Leonardo da Vinchi sharq olimlarining ilmiy merosidan ilhomlangan — Italiyadan shov-shuvli bayonot

    Mario Teddi: “Leonardo da Vinchi oʻzining koʻplab ixtirolarida sharq olimlarining ilmiy merosiga tayangan – bu shubhasiz haqiqat!”.

    Italiyalik mashhur olim Leonardo da Vinchi merosi boʻyicha taniqli mutaxassis, dizayner, raqamli sanʼat ustasi Mario Teddi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Mehmon Islom sivilizatsiyasi markazining ulugʻvorligidan hayratda qoldi:

    “Italiyadagi uchrashuvimiz chogʻida Islom sivilizatsiyasi markazi direktori meni Oʻzbekistonga taklif qildi. Men Markaz haqida tasavvurga ega edim, lekin uni oʻz koʻzim bilan koʻrib, ulugʻvorligi va goʻzalligidan hayratga tushdim. Ayniqsa, meʼmoriy uslub, interyer dizayni, noyob ravoqlar va badiiy bezaklar uni islom sivilizatsiyasi tarixidagi eng buyuk madaniy loyihalardan biriga aylantiradi. Ishonchim komilki, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi ushbu loyiha jahon miqyosidagi oʻxshashi yoʻq megaloyihaga aylanadi“, — dedi italiyalik olim.

    Maʼlumot uchun, Mario Teddi multimedia va muzey taʼlimi boʻyicha yetakchi mutaxassis boʻlib, Milandagi Leonardo da Vinchi fan va texnologiya muzeylari loyihalari bilan tanilgan. Bundan tashqari, dasturlash, 3D grafikalar, videooʻyinlar, virtual reallik va mulʼtimedia ilovalari yaratish boʻyicha bir qator ishlarni amalga oshirgan. U Leonardo da Vinchi merosi, qadimiy texnologiyalar va ularning zamonaviylikka taʼsiri boʻyicha taniqli tadqiqotchi hisoblanadi.

    Mario Teddi uchrashuvda Leonardo da Vinchi va Mikelanjelo kabi Gʻarb Renessansi olimlari Markaziy Osiyo allomalarining ilmiy merosidan foydalangani, Oʻzbekistonda yetuk oʻzbek olimlari kashfiyotlaridan ilhomlangan Leonardo da Vinchiga bagʻishlangan koʻrgazma tashkil etish rejalashtirilgani haqida eslatib oʻtdi.

    “Bunga ishonmasligingiz mumkin, ammo Leonardoning eng buyuk ixtirolaridan baʼzilari Beruniy, Xorazmiy, Fargʻoniy kabi buyuk oʻzbek olimlarining asarlariga asoslangan. Maqsadimiz – islom ilm-fanining Yevropa rivojlanishiga qanday taʼsir koʻrsatganini dunyoga namoyish etish va bu kashfiyotlarni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etish. Misol uchun, Beruniyning kitoblarida keyinchalik Leonardo da Vinchi tomonidan amalga oshirilgan koʻplab gʻoyalarni topish mumkin. Koʻrinib turibdiki, da Vinchi qadimgi matematika va geometriyani oʻrgangan va bu bejiz emas! Zero, zamonaviy matematika asoslari aynan sizlarning zaminingizda dunyoga kelgan. Bu xalqingizning tarixiy faxri va biz bu kashfiyotlarni zamonaviy texnologiyalar yordamida jonlantirish niyatidamiz“, — deya taʼkidladi Teddi.

    Italiyalik olim Markaz ekspozitsiyalarida oʻzbek olimlarining ilmiy merosidan ilhomlangan Mikelanjelo asarlari namoyish etilishidan mamnunligini bildirdi va ushbu taklifni qoʻllab-quvvatladi.

    Kelishuvga koʻra, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Beruniy, Xorazmiy va boshqa buyuk allomalarning asarlari Uygʻonish davriga qanday taʼsir koʻrsatganini namoyish etish maqsadida “Oʻzbekiston buyuk allomalari va Mikelanjelo“ ekspozitsiyasi tashkil etiladi.

    Shuningdek, Mario Teddi bilan uchrashuvda Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini multimedia texnologiyalari yordamida boyitish, shuningdek, tashrif buyuruvchilarga islom ilm-fani va sanʼati muhitiga chuqurroq kirib borish imkonini beradigan raqamli muzey ekspozitsiyalarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

    Mazkur uchrashuvda Turkiyaning muzey ishi va media sohasida katta tajribaga ega “Outdoor Factory” kompaniyasi rahbari Sinan Turaman, Germaniyaning media sohasi boʻyicha yetuk mutaxassisi Tomas Myullerlar ham ishtirok etishdi. Loyihaga yaqindan yordam berishga, hamkorlik qilishga tayyorliklarini bildirib oʻtishdi.

    Shuningdek, Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash direksiyasi rahbari Rustam Shoabdurahmonov ham oʻz fikrlarini bildirib, jonajon oʻlkamiz tarixi, madaniyati va ilm-fani ravnaqi yoʻlidagi koʻmagi uchun mehmonlarga minnatdorchilik bildirdi. Ularga mazkur loyihada muvaffaqiyat tilab, qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini taʼkidlab oʻtdi.

    “Dunyodagi madaniyat markazlarida ilgʻor texnologiyalardan foydalanish allaqachon ijobiy natijalar bermoqda. Joriy yilning 29-yanvar kuni markaz faoliyati bilan tanishish chogʻida hurmatli Prezidentimiz ushbu tarixiy makonda innovatsion texnologiyalar yordamida ilm-fanning jahon tarixiga qoʻshgan hissasini oʻrganish va namoyish etish boʻyicha tegishli topshiriqlar bergandilar. Shuning uchun biz xalqaro tajribani oʻrganmoqdamiz. Yaqinda Italiya davlatiga boʻlgan safarimiz chogʻida qator ekspertlar va olimlarni mamlakatimizga taklif etgan edik. Ularning tajribasidan unumli foydalanib, Markaz ekspozitsiyalarini global darajada interaktiv taʼlim, madaniy-maʼrifiy platformaga aylantirishni maqsad qilganmiz,“ — dedi markaz direktori Firdavs Abduxoliqov uchrashuv davomida.

    Eslatib oʻtamiz, 12-16-fevral kunlari Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi ilmiy-ijodiy tashrif bilan Italiyada boʻlgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu safar doirasida Italiyada bir qator kutubxona, muzey vakillari, ekspertlar va kolleksionerlar bilan muzokaralar oʻtkazildi.


    Hamkorlik materiali