Liftda qamalib qolib vafot etgan ayol voqeasi yuzasidan bayonotlar berildi

    Ijtimoiy hayot 29 Iyul 2023 1927

    Voqea yuzasidan Bosh prokuratura hamda Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi munosabat bildirdi.

    Bosh prokuratura voqeaning xronologiyasini eʼlon qildi. Maʼlum boʻlishicha, 24-iyul kuni 32 yoshli ayol koʻp qavatli uyning liftiga kirib, vafot etgan. Ushbu lift 4 kun davomida ishlamayotganligi sababli, ayolning murdasi liftni ichida qolib ketgan.

    26-iyul kuni marhumaning yaqin qarindoshlari ayolni topib berish yuzasidan ichki ishlar idorasiga murojaat qilishgan. 27-iyul kuni uy yashovchilari tomonidan marhuma ayol lift ichidan topilgan.

    Mazkur holat yuzasidan prokuratura tekshirish oʻtkazishni boshlagan.

    Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi maʼlum qilishicha, bugʻ qozonlari koʻtarish inshootlari va putur yetkazmaydigan nazoratda sanoat xavfsizligi boʻlimi internet tarmogʻidan olingan olingan maʼlumotlarga koʻra tezkor ravishda 2023-yil 24-iyul kuni Toshkent shahri, M.Ulugʻbek tumani, Parkent koʻchasida yangi qurilgan 269-sonli koʻp qavatli uyda oʻrnatilgan lift uskunasida elektr taʼminotida uzilish boʻlganligi sababli 32 yoshda boʻlgan ayol qamalib qolib vafot etganligi yuzasidan 28-iyul kuni boʻlim mutaxassislari tomonidan joyiga chiqib oʻrganildi.

    Oʻrganish vaqtida 9 qavatli uy 2020-yilda “Lotus gaz invest” MCHJ tomonidan qurilgan boʻlib, uyda Xitoyning “AOYAMA ELEVATOR GLOBAL LTD” korxonasi tomonidan 2021-yilda ishlab chiqarilgan, yuk koʻtarish quvvati 630 kg boʻlgan lift qurilmasi oʻrnatilgan. Mazkur lift qurilmasini “Arena avtotrans servis” MCHJ tomonidan 2022-yilda binoga oʻrnatib qurilish kompaniyasiga topshirilgan.

    Oʻrganish jarayonida lift qurilmasining xavfsizlik moslamalari ishchi holatdaligi yuzasidan birlamchi koʻrik ishlari amalga oshirildi va ularni ishchi holatdaligi aniqlandi.Mazkur lift belgilangan tartibda inspeksiyaga roʻyxatga olish yuzasidan qurilish tashkiloti yoki XUJMSH tomonidan murojaat boʻlmagan va topshirilmagan.

    Hozirda holat boʻyicha vakolat doirasida oʻrganish ishlari olib borilmoqda, oʻrganish natijasi boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar kiritiladi.

    Bosh prokuratura esa qoʻmitaning bayonotiga eʼtiroz bildirdi.

    “Vaholanki, lift 24-28-iyul kunlari ishlamayotganligini voqea guvohlari, uy yashovchilari oʻz tushuntirishlarida, shuningdek, voqea joyida xolis surishtiruv olib borgan ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlarning videoreportajlarida toʻliq oʻz tasdigʻini topgan”, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.