Tadbirda ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbariyati va ilmiy xodimlari ishtirok etdi.

Malayziya vakillari Oʻzbekistonda Islom sivilizatsiyasining boy merosini oʻrganish, asrab-avaylash va targʻib etish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlarga yuqori baho berdi.

Xususan, Imom Buxoriy xalqaro stipendiya dasturi ishtirokchisi, Malayziya Xalqaro Islom universiteti boʻlim boshligʻi, “Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida joylashgan Oʻzbekiston va Transoksiana olimlarining qoʻlyozmalari” mavzusi tadqiqotchisi, professor Muhammad Said insoniyat tamaddunining koʻplab sohalariga fundamental hissa qoʻshgan Markaziy osiyolik olim va mutafakkirlarning boy ilmiy merosini qayd etdi. Shu nuqtayi nazardan mintaqa tarixiga oid nodir qoʻlyozmalarni oʻrganish va kataloglashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Tadqiqot ishlari davomida Malayziyadagi Sayyid Muhammad Naqib Attos kutubxonasida saqlanayotgan Oʻzbekiston va Mavorounnahr olimlarining arab tilida bitilgan qoʻlyozmalari katalogi yaratildi. Unda Islom huquqi, Qurʼon tadqiqoti, hadis, arab tilining mantiq va grammatikasi kabi 20 ta yoʻnalishda 150 ta qoʻlyozma asar haqidagi maʼlumotlar jamlangan.

Tadbir yakunida mazkur katalogni oʻzbek tiliga tarjima qilish, ushbu nodir nashrlarning faksimil nusxalarini yaratish va qoʻlyozmalarni boshqa tillarga tarjima qilish masalasini oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar, shuningdek, Malayziya va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Indoneziya, Singapur, Bruney, Filippin, Vyetnam, Kambodja va Tailanddagi kutubxonalarda Oʻzbekiston tarixiga oid qoʻlyozmalarni qidirish va kataloglashtirish ishlarini davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.