Unga koʻra Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida “Yangi Oʻzbekiston” universiteti hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik maktablari tashkil etiladi.

2026-2027 oʻquv yilidan boshlab:

  • mazkur maktablarga oʻquvchilarni saralab olish va qabul qilish boshlanadi hamda bir sinfda oʻquvchilar soni 24 nafar, umumiy cheklangan soni 240 nafar etib belgilanadi;
  • birinchi oʻquv yilida 7—10-sinflarga, ikkinchi oʻquv yilidan boshlab umumtaʼlim maktablarining 6-sinf bitiruvchilari orasidan 7-sinfga qabul qilinadi;
  • oʻquv jarayoni 5-yillik dastur asosida STEM modeli boʻyicha tashkil etiladi hamda dastlabki 3-yilda fizika, matematika va xorijiy til fanlaridan, keyingi 2-yilda muhandislik fanlari boʻyicha boshlangʻich tayyorgarlikka eʼtibor qaratiladi;
  • muhandislik maktablarining 11-sinf oʻquvchilari uchun ikki oylik majburiy ishlab chiqarish amaliyoti (stajirovka) joriy etiladi;
  • muhandislik maktablarida oʻquv jarayonini tashkil etish va boshqarish boʻyicha akademik direktor lavozimi joriy etiladi;

2026-yil 1-yanvardan boshlab:

  • har yili umumtaʼlim maktablari oʻrtasida Prezident sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovi oʻtkaziladi;
  • tanlovning Respublika bosqichi gʻoliblari uchun xorijiy davlatlarga taʼlim sayohati tashkil etiladi;
  • tanlovning Respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan maktabga muhandislikka oid laboratoriyalar jamlanmasini oʻz ichiga olgan Innovatsion texnopark tashkil etish uchun 1 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratiladi.