Mamlakatimiz yoshlari endi YEXHT akademiyasida oʻqiydi

    Ta'lim 22 Avgust 2024 398

    Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori Antti Karttunen bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda mamlakatimiz aholisining 60 % ni tashkil etuvchi yoshlarning mamlakatimiz uchun yuqori potensiali ekanligi eʼtirof etilib, oʻzbek yoshlarini Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahrida joylashgan YEXHT akademiyasiga jalb etish masalasi muhokama etildi.

    Tomonlar universitetlararo hamkorliklar, talabalar orasida qonun ustuvorligini targʻib qilish, mamlakatimizda oktyabr oyida oʻtkaziladigan parlament saylovlari, hududiy muammolar masalalarida hamkorlikdagi ishlar va kelgusidagi rejalar muhokama etildi.

    – YEXHT Oʻzbekiston hukumatini barcha tashabbuslarida qoʻllab-quvvatlashga tayyor, – dedi Antti Karttunen.

    Uchrashuv yakunlariga koʻra tomonlar birgalikdagi amaliy ishlarni davom ettirishga kelishdilar, deb xabar beradi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.