Eng muhimi, jamiyat hayotini yangi ezgu g'oyalar bilan boyitib, xalqning birdamligi va hamjihatligiga asoslangan yangi ma'naviy-ruhiy makonni yaratishda ma'naviyat katta kuch bo'la olgan. Aynan ana shu makon odamlar qalbi va ongida millatparvarlik, vatanparvarlik ruhini mustahkamlab, jamiyatni yuksak taraqqiyot yo'liga boshlaydigan yangi uyg'onish to'lqinlarini yuzaga keltirgan.
Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, “O'zbekistonning yangi uyg'onish davrini yaratishga kirishar ekanmiz, har bir yurtdoshimizning qalbi va ongida ma'naviyat shu'lasi porlashi va u bizni ezgu ishlarga undab, yuksak mas'uliyat tuyg'usi bilan yashashga da'vat etib turishi zarur”.
Jamiyatdagi ma'naviy yangilanishlar har bir insonni qalban-ruhan ezgu maqsadlar yo'lida birlashtirishga xizmat qiladi. Bu yo'lda milliy g'oya, milliy ma'naviyat har bir xalqning amaliy dasturiga aylanadi. Birlashgan jamiyat yuksak metin qoyadek sobit turadi, birlasholmagan jamiyat qumday sochilib ketishi mumkin. Har bir mamlakatni, avvalo, birlashgan fidoyilar yuksaltiradi! Yangi yilning dastlabki kunlari ana shunday oydin niyatlar bilan boshlandi. O'tayotgan kunlar hayotimizni har tomonlama tahlil qilishni taqoza etmoqda. Shukronalar bo'lsinki, bizning sarhisob qiladigan, xulosa chiqaradigan, ibrat oladigan qadriyatlarimiz etarli. Ayniqsa, keyingi yillar mustaqil yurtimiz tarixida alohida qayd etiladigan yorqin voqealarga boy bo'ldi.
Bugungi kunda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ulug'vor maqsad kun tartibiga qo'yildi. Taraqqiyotning yangi davri talablari asosida mamlakatimizda amalga oshiriladigan eng muhim vazifalar belgilab olindi.
Mamlakatimizni rivojlantirish bo'yicha qabul qilingan Taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar O'zbekistonning yangi Renessansiga – yangi Uyg'onish davriga mustahkam poydevor bo'lishi lozim. Ana shu ma'noda bundan bir yil muqaddam, aynan 19 yanvar` kuni O'zbekiston respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo'lib o'tgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat Kengashining ilk yig'ilishi mamlakatimiz taraqqiyotida yangi burilish davrini boshlab berganligini alohida ta'kidlamoq joiz. Unda ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini mustahkalash, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining muvofiqlashtiruvchi rolini kuchaytirish, sohada ilmiy yondashuvni keng joriy etish, ilg'or tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha aniq choralar belgilandi.
Mafkuraviy ishlar borasida davr talablarini o'zida mujassam etgan yo'nalishlar asosida qabul qilingan 2021 yil 26 martda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”, yana shu kuni “Ma'naviyat va ijodni qo'llab-quvvatlash maqsadli jamg'armasini tashkil etish to'g'risida” qarorlari, 2021 yil 3 iyunda Vazirlar Mahkamasining “Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar inistituti faoliyatini tashkil etish to'g'risida” gi qarori O'zbekistonda ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tizimli yo'lga qo'yish, muvofiqlashtirish borasida yangi yo'nalishni yaratishga asos bo'ldi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” gi qarori asosida barcha vazirlik va idoralarda Ma'naviyat va ma'rifat kengashlari tuzildi. Mazkur kengashlar faoliyatini muvofiqlashtirib borish bo'yicha ikki tomonlama “Yo'l xarita”lari ishlab chiqilib, ma'naviy-ma'rifiy ishlarning yangi tizimi amal qila boshladi. “Yo'l xarita”larida belgilab qo'yilgan tadbirlarni bugungi kun talablari darajasida amalga oshirish maqsadida ilk bor mamlkatimizdagi 109 ta vazirlik, idora va tashkilotlar Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bilan, 630 dan ziyod korxona va tashkilot Markazning Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat bo'limlari bilan, 5175 dan ziyod korxona va tashkilotlar tuman bo'linmalari bilan ikki tomonlama hamkorlikning yo'lga qo'yilishi ma'naviy-ma'rifiy sohada yangi tizim yaratiish borasidagi birinchi qadamlar bo'ldi.
Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi hamda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tomonidan Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini baholash indikatorlari (KPI) ishlab chiqildi. Mazkur indikatorlar asosida hududlarda ma'naviy-ma'rifiy ishlar holatini muntazam baholab borish yo'lga qo'yilmoqda.
Mamlakatimizda ma'naviy-ma'rifiy sohada yangi tizim yaratish, joylarda targ'ibot-tashviqot ishlarining samaradorligini oshirishga ko'maklashish bo'yicha 30 nafar olim, ijodkor va mutaxassislardan iborat Markaz qoshida Respublika ekspertlar guruhi tashkil etildi.
O'rganish natijalariga ko'ra ma'naviy-ma'rifiy sohaga mas'ul xodimlarning malakasini oshirishga qaratilgan maxsus o'quv kurslari tashkil etish, soha vakillarining metodik ta'minotini kuchaytirishga alohida e'tibor qaratildi. Ijtimoiy tarmoqlardan samarali foydalangan holda viloyat “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati a'zolarini ma'naviy-ma'rifiy targ'iboti bo'yicha faolligini oshirish, targ'ibot tadbirlari va materiallarni ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritish yanada jadallashtirildi. Korxona, tashkilot, muassasa va boshqa tuzilmalarda ma'naviyat masalalariga jamoatchilik asosida biriktirilgan mas'ullarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning malakasini oshirish ishlari yo'lga qo'yildi.
Hech kimga sir emas, hozirgi globallashuv davrida dunyo maydonida hamma sohalarda keskin kurash va raqobat tobora ayovsiz tus olmoqda. Ayrim davlatlar, siyosiy markazlar tomonidan boshqa mamlakatlarni o'z ta'sir doirasiga olish, ozodlik ruhini sindirish, mustaqilligini tizginlash, ayniqsa, yoshlarning ongu tafakkurini egallash orqali taraqqiyot va barqarorlik, milliy birlik va hamjihatlik ildizlariga bolta uruvchi manqurtlarga aylantirmoqda. Bu yo'lda havoyi yorliqlar yopishtirilgan yolg'on va puch da'volar asosida turli usul va vositalarni qo'llashga, juda katta kuch, mablag' va imkoniyatlar safarbar etilyapti.
Mana shunday murakkab sharoitda milliy o'zligiga ega bo'lmagan, ma'naviy hamjihatlikka erishmagan mamlakat moddiy va ma'naviy boyliklarini, eng yomoni, mustaqilligini boy berib qo'yishi hech gap emas. Bunga o'tmishdan ham, bugungi kunimizdan ham istagancha misollar keltirish mumkin. Ana shunday sharoitda targ'ibotning tezkor, zamonaviy usullaridan foydalanmasdan maqsadga erishishi qiyin. SHu ma'noda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi qoshida “Oyina.uz” elektron portali tashkil etilib, Raqamli targ'ibot bo'limi faoliyati yo'lga qo'yildi va ular jadal faoliyat yuritmoqda.
Davlatimiz rahbari “Yangi O'zbekiston strategiyasi” asarida “...targ'ibot-tashviqot ishlarida aholining hududiy, kasbiy hamda yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda mutanosib, maqsadli va mazmunli yondashuvni joriy etish tartibini yaratish va uni amaliyotga qo'llash mexanizmini takomillashtirish” (283-bet) vazifasini belgilab bergan edi. Albatta, maqsadga erishish uchun hududiy bo'limlar zimmasiga yangi mas'uliyat va mazmun yuklanishi tabiiy. Ularning faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida Markazning hududiy bo'lim va bo'linmalariga jami 303 ta (shundan hududiy bo'limlarga 28 ta, tuman/shahar bo'linmalariga 275 ta) qo'shimcha shtat birligi ajratilib, mazkur shtat birliklari tegishli mutaxassislar bilan to'ldirildi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 iyundagi “Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar instituti faoliyatini tashkil etish to'g'risida” Qarori bilan Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi. “Tafakkur”, “Ma'naviy hayot” jurnallari hamda “Ma'naviyat” nashriyoti Markaz tasarrufiga o'tkazilib, ular faoliyatini rivojlantirish choralari ko'rildi.
O'tgan vaqt davomida Qurilish vazirligi tomonidan “Ma'naviyat va ma'rifat maskani”ning namunaviy loyihasi ishlab chiqilib, 2021 yil uchun hududlar kesimida 48 ta tuman/shaharlarda Ma'naviyat va ma'rifat maskanlarini foydalanishga topshirish bo'yicha tashkiliy-qurilish ishlari olib borildi. Bugungi kunda 27 ta tuman/shaharlarda Ma'naviyat va ma'rifat masakanlari foydalanishga topshirildi.
