Gʻafur Gʻulom 1939-yilda soʻzlagan nutqida oʻzining “bir shoʻro shoiri” ekanligini, shuningdek, baʼzi xatolarini eʼtirof etadi. Aslida, rus va boshqa sobiq ittifoqning oʻsha davr adiblarining koʻpchiligi 1937-38 yillar qatagʻonidan yurak oldirib qoʻygandi. Shu tariqa yoshligida yetim qolib, uka-singillariga oʻzi bosh boʻlgan Gʻofur Gʻulom ham siyosiy jihatdan hushyor boʻlishga majbur edi.

Akademik adibning asarlariga eʼtibor qaratilsa, uning “Qizaloq” hikoyasi, “Netay” qissasi janr jihatidan, hayotga munosabat nuqtai nazaridan boshqa adiblarning asarlaridan, uslub jihatidan, ajralib turadi. “Qizaloq” hikoyasi qahramoni Ibay oq-qorani taniydigan, hukumat idoralarida ishlaydigan yigit. Sevgilisi Mukarrama oʻz ota-onasiga qarshi borib, Ibay bilan uydan bosh olib ketadi. Qizining qochib ketganini eshitib, Zulayho xola dod solib yigʻlaydi. Qizidan kechib, Ibayni qargʻaydi. Shokir ota esa Ibaynikiga borib, janjal koʻtaradi. Roʻy bergan mudhish voqea hikoyada siyosiy hayotga mos ravishda bayon etiladi.

Koʻrinib turibdiki, sobiq ittifoq davri turmush tarzini keng yoyish, targʻib qilish zamon talabi edi.

Shunga qaramay, “Qizaloq” hikoyasi qahramonlari Mukarramaning ruhiy kechinmalari, Ibayning iztiroblari xalqona holatda yoritiladi. Oradan vaqt oʻtib, Ibay va Mukarramadan xabarnoma keladi. Maktubda ikkala yosh Andijonda baxtli hayot kechirishayotgani bayon etiladi. Ular qilmishlari uchun ota-onasidan kechirim soʻrashadi. Bunda oʻzbekona pushaymonlik, zor-intizorlik, sogʻinch tuygʻusi, koʻngil izhori bayon etiladi. Ota-onaning bagʻriga qaytgan yosh oilada qiz farzand dunyoga keladi.

Gʻafur Gʻulom ijodida folklor usulidan keng foydalanish kuzatiladi. Xalq ogʻzaki ijodining gʻoyaviy-estetik anʼanalarini puxta oʻrgangan soʻz ustasi Gʻafur Gʻulom undan keng foydalanadi. Adib xalq hayoti va orzu-istaklarini, ruhiy olami, xulq-atvori, estetik didi va ong-tafakkuri darajasini yaxshi bilgan va kerakli joyda unumli ishlatgan.

Shuningdek, akademik shoir hazil-mutoyibaga ancha oʻch boʻlgani sabab ayrim salbiy obrazlarni qoyilmaqom yoritadi. Adibning oʻzi ham goʻyo “Bizning uyga qoʻnib oʻting, doʻstlarim” sheʼrida “Gʻafur degan bir Nasriddin kitobi” deya oʻz tabiatiga ishora qilgandek.

Gʻafur Gʻulom adabiy merosida xalq ogʻzaki ijodiyotining keng qamrovli taʼsirini koʻrish mumkin. Masalan: “Afandi oʻlmaydigan boʻldi” hajviyasi, “Hasan Kayfiy” hikoyasini shoir folklordan foydalanib yaratadi. “Tirilgan murda” qissasi ham folklor janrida bayon qilingan. Misol uchun, mulla Mamajon obrazi orqali xalq orasida yuradigan qochirim, yengil hazil-mutoyiba tarzda odamlarning salbiy xususiyatlari ochib beriladi. Insonparvarlik gʻoyalari targʻib qilinadi.

Gʻafur Gʻulom kuchli hikoyanavis edi. Bu uning “Joʻraboʻza”, “Yigit”, “Kulgi hikoyalar” singari asarlarida isbotini topgan. Albatta, oʻsha davr adiblarining yangi uslubdagi dastlabki asarlarida publitsistikaning birinchi oʻringa chiqishi, tadqiqqa berilish, mojaroni yangi davr qonunchiligiga mos tarzda hal etishga moyillik seziladi. Adibning “Arkning yemirilishi”, “Ikki janggoh” hikoyalarida voqealar real tus olsa, “Hiylai sharʼiy” hikoyasi latifachilikka asoslanadi, akademik shoir aytganidek: “kuldirib yigʻlatadi, yigʻlatib kuldiradi”.

Shu tariqa, yangi turmushdagi qusurlar fosh etiladi. Masalan, rus tilini bilmaslik savodsizlik degani kabi.

“Toʻrt hangoma” hikoyasida Qovulnazar pulini omonat kassaga qoʻyishdan bosh tortadi, lattaga oʻrab, somonning ichiga berkitadi. Kutilmaganda oʻsha tugunni sigirining ogʻzida koʻrib qoladi. Qovulnazar tugunni sigir ogʻzidan sugʻurib olishga urinadi, kuchi yetmaydi, sigir yutib yuboradi. Mashmasha shundan soʻng boshlanadi: birov sigirni suyib, qornidan pulingni ol desa, boshqasi kavsh qaytarishini kut, deydi.

Soddaning ustidan kulish avjiga chiqadi: yana birovning gapi bilan sigirni bozorga solib, “qornida uch yarim ming soʻlkavoy bor”, deb ikki barobar qimmatga sotishga urinadi.

Gʻafur Gʻulom talay ocherklar ham yozdi. U oʻz ocherklarini “ocherklashgan hikoya”lar, deydi. Adib ocherklarida amaldagi qarorlar emas, balki odamlar taqdiri yashiringanini aytadi. Gʻafur Gʻulom rang-barang, ehtirosli, kulgi ulashuvchi, qiziq voqealar, matn ichidagi kichik hikoyalarga boy publitsistikasi tufayli elga tanildi. Soʻz sanʼatkori sifatida eʼtirof etildi. U oʻz esdaliklarida: “Zehnimda aks etgan asriy hodisalarni bir muarrix, bir tarixshunos sifatida shu qogʻozlarda qayd qilib oʻtmoqchiman” yoki “Zehnim sizniki, men qalam ushlaydigan barmoq boʻlsam kifoya”, deydi.

Akademik ijodkorning 1966-yilda, yaʼni 63 yoshida vafot etganida hikmat bordek...

Manzura Shamsiddinova,

Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti