Nishonda – ong va qalb
Bugungi globallashuv davrida mafkuralar kurashining avj olgani, endi insonning jismi emas, balki uning ongi va qalbi moʻljalga aylangani hech kimga sir boʻlmay qoldi. Ong va qalb uchun kurash avj olayotgan ekan, maʼnaviyat va maʼrifat institutlari kurashchi sifatida oldinga chiqadi, maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot dolzarb ahamiyat kasb etib boradi. Yaʼni, aholi, ayniqsa, farzandlarimizning ongu-shuurini begona gʻoyalar, maqsadlar moʻljalga olgan ekan, biz bu obyektni oldinroq egallashimiz, ular oldida kuchli maʼnaviy-maʼrifiy qalqon yaratishimiz, ularni begona illatlar uchun emas, aksincha, oʻz yurti ravnaqi uchun safarbar etishimiz lozim boʻladi.
Shu oʻrinda maʼnaviyat va maʼrifat soʻzlariga eʼtibor qilaylik. Nima uchun bular qoʻshib aytiladi?
Maʼnaviyat – arabcha “maʼni” maʼnosini ifodalaydi. Maʼrifat kategoriyasining esa oʻzagi “maorif” soʻzi boʻlib, “oʻqiyman, bilaman” degan maʼnolarni anglatadi. Bu soʻzlarni birgalikda qoʻllashdan maqsad – insoniy fazilatlar va bilim doim yonma-yon boʻlishini anglatish hamda ularni ezgu maqsadga yoʻnaltirishga undash.
Maʼnaviy targʻibot maʼlum bir hudud yoki maʼlum bir guruhda jamlangan odamlar ongiga maʼnaviy tushuncha va tamoyillarni singdirish, ularning maʼnaviy qiyofasini boyitishga qaratilgan tizimli va maqsadli maʼrifiy faoliyatni ifodalaydigan jarayon. Ikkinchi tomondan, odamlarni yoki ularning maʼlum bir qatlamini maʼnaviy tajovuzlardan ogohlikka chaqirish maqsadida mavjud tahdidlar va ularning mohiyati toʻgʻrisida tushuncha va fikr shakllantirishdan iborat. Shu bilan birga, ularda yuksak maʼnaviy gʻoyalarni shakllantirishga qaratilgan nazariy va amaliy harakatlarni anglatadi.
Odamlar ongida yurtni jipslashtirishga koʻmaklashadigan insoniy tuygʻular qaror topishi, jamiyatda olijanob fazilatlar ustuvor boʻlishida maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot muhim ahamiyat kasb etadi. Aslida bunday targʻibot taʼlimning ham, tarbiyaning ham muhim koʻrinishidir.
“Targʻibot” atamasining oʻzagini “ragʻbat” soʻzi tashkil etadi va insonni biror harakatga ragʻbatlantirishni nazarda tutadi. “Tashviqot” tushunchasining oʻzagi esa “shavq” soʻzidan olingan boʻlib, kishida biror narsaga shavq, ishonch tuygʻularini uygʻotishga yoʻnaltirilgan. Demak, targʻibot-tashviqotdan koʻzlangan asosiy maqsad – nafaqat bilim orttirish, balki kishini biror-bir xatti-harakatga undashdan iborat.
Maʼruza oʻqisangiz... dalillar qoʻlingizda boʻlsin
Kishilar qalbiga yangicha tafakkur, yangi gʻoyalarni singdirish uzoq, baʼzida yillab davom etadigan jarayon. Shunchaki maʼruza oʻqib, bilim bergan bilan yoki qaysidir qonun hujjatlarini joriy qilgan bilan jamiyatda yangicha tafakkur yoki yangicha yondashuvni shakllantirib boʻlmaydi. Buning uchun kuchli targʻibot va tashviqot ishlari zarur. Targʻibot esa shunday qudratki, Abdulla Oripov sheʼrida aytilganidek:
Temur tigʻi yetmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher..
Har qanday holatda ham targʻibotning oʻqi – gʻoya, nishoni – inson ongi va shuuri boʻlib qoladi. Lekin quroli turli-tuman boʻlishi mumkin. Belgilangan gʻoya, maqsad, uning ahamiyati, obyektning koʻlami, xususiyati kabi omillar hisobga olingan holda maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot usullari, yoʻnalishlari tanlab olinadi.
XIX asrning saksoninchi yillarida boshlangan jadidlar harakatini eslab koʻraylik. Ismoilbek Gaspirinskiy Qrimda shu harakatning asoschisi hisoblansa, Mahmudxoʻja Behbudiyni Oʻrta Osiyoda dastlab yetakchilik qilgan olim sifatida koʻrsak boʻladi. Gap shundaki, jadidlar aholining dunyoqarashi va bilimi zamon talabidan ortda qolayotgani, ularning ongi va qarashlarini oʻzgartirmay turib, jamiyatni rivojlantirib boʻlmasligini anglab yetgandi. Jadidchilikning asosiy gʻoya va maqsadlari quyidagilar edi: Turkistonni oʻrta asrlarga xos qoloqlik va diniy xurofotdan ozod etish, shariatni isloh qilish, xalqqa maʼrifat tarqatish. Ular shu yoʻlda dastlabki qadamlarni bosdi va maʼrifiy targʻibot uchun bir qator yoʻnalishlarni belgilab olishdi.
Jumladan: 1) yangi usul maktablari ochish; 2) qobiliyatli yoshlarni chet elda oʻqitib, bilimi, tajribasini oshirish va ularni oʻz jamiyatimiz uchun xizmat qildirish; 3) maʼrifiy jamiyatlar tuzish orqali faoliyatlarini aniq tartib va yoʻnalishlarga solish, faoliyatni qonuniylaytirish; madaniy taraqqiyotni rivojlantirish maqsadida teatr truppalari ochish va ulardan targʻibot vositasi sifatida foydalanish; 4) gazeta va jurnallar chop etish orqali xabardorlik va ilm darajasini oshirish; 5) Buxoro va Xivada konstitutsiyaviy monarxiya va Parlament tuzish, keyinchalik demokratik respublika tuzish uchun uning asoslarini yaratish.
Ular bu yoʻnalishlarni mavjud vaziyat va ehtiyojni hisobga olgan holda belgilashgan. Targʻibot-tashviqot ishlari hamisha oson va silliq ketavermagan, qarshiliklar boʻlgan. Xususan, oʻsha davrda yangi maktablar ochishga, Ovrupo xalqlariga oid kiyinishga mahalliy mullalar mutlaqo qarshi chiqishgan.
Bugungi kunda turli oqimga xizmat qiladigan mafkuralar xuruji targʻibot-tashviqot ishlarini murakkablashtiradi. Bunday holatda mafkuraga qarshi mafkura, asoslar va faktlar bilan qurollanish muhim ahamiyat kasb etadi. Aytaylik, jadidlar ham yangilikka qarshi boʻlgan mullalar va ularning tarafdorlariga javobni asosan dinimizdan olishgan. Jumladan, ilmni Chinga borib boʻlsa ham oʻrganing, degan hadisi-sharifdan foydalanishgan. Demak, targʻib qilayotgan gʻoyaning asoslovchi dalillari hamisha qoʻlimizda boʻlishi kerak.
Maqtov boʻshashtiradi, vahima esa...
Targʻibotning ikki anʼanaviy yoʻli mavjud. Birinchisi – insoniy fazilatlarni ulugʻlash, shu sohada yutuqqa erishgan insonlarni ibrat qilib koʻrsatish. Ikkinchi yoʻl esa illatlarni qoralash, ulardan xalos boʻlishga chaqirish, bu boradagi halokatli natijalarni misol qilish orqali amalga oshadi. Ikkinchi vosita birinchisiga nisbatan taʼsirchanroq. Masalan, jinoyatning oldini olish masalasini olaylik. Chunki bu jamiyatda maʼlum darajada maʼnaviy muhit darajasini namoyon etadigan koʻrsatkich hisoblanadi.