Ma'naviy-ma'rifiy va tarbiyaviy ishlarni namunali yo'lga qo'yish bo'yicha an'anaviy tarzda o'tkazilishi rejalashtirilayotgan “Eng namunali vazirlik va va idora” hamda “Eng namunali tuman va shahar” tanlovlari o'tkazildi. Tanlovda Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar Ma'naviyat va ma'rifat kengashlari tavsiyasi asosida 14 ta tuman/shahar hamda 20 ta vazirlik va idoralar o'z arizalari asosida ishtirok etdi.
Joriy yilning iyun`-avgust oylarida tanlov ishtirokchilarining ma'naviy-ma'rifiy yo'nalishdagi faoliyati o'rganilib, g'olib va sovrindorlar aniqlandi. Tanlov g'oliblarini taqdirlash uchun 3 dona “Damas” avtomobili hamda 101 million so'mlik kitoblar to'plami xarid qilindi. Tanlov g'oliblarini taqdirlash marosimi 2021 yil 15 dekabr` kuni Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi katta majlislar zalida o'tkazildi.Tanlovda Maxsus komissiyaning o'rganish natijalariga ko'ra Qoraqalpog'iston Respubliksi ellikqal'a va Farg'ona viloyati Buvayda tumanlari 1-o'rinni egalladi. Vazirlik va idoralar o'rtasida esa Mudofaa vazirligi 1-o'ringa munosib ko'rildi. Tanlov g'oliblarining taqdirlanishi barcha vazirlik va idoralar, tuman va shaharlarda ma'naviy-ma'rifiy ishlarni rivojlanishiga kuchli ta'sir ko'rsatdi.
Maktabgacha ta'lim, xalq ta'limi, oliy va o'rta maxsus ta'lim sohasidagi ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, bu borada boshqa tashkilot va idoralar bilan hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha yagona tizim ishlab chiqildi. 2021 yil 1 apreldan boshlab barcha oliy ta'lim muassasalari va ularning filiallarida Yoshlar bilan ishlash bo'yicha prorektor lavozimi negizida Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha prorektor lavozimi joriy etildi. Respublikadagi barcha umumta'lim maktablarining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosarlari faoliyatini o'quv yili yakuniga ko'ra kengash muhokamasiga kiritish tartibi yo'lga qo'yildi. Xususan, 2020–2021 o'quv yili yakuni bo'yicha 7565 nafar direktor o'rinbosarining faoliyati ko'rib chiqilib, shundan 520 nafari yaxshi, 6911 nafari qoniqarli, 144 nafari esa qoniqarsiz deb topilib, ular faoliyatini kuchaytirish bo'yicha tegishli choralar ko'rildi.
O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda O'zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasining “Umumiy o'rta ta'lim muassasalarida ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchi lavozimini joriy etish to'g'risida”gi Qo'shma qarori qabul qilindi. Hududiy tanlov komissiyalari xulosasiga ko'ra, 10 008 ta umumta'lim maktablariga ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchi tayinlandi. Ular uchun namunaviy dastur ishlab chiqildi. Shuningdek, Ta'lim muassasalaridagi tarbiyasi og'ir o'quvchilar hamda ularning ota-onalari bilan el-yurt hurmatiga sazovor faxriy avlod vakillari ishtirokida “Avlodlar uchrashuvi” loyihasi, “Bir mahallaga bir ziyoli ma'naviy homiy” hamda “Bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy” tamoyillari asosida professor-o'qituvchilar, ijodkor ziyolilar, ijtimoiy faol nuroniylarni jalb qilgan holda “mahallabay” ishlash tizimi yaratildi.
Albatta, ertangi kunimiz vorislarini har tomonlama etuk shaxslar etib tarbiyalashda tarix eng katta maktabdir. Shonli tariximizni bilish, ajdodolarimiz bilan faxrlanish farzandlarimizda milliy g'urur va iftixor tuyg'ularini kuchaytiradi. Bu yo'nalishda ham ko'plab tadbirlar tashkil qilindi. Jumladan, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashida berilgan topshiriqlar asosida hamkor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yilligiga bag'ishlab “Amir Temur – dunyo olimlari va adiblari nigohida” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyasi o'tkazildi. Unda Frantsiya, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Misr, Ummon sultonligi, eron, Pokiston, Ozarboyjon kabi dunyoning 14 ta mamlakatidan Amir Temur va Temuriylar davri ilm-fani, madaniyati, tarixi bo'yicha ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan 17 nafar mehmon hamda 60 dan ziyod mahalliy olimlar qatnashdi.
