Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni(PF–79-son, 26.05.2023-y.)ga koʻra, 2023-yil 1-sentyabrdan:

▫️maktab direktoriga oʻz oʻrinbosarlarini ishga qabul qilish va ishdan boʻshatish, ajratilgan umumiy soatlar doirasida oʻquv rejalariga 15 foizgacha oʻzgartirish kiritish masalalarini mustaqil hal qilish huquqi beriladi;

▫️tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlarining maktab faoliyatini tekshirish va taʼlim sifatini baholash boʻyicha vakolatlari bekor qilinadi;

▫️hududlarda eng tajribali maktab direktorlaridan iborat Direktorlar kengashlari tuziladi;

▫️maktab direktorlari Direktorlar kengashi tavsiyasiga asosan hududiy boshqarmalar tomonidan ochiq tanlov asosida lavozimga tayinlanadi.

 2024-yil 1-yanvardan maktab direktorlarini har 5 yilda bir marotaba kasbiy sertifikatsiyalash tizimi joriy etiladi. 

Bunda, sertifikatsiyadan oʻta olmagan direktorlar belgilangan tartibda lavozimidan ozod etiladi.

Farmonga muvofiq, quyidagilar bekor qilinadi:

maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarlarini lavozimga tayinlashda tuman (shahar) maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan tavsiya berish amaliyoti;

jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarini ishga qabul qilishda sport sohasidagi vakolatli davlat organining hududiy boʻlimlari hamda sport maktablari metodistlari tomonidan yoʻllanma berish tartibi.

2024-yil 1-yanvardan:

▫️bola tugʻilganidan soʻng, doimiy yashash manzilidagi mikrohududga biriktirilgan maktabda onlayn hisobga qoʻyiladi;

▫️maktablarning har oʻquv yili uchun qabul rejasi my.maktab.uz elektron platformasida shakllantiriladi.

Shuningdek, 2023/2024 oʻquv yilidan “Sirdaryo tajribasi” asosida har bitta hududda bittadan zamonaviy “Barkamol avlod” bolalar maktablari tashkil qilinadi.