Biz agar inson jinoyat sodir etmasa, u oilada va jamiyatda qanday oʻrin topishi, hurmat qozonishini kimlarningdir misolida tushuntirishga urgʻu beramiz. Jinoyat kam sodir etilgan mamlakatlarga dunyoning munosabatini ham koʻrsatamiz va misol keltiramiz. Bu birinchi usul.
Ikkinchisida esa, jinoyatning kelib chiqish sabablari, jinoyat sodir etgan odamning jamiyatdagi oʻrni, jinoyatchilik rivojlangan mamlakatlarga dunyoning munosabatini qayd etamiz. Ikkinchi holat insonni ogohlikka undaydi. Chunki psixologik jihatdan qaraganda ham sokinlik, maqtov kabi narsalar inson ruhiyatini sokinlashtiradi, boʻshashtiradi. Insonda taajjub, vahima uygʻotadigan xabar, gaplar esa uning ruhiyatini sergak holda ushlaydi.
Albatta, ikkala usulni uygʻunlashtirsak-chi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Targʻibotda aslida har ikkisidan ham foydalaniladi. Har ikkisining oʻz oʻrni va taʼsir darajasi bor.
Bugun jamiyatni maʼnaviy yangilash masalasi qoʻyilmoqda. Zero, iqtisodiyotda yoki texnologiya sohasida har qancha yutuqqa erishmaylik, agar el-yurt farovonligi, tinchligi, Vatan va jamiyat ravnaqi yetakchi gʻoyasiga aylangan, har qanday yot gʻoya va mafkuraviy xurujlarga qarshi turadigan xalqqina oʻz yurtini har taraflama taraqqiy ettirib, jahon sahnida nafaqat munosib oʻrin oladi, balki yetakchilar qatoridan joy egallaydi.
Maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot usullari, shakllari, vositalari esa xuddi qurollanish poygasi singari yil sayin turlicha ahamiyat kasb etib borayotganini unutib boʻlmaydi. Bugungi uslubimiz, vositamiz ertaga eskirib qoladi, maʼnaviy xurujlar biznikidan kuchliroq vosita va shakllarda kirib kela boshlaydi. Shuning uchun bu borada ilmiy va amaliy izlanishlarni ham, harakatlarni ham bir daqiqa boʻlsin toʻxtatib boʻlmaydi.
Dastlab qora-sariq ranglar namoyish etiladi, keyin...
Maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot samaradorligini taʼminlashda avvalo, auditoriya toʻgʻri tanlanishi kerak. Gohida butun jamoani toʻplash shart emas, manzilli yondashuvning oʻzi kifoya qiladi. Mavzuning mazmuniga qarab, aholining maʼlum bir qatlami yoki kasb-kor egalari tanlab olinsa natija samarali boʻladi.
Gʻoyaning aniq yoʻnaltirilgani va mavzu hajmining maʼlum bir vaqtga ajratib olingani ham muhim omil sanaladi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, gʻoyalar targʻiboti uchun gohida yillar talab etiladi. Qolaversa, targʻibotchining bilim va gʻoya bilan qurollanganlik darajasi va ishontirish qobiliyati katta ahamiyatga ega.
Odatda targʻibot natijasi ham tezda koʻrinmasligi mumkin, bunday tezkorlikni kutish gʻoyani ham, uning targʻibotini ham obroʻsizlantirib qoʻyadi.
Barkamol farzand sogʻlom oilaviy muhitda voyaga yetadi. Bunga erishish uchun – birinchi navbatda, maʼnaviy targʻibot-tashviqot ishlarini ota-onalar ongiga, ularning farzandlariga boʻlgan munosabatini oʻzgartirishga yoʻnaltirmoq zarur. Demak, targʻibot-tashviqot ishlari ham xuddi maʼnaviy tarbiya singari uzluksizlik kasb etishi lozim. Biz unga yetkazgan maʼlumot, gʻoya tomdan tarasha tushganday boʻlmasligi kerak. Mana shu oʻrinda shoʻrolar hukumatining targʻibot usullarini eslab koʻraylik. Ochigʻi, bu usullarga mensimasdan qarash notoʻgʻri. Chunki bu usullar yillar davomida pishib shakllangan. Aytaylik, dastavval qaysidir uyali aloqa kompaniyasining qora-sariq ranglari namoyish etila boshlandi. Avvaliga siz bu rangli chiziqlar nimani anglatishini bilmadingiz, lekin ular shuuringizga singib boʻldi. Shundan soʻnggina endi bu xususiyatlar yonida kompaniya nomi yozuvi ham paydo boʻladi.
Demak, maʼnaviy-maʼrifiy targʻibotda ketma-ketlik, yaʼni takrorlanmay, davomiylik kasb ettirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, maʼnaviy-maʼrifiy, mafkuraviy targʻibotni amalga oshirishda turli vositalardan foydalaniladi. Masalan, mavjud taʼlim tizimi bu borada eng asosiy vositalardan biridir. Chunki, bu tizim orqali qamrovni keng olish imkoniyati mavjud. Bunda taʼlim-tarbiya asosida olib boriladi. Taʼlim usullari, vositalari ham targʻibotga xizmat qildiriladi.
Maʼlumki, XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab, axborot jamiyatni mafkura bilan qurollantirishda, dunyoqarashni shakllantirishda, tasavvur va bilimlarni toʻldirishda yetakchi unsurga aylana bordi. Bugunga kelib, axborot almashinuvi va tarqatilishi shu qadar tezlik kasb etdiki, goʻyo ular ongning boʻsh joyini birinchi boʻlib egallash boʻyicha musobaqalashayotganday koʻrinadi. Ular obyekt qamrovini kengaytirish uchun har qanday usul va joziba yoʻllaridan foydalanishga harakat qilishadi.
Hissiyot, oʻy, fikr uygʻunligi
Badiiy adabiyot va sanʼat ahli esa inson tuygʻulariga taʼsir koʻrsatish orqali targʻibotni amalga oshiradilar. Adabiyot va sanʼat inson tugʻilibdi-ki, u bilan birga. U dastavval bularga koʻngil ochish vositasi sifatida qaragan boʻlsa, endi u qahramonlariga taqlid qiladi, ularning ortidan ergashadi. Adabiy asar, filmlar, qoʻshiqlar, ijtimoiy roliklarga singdirilgan gʻoya, harakatlar, kiyinish uslublarida ham aks etish orqali muxlis, tomoshabin yoki oʻquvchini ortidan yetaklash qudratiga ega. Shu oʻrinda Choʻlponning adabiyot haqida aytgan fikrlarini eslab oʻtish joizdir. “Ha, toʻxtamasdan harakat qilib turgʻon vujudimizga, tanimizga suv, havo naqadar zarur boʻlsa, maishat yoʻlida har xil qora kirlar bilan kirlangan ruhimiz uchun ham shul qadar adabiyot kerakdir. Adabiyot yashasa — millat yashar. Adabiyoti oʻlmagʻan va adabiyotining taraqqiyotiga cholishmagan va adiblar yetishtirmagan millat oxiri bir kun hissiyotdan, oʻydan, fikrdan mahrum qolib sekin-sekin inqiroz boʻlur”.
Maʼrifiy-maʼnaviy yigʻinlar, suhbatlar kabi maqsadli tarzda tashkil etiladigan tadbirlarda obyekt mavzuga mos ravishda tanlab olinadi.
Jamoat joylaridagi koʻrgazmali vositalar, shiorlar, reklama va anonslar orqali soʻzlar, hikmatlar, usullar, vositalar, ranglar, ovoz va ohanglar tanlanishida maʼlum bir gʻoyani singdirish koʻzda tutiladi.
