Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Karvon” telekanalini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori loyihasi (ID-78167 (V-1) tayyorlanib, bir necha kun avval normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi – project.gov.uzda eʼlon qilingach, loyiha ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻldi.
Vazirning taʼkidlashicha, u “Madaniyat va maʼrifat” telekanali Madaniyat va turizm vazirligi tarkibiga qoʻshib berilishi yuzasidan bildirilayotgan fikr-mulohaza hamda takliflarni oʻrganib chiqqan.
"Hafta davomida trendga chiqqan “Madaniyat va maʼrifat” telekanali atrofidagi fikr-mulohazalar millatimiz ziyolilari, teleijodkorlar yuragida yigʻilib qolgan dardlarni ham oshkor qildi. Bu joʻshqin chiqishlar toʻlqinida eʼtiborimni tortgan masalalar qatorida quyidagilarni alohida belgilab oldim:
1. Telekanal nomini oʻzgartirmaslik;
2. Ilmiy-maʼrifiy, adabiy-badiiy loyihalarni saqlab qolish va rivojlantirish;
3. Moddiy-texnik baza masalasiga yechim topish;
4. Mehnatga munosib haq toʻlash masalasini hal qilish;
5. Badiiy va hujjatli filmlar, umuman, barcha janrdagi mediamahsulotni efirga uzatishda litsenziya bilan bogʻliq masalalar.
Bu va boshqa yondosh masalalar bosqichma-bosqich hal etilishi lozim, bu jarayonlarda esa butun jamoa birlashishi, bahs-munozara maydonida koʻrsatgan qatʼiyatini ish maydonida ham namoyon etishi zarur deb bilaman. Zero shu yurt, shu xalq vakillari sifatida barchamiz umumiy maqsad yoʻlida – millatni yuksaltirish, yurt ravnaqiga hissa qoʻshish yoʻlida kamarbastamiz.
“Madaniyat va maʼrifat” telekanali atrofidagi joʻshqin bahslarda xolis ishtirok etgan barcha ziyolilarga yurakdan tashakkur aytaman.
Oydin kunlarga yetishmoq yoʻlidagi xayrli sayʼ-harakatlarimiz yaxshi samaralarga yetkazsin, barchalarimizni muborak kunlar fazilatidan nasibador qilsin, deydi vazir.