Qayd etilishicha, maktab direktori P.A. Toshkent shahrida boʻla turib, “komissiya uchun” degan bahonada oʻqituvchi va texnik xodimlardan 20 ming soʻmdan pul yigʻdirgan. Mazkur holat boʻyicha shu kunning oʻzida Xoʻjayli tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.
Aniqlanishicha, joriy yilning 10-fevral kuni 21- umumtaʼlim maktabining direktori P.Aning topshirigʻiga asosan, maktab oʻqituvchisi D.R. tomonidan 16 nafar oʻqituvchidan 320 ming soʻm yigʻib direktorga bergan, direktor P.Aning oʻzi esa, 18 nafar oʻqituvchidan 360 ming soʻm yigʻib olib, jami 680 ming soʻm pul yigʻilgan.
Maktab direktori P.A. oʻz koʻrsatmasida ushbu pullar maktabdagi bannerlarni yangisiga almashtirish uchun yigʻilganini, ularni amalda hech qayerga ishlatilmasdan, oʻqituvchilarga yana qaytarib berilganini bayon qilib oʻtgan. Bir guruh oʻqituvchilar pullarni yigʻilish sabablari haqida P.A. bergan koʻrsatmalarni tasdiqlagan, bir guruhi yigʻilgan pullar kelgan komissiyani tushlikda ovqatlantirish bahonasida yigʻilganligini bayon qilgan.
2023-yil 23-fevral kuni P.A. oʻz ixtiyori bilan ishdan boʻshash haqida arizasiga asosan lavozimidan ozod qilingan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda.