Tan olish kerakki, soʻnggi yillarda madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar salmoqli. Jumladan, soʻnggi 9 yil davomida madaniyat va sanʼat sohasiga oid Oʻzbekiston Respublikasining 4 ta qonuni, Prezidentning 35 ta farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 98 ta qaror va farmoyishlari qabul qilindi. Shuningdek, 15-aprel — Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni etib belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri oʻrinbosari Murodjon Majidov tadbir davomida sohada amalga oshirilgan yangilanish va oʻzgarishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Xususan, oʻtgan davr mobaynida 2 ta yangi zamonaviy teatr, 19 ta madaniyat markazi, 20 ta bolalar musiqa va sanʼat maktabi, 8 ta ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati hamda 5 ta oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi. Agar 2017-yilga qadar respublikada teatrlar soni 37 ta boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda ular soni 41 taga yetdi. 2015–2016-yillarda 3 ta teatr rekonstruksiya qilingan boʻlsa, 2016–2025-yillar davomida 11 ta teatr mukammal taʼmirlanib, qayta jihozlandi.

Madaniyat va sanʼat sohasi xodimlarini qoʻllab-quvvatlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 2025-yilning oʻzida madaniyat muassasalari xodimlarining ish haqi 1-yanvardan 20 foizga, 1-iyuldan yana 15 foizga oshirildi. Shuningdek, bolalar musiqa va sanʼat maktablari direktorlari, ularning oʻrinbosarlari, oʻqituvchi va konsertmeysterlar maoshlari ham 10 foizga koʻtarildi.

Sohani moliyalashtirish hajmi ham keskin oshdi: agar 2017-yilda madaniyat va sanʼatga 122,8 mlrd soʻm ajratilgan boʻlsa, 2026-yilga kelib bu koʻrsatkich 1,2 trln soʻmdan ortiqni tashkil etdi.

Xalqaro hamkorlik ham yangi bosqichga koʻtarildi. Soʻnggi 5 yilda Oʻzbekistonning 29 ta xorijiy davlatda madaniyat kunlari oʻtkazildi, shuningdek, 12 ga yaqin xorijiy davlatning madaniyat kunlari mamlakatimizda tashkil etildi.

Birgina 2025-yilning oʻzida 10 ta davlatda “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” oʻtkazildi. 2017–2025-yillar davomida vazirlik tasarrufidagi 51 ta konsert-tomosha muassasasi tomonidan 61 892 ta ommaviy tadbir tashkil etilib, ularda 64 mln 800 ming nafar aholi ishtirok etdi. Ijodiy jamoalar tomonidan 534 ta mahalliy va 154 ta xorijiy gastrol safarlari amalga oshirildi.

— Biz ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarni kuzatib boramiz va jamoatchilikning aksariyati bu holatlarga qarshi ekanini koʻramiz. Bugun jamiyat erkinlashyapti, cheklovlar ancha kamaygan. Ilgari bu masala qatʼiy nazorat qilingan. Hozir esa “demokratiya” tushunchasi turlicha talqin qilinmoqda. Menimcha, bu masala vaqt oʻtishi bilan tartibga tushadi, buni vaqtinchalik holat deb hisoblayman, — dedi, Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri oʻrinbosari Murodjon Majidov.

Shu bilan birga, davlat teatrlari tomonidan gastrol faoliyati ham kengaydi: 2017-yilda 15 ta mahalliy va 7 ta xorijiy gastrol amalga oshirilgan boʻlsa, 2025-yilda bu koʻrsatkich 362 ta mahalliy va 92 ta xorijiy gastrolga yetdi. Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasida ham ishlar kuchaytirildi. Agar 2017-yilga qadar 10 ta tanlov oʻtkazilgan boʻlsa, 2025-yilga kelib ular soni 22 taga yetdi. Ushbu tanlovlarda 1600 ga yaqin yosh ishtirok etib, 456 nafari gʻolib va sovrindor boʻldi. Xalqaro maydonda ham 215 nafar yosh ijodkor AQSH, Italiya, Fransiya, Germaniya, Chexiya va boshqa davlatlardagi tanlovlarda ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi. Bugungi kunda 2 600 nafar yosh ijodkor zaxiraga kiritilgan.

— Bugungi kunda sohaga havaskor aktyorlarning koʻpayib ketishi professional aktyorlar obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Buning asosiy sababi, rejissyorlarning mutaxassis boʻlmagan shaxslarni jalb etayotganidir. Shuningdek, xususiy telekanallar va ekran madaniyatini tartibga solish mexanizmlari hali toʻliq shakllanmagan. Bu borada chuqur jurnalistik surishtiruvlar zarur, — dedi Murodjon Majidov.

— Agar bu borada qonuniy javobgarlik choralari belgilansa, biz buni qoʻllab-quvvatlaymiz. Chunki bu muammo biz uchun ham begona emas. Ammo shuni taʼkidlash kerakki, bizga bevosita bogʻliq boʻlmagan holatlarda ham Madaniyat vazirligini ayblash odatga aylanib qolgan. Masalan, seriallar xususiy prodakshnlar tomonidan tayyorlanib, xususiy telekanallarda efirga uzatiladi. Bunday holatlar uchun masʼuliyatni oʻsha sektor vakillari olishi kerak, — dedi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbari — vazirning axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Sirojiddin Oʻsarov.

Anjuman doirasida Oʻzbekistonda ilk bor sunʼiy intellekt asosida yaratilgan “Arda” hujjatli filmining tizeri ham namoyish etildi. Mazkur film Xiva tarixi va sivilizatsiyasini aks ettirgan boʻlib, 2 oy davomida 15 ga yaqin ijodiy jamoa ishtirokida tayyorlangan.

Shuningdek, hozirda Oʻzbekiston tarixi va Amir Temur shaxsiga bagʻishlangan qisqa metrajli filmlar ustida ish olib borilmoqda. Loyiha Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tizimda sezilarli oʻsish kuzatilmoqda. Biroq, ayrim noprofessional ijrochilar va saviyasiz mahsulotlar sababli butun sohaning nufuziga putur yetkazilishi xavfi mavjud. Shuning uchun madaniyatga yuzaki emas, balki uning ortida turgan mehnat, ilm va ijodni anglagan holda yondashish muhim. “Arda” kabi zamonaviy loyihalar va tizimli islohotlar esa milliy sanʼatimizni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.

 

Zulxumor Akbarova

Madina Botirjonova