, 175 ta holatda pora evaziga ishga kiritib qoʻyish hamda 173 ta holatda 524,4 gektar yer maydoni ajratib berishda tamagirlik holatlarini aniqlagan.

Eng achinarlisi, korrupsiyaga bilan bogʻliq jinoyatlarning 
591 tasi ‒ taʼlim, 426 tasi ‒ davlat boshqaruv tizimida, 247 tasi ‒ yer ajratish va qishloq xoʻjaligi, 252 tasi ‒ sogʻliqni saqlash, 162 tasi ‒ huquqni muhofaza qiluvchi organlarda, 202 tasi ‒ transport, yoqilgʻi-energetika, 208 tasi ‒ bank, 247 tasi ‒ qurilish, uy-joy va boshqa sohalarda aniqlangan.

Jinoyatga qoʻl urganlarning 1 002 tasi ‒ tuman, 281 tasi ‒ viloyat va 67 tasi ‒ respublika miqyosidagi mansabdor shaxslarni tashkil etgan, shundan 16,6 foizi (389 ta) tashkilot rahbari, 37 foizi (864 ta) rahbar oʻrinbosari va boʻlim boshligʻi hamda 46,3 foizi (1 082 ta) ijrochi xodimlar hissasiga toʻgʻri keladi.

Lekin, bu choralar mazkur illatni butkul yoʻq qilishga yetarli boʻlmayapti.

Biz birinchi navbatda kadrlarni emas balki mansabdor shaxslarning amalidan foydalanuvchilarni “tarbiyalashimiz” kerak. Zero xar bir davlat xizmatchisi qonun talablarini, kasb odobnomasi, ichki tartib qoidalarni yaxshi biladi va bilishi shart.

Har qanday mansabdor shaxs korrupsion holat, yaʼni qonun-qoidalarga zid iltimoslar, kimgadir yon bosish, qaysidir masalani tezroq hal qilish, pul yoki boshqacha manfaat koʻrish taklifi haqida yuqori turuvchi rahbariyatni yoki vakolatli davlat organini xabardor qilishi shartligi Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Qonunining 26-moddasida koʻrsatilgan.

Lekin qonunning mazkur normasi amalda toʻlaqonli ishlayaptimi?

Amaliyot korrupsiyani keltirib chiqaruvchi mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, urugʻ-aymoqchilik va tanish-bilishchilik kabi omillarni bartaraf etish uchun nostandart yondashuvlardan foydalanishni taqozo etmoqda.

Misol uchun, davlat xizmati faoliyatining barcha sohalarida “Vijdon daftari” (Iltimoslarni qayd etish kitobi) institutini joriy etish masalasini muhokamaga tashlamoqchimiz.

Albatta barchada bir savol tugʻiladi, mansabdor “iltimosni” daftarda qayd etmasa-chi, yoki murojaat mazmunini oʻzgartirib yozib qoʻysa-chi?..degan. Ushbu holat “sirli qoʻngʻiroq” yoki “sirli mijoz” yordamida nazorat qilib boriladi. Yaʼni vaqti-vaqti bilan “uyushtirilgan” qoʻngʻiroq (murojaat)ning kitobda qayd qilingan qilinmaganligi tekshiriladi.

Albatta, bu institutni joriy etish qonunchilikka tegishli tuzatishlar kiritishni ham talab etadi. Bunda, xodimning daftar yuritish toʻgʻrisidagi majburiyati mehnat (xizmat) shartnomasida koʻrsatilishi shart boʻladi.

Xodim murojaatni daftarga qayd etmaganligi uchun unga yil davomida ikki marotaba imkoniyat beriladi, uchinchi holat uni “kasbiga dogʻ tushirganligi” sababli ishdan boʻshatishga va 5 yil davomida davlat xizmatida ishlay olmasligiga sabab boʻlishi lozim.

Daftarga xodim har qanday iltimos va murojaatlarni qayd etib borishi zarur (qonuniy, noqonuniy, vakolati doirasiga kiradigan, kirmaydigan, maslahatlar va h.k.).

Mazkur amaliyot, avvalambor, davlat xizmatchisini nazorat yoki taʼqib qilishga emas, balki unga qoʻngʻiroq qiladigan qarindosh, tanish-bilishlarni turli “iltimoslar” bilan murojaat qilishdan tiyib turishga xizmat qiladi. Chunki, oʻz yaqinining taqdiriga befarq boʻlmagan inson hech qachon ishini bitirish uchun tavakkal qilmasa kerak.

 

Mazkur talab lavozimidan qatʼiy nazar barcha darajadagi davlat xizmatchilari uchun majburiy boʻlishi kerak. Daftarda murojaatning har qanday turi qayd etib boriladi (bevosita oʻziga qoʻngʻiroq yoki jonli muloqot, shuningdek qarindoshlari, turmush oʻrtogʻi orqali, farzandlari orqali qilingan murojaat, iltimoslar).

Taklif etilayotgan institut ilgʻor xorijiy davlatlarda mavjud, boʻlmasligi mumkin. Biroq, “davlat xizmatchisi etikasi” kodekslari qabul qilingan boʻlib, shunga oʻxshash normalarni tartibga soladi.

Maʼlumot oʻrnida baʼzi xorijiy davlatlar tajribasini qayd etib oʻtmoqchimiz.

Masalan, Singapurda davlat xizmatchilarining korrupsion holatlar haqida xabar berishi qonun hujjatlarida ham amaliyotda ham mustahkamlangan. Ularga hattoki tannarxi arzimagan mayda sovgʻalarni (suvenir, esdalik va h.k.) olish mumkin emas. Har bir davlat xizmatchisi har yili daromadlar deklaratsiyasini taqdim etadi, shubha ostiga olingan daromadlar yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi.

Yana bir korrupsiya avj olganlik koʻrsatkichi past boʻlgan Shvetsiya davlatida esa “daromadlar deklaratsiyasi” instituti mavjud emas, ammo soliq xizmatida barcha fuqarolarning daromadlari va xarajatlari haqida toʻliq maʼlumotlar mavjud hamda uning shaffofligi taʼminlangan. Yaʼni hech kim daromadidan yashirib birovga “pora” bera olmaydi... chunki daromadini nimaga va qancha ishlatgani hisob-kitob qilinadi.

Mazkur maqola yuzasidan keng jamoatchilik va mutaxassislar fikrini kutib qolamiz.

U.S. Muhamedov,

Bosh prokuratura huzuridagi

Departament boshligʻining

birinchi oʻrinbosari