Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik borligini bilasizmi?

    2024-yilning 19-yanvarida Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi Oʻzbekiston Respublikasining OʻRQ-899-son Qonuni qabul qilindi.

    Mazkur Qonunga koʻra, 2024-yilning 20-aprelidan boshlab kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish dastlab maʼmuriy javobgarlik, agar bir yil ichida yana takrorlansa jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

    Kripto-aktiv nima?

    Jinoyat kodeksi VIII boʻlimiga muvofiq, kripto-aktiv deganda esa, maʼlumotlarning taqsimlangan reyestridagi raqamli yozuvlar yigʻindisini ifodalaydigan, qiymati va egasiga ega boʻlgan mulkiy huquq tushuniladi.

    Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun qanday javobgarlik bor, bilasizmi? Dastlab maʼmuriy javobgarlik, agar bir yil ichida yana sodir etilsa jinoiy javobgarlik vujudga keladi.

    Kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning

    1554-moddasi bilan javobgarlikka tortiladi va mazkur huquqbuzarlikni sodir etish kripto-aktivlarni hamda mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollarini musodara qilib, oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga yoki ushbu Kodeksga muvofiq oʻziga nisbatan maʼmuriy qamoq qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

    Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish esa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

    Shuningdek, mazkur qilmishni maʼmuriy javobgarlikka tortilgan keyin shaxs tomonidan bir yil ichida takroran sodir etilishi jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Jinoyat kodeksining 2788-moddasiga koʻra, Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, oʻtkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish yoxud kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2022-yil 14-iyuldagi 32-son buyrugʻiga 1-ilova boʻlgan «Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida»gi Nizomga koʻra Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari deganda, jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan ularning nomidan kripto-aktivlarni sotib olish, sotish, ayirboshlash, saqlash, chiqarish, joylashtirish va boshqarish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatuvchi Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar tushuniladi. Xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya faqat Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari — yuridik shaxslariga beriladi. Xizmatlar provayderlari faoliyatining turlari quyidagilardan iborat:

    – kripto-birja;

    – mayning-pul;

    – kripto-depozitariy;

    – kripto-doʻkon.

    Xizmatlar provayderlari faoliyatining har bir turi boʻyicha alohida litsenziya beriladi.

    Bundan tashqari, JKning 2788-moddasining 2-qismida kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun ogʻirroq jazo belgilangan boʻlib, agar yuqorida keltirilgan harakatlar a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) koʻp miqdorda; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

    Shuningdek, JKning 2788-moddasining 3-qismiga koʻra Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, oʻtkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish yoxud kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish juda koʻp miqdorda; xizmat mavqeyidan foydalangan holda; uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

    Shuni alohida taʼkidlash lozimki, jinoyat qonunchiligimizda yuqoridagi qilmish bilan bogʻliq ragʻbatlantiruvchi norma ham mavjud boʻlib, unga koʻra tayyorgarlik koʻrilayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyat haqida oʻz ixtiyori bilan arz qilgan va uni ochishga faol yordam bergan shaxs javobgarlikka tortilmaydi.

    Feruz XUDOYQULOV,

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    Jinoyat huquqi, kriminologiya va

    korrupsiyaga qarshi kurashish

    kafedrasi dotsenti, ю.ф.д (DSc)