Xalqimiz toʻyni yaxshi koʻradi. Bu kabi tadbirlarni oʻtkazish, tashkil qilish jarayonida milliy, diniy gʻoyalar bilan birga boshqa gʻoya va mafkura ham targʻib qilinishi mumkin. Varaqalar, bukletlar, kitoblar tarqatish ham targʻibotning eng samarali vositalaridan sanaladi.
Bundan tashqari, zamon, imkoniyat va mavjud ijtimoiy muhitdan kelib chiqib, maʼlum bir guruhlar, harakatlar, kuchlar maʼrifiy-maʼnaviy targʻibot va tashviqotning oʻziga xos usullaridan foydalanadi. Targʻibot esa ikki xil: oshkora va yashirin tarzda olib borilishi mumkin. Yuqorida oshkora targʻibotni koʻrdik.
Niqobdagi targʻibotdan ehtiyot boʻling!
Yashirin tarzdagi targʻibot-tashviqot ham ikki xil koʻrinishda boʻladi.
Toʻgʻridan-toʻgʻri yashirin yigʻinlar oʻtkazilganida yashirincha varaqa va kitoblar tarqatilishi bilan maqsadga erishiladi. Niqoblangan yashirin koʻrinish esa ancha xavfli hisoblanadi. Bunda oshkora targʻibot zamiriga yashirin maqsad va gʻoyalar singdiriladi. Masalan, jamiyat uchun biror kerakli mahsulot yoki biror buyum reklamasi ostida maʼlum bir gʻoya yashirinishi mumkin. Reklama mahsulotining orqa fonida, reklama qiluvchining kiyinishi, harakatlari va talaffuzida, reklamaning tagosti mazmunida mana shunday niqobni koʻrish mumkin. Masalan, mushuklarning “kit-kat” ozuqasi reklamasini olaylik. Umumiy nuqtai-nazardan qaralganda, mushuklar uchun ozuqa mahsuloti reklama qilinyapti. Lekin bu reklama ostida “Mana, bizning yurtimizda hatto mushuklar shunday oziqlanadi”, degan oʻsha yurt jozibasi yashirin. Yoki bir ichimlik reklamasini namoyish etadigan yigitning ogʻi tizzasida turgan shalvor kiyib olgani-yu, qoʻllarini bigiz qilib, afrikalik sanʼatkorlarga xos qiliq va harakat qilishi – milliy gʻoya va qadriyatlarga mutlaqo zid boʻlgan targʻibot boʻlib, unda oshkora tarzda ichimlik, yashirin tarzda esa Gʻarbga xos sayoq hayot targʻib qilinayotganini anglash mumkin. Bu kabi niqoblangan targʻibotlar ayrim film va seriallarda, sanʼatkorlar chiqishlarida va kiyinishlarida, pannolarda, ayrim tadbir va yigʻinlarni tashkil etishda ham koʻrinadi.
Targʻibotda hamisha reallik, rostga yondashish lozim, negaki bitta yolgʻon aralashgan joyda rostga ham shubha bilan qaraladi.
Bugungi murakkab maʼnaviy jarayonlarni ilmiy-amaliy jihatdan atroflicha tahlil qilish va baholash, ularning ustuvor yoʻnalishlarini, kimga va nimaga qarshi qaratilganini aniqlash, aholi turli qatlamlariga taʼsirini oʻrganish, maʼnaviy tajovuzlar mohiyatini ochib berish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Faqat ana shunday asosda aholi, ayniqsa, yoshlarni oʻz fikriga ega, maʼnaviy tajovuzlarga qarshi sobit tura olishga qodir, irodali, fidoyi, vatanparvar insonlar etib tarbiyalashga erishish mumkin.
Shahlo AHROROVA,
ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar
instituti katta ilmiy xodimi,
falsafa fanlari doktori(PhD)