Oʻzbekiston elchisi Ayubxon Yunusov Kuvaytning “Star Fruit Co. for foodstuffs, vegetables and fruits” kompaniyasi bosh direktori Abdurahmon Surur bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot chogʻida joriy yil 13-14-may kunlari Kuvaytda oʻtkazilgan “Made in Uzbekistan” koʻrgazmasida erishilgan kelishuvlarni hayotga joriy etish masalalari xususida fikr almashildi.
Kuvayt tomoniga yana bir bor oʻzbek mahsulotlarining eksporti uchun taqdim etilgan imtiyozlar, xorijiy importyorlar uchun yaratilgan qulayliklar haqidagi batafsil maʼlumot berildi.
Abdurahmon Surur Oʻzbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlar oʻziga xos taʼmi bilan xaridorgir ekanligini aytish barobarida, mamlakatimizdan gilos va shaftoli eksport qilishga tayyorligini maʼlum qildi.
Muzokaralar natijasida, Oʻzbekistonning “S-Agro Termiz orchards” kompaniyasi va Kuvaytning “Star Fruit Co.” kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik oʻrnatildi. Shuningdek, Kuvayt tomoni bilan Oʻzbekistondan bir tonna gilos va shaftoli sotib olish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Diplomatlar, shuningdek, “Star Fruit Co.” kompaniyasining omborxonasida boʻldilar va u yerda hoʻl meva hamda sabzavotlarni saqlash uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.