Hozirda “Jaloliddin Manguberdi izidan” ilmiy ekspeditsiyasi tashkil etildi. “Jaloliddin Manguberdi tarixining yangi sahifalarini o'rganish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyani o'tkazish bo'yicha tashkiliy choralar ko'rilmoqda. Konferentsiyada ishtirok etish istagini bildirgan 15 dan ziyod xorijiy mamlakatlardan 20 ga yaqin olim va mutaxassislar bilan hamkorlik muloqoti olib borilmoqda.
Milliy qadriyatlarimizni targ'ib qilish, ularni mazmunan boyitib, zamonaviy imdjini yuksaltirish sohasidagi ishlar yurtimizdagi ma'naviy muhitning jozibadorligiga ijobiy ta'sir etmoqda. Respublika ekspertlar guruhi tomonidan hududlarda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashida belgilangan vazifalar hamda 2021- yilda sohaga oid normativ huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etishga ko'maklashish maqsadida hududlarda seminar-treninglar hamda mahorat darslari tashkil qilindi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda jami 52 ta seminar-trening tashkil etildi. 15 ta tumanda hududdagi tegishli soha bo'yicha hokim o'rinbosarlari, rektorlar, maktab direktorlari, professor-o'qituvchilar va ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchilar ishtirokida ma'naviy-ma'rifiy targ'ibot ishlarini tashkil etish bo'yicha “Mahorat darsi” o'tkazildi.
Markaz va uning hududiy bo'limlari tomonidan O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda nodavlat telekanallar bilan hamkorlikda 170 dan ziyod ko'rsatuv va interv`yular tayyorlanib, efirga uzatildi.
Albatta, ko'rsatilayotgan e'tibor natijasida ma'naviy-ma'rifiy ishlar jonlanganligini ko'rib turibmiz. Ayniqsa, O'zbekiston Respublikasi Davlat tili, Davlat bayrog'i qabul qilinganining 30 yilligi va Davlat madhiyasi to'g'risidagi qonunlar qabul qilingan kunlarni ilk bor ommaviy bayram sifatida munosib nishonlash bo'yicha o'tkazilgan tadbirlar xalqimiz, xususan, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ma'naviy-ma'rifiy ishlar qanchalar katta ahamiyatga egaligini ko'rsatdi. Bu bayramni nafaqat mamlakatimizda, xorijiy davlatlardagi elchixonalarimiz, O'zbekistondan tashqarida ta'lim olayotgan, mehnat qilayotgan fuqarolarimiz, o'zga yurtlardagi vatandoshlarimiz tomonidan ham munosib va jo'shqin ruhda nishonlanganligi bunday tadbirlarni xalqimizni milliy yuksalish g'oyasi atrofida jipslashtirishdagi o'rnini yana bir karra namoyon etdi. To'g'risi, bu bayram jamiyatmizdagi muhitni ma'lum bir ma'noda o'zgartirdi. Odamlarimiz bayroq, madhiya va boshqa davlat ramzlari hayotimizda milliy g'urur va iftixor, tuyg'ularini jo'sh urdiruvchi qudratli vosita ekanligini qalban his qilishdi. Ochig'i men ham bundan g'ururlandim.
Bu tadbirlar albatta yaxshi. SHu bilan birga bizga xalqimizning vatanparvarlik ruhini yanada ko'tarish va barqarorligini ta'minlash, ayniqsa, yoshlarni milliy yuksalish g'oyasi ruhida tarbiyalash maqsadiga qaratilgan uzluksizlik, muntazamlik asosiga qurilgan alohida, mustahkam tizim kerak.
Bugungi hayotning o'zi bizdan yangicha fikrlashni, yangicha ishlashni talab qilmoqda. Afsuski, ko'pincha biz ma'naviyat ishi deganda odamlarni to'plab ma'ruza qilishni tushunamiz. Aslida-chi? Hayotimizning biror bir jabhasi, biror bir oni yo'qki, u ma'naviyatsiz amalga oshiriladigan bo'lsin. “Alohida ta'kidlab ko'rsatmoqchimanki, – deb yozadi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ”Yangi O'zbekiston strategiyasi“ kitobida, – agar kimki ma'naviyat masalasi, bu – faqat Ma'naviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb o'ylasa, katta xato qiladi. Bularning hammasi davlatimiz va jamiyatimizning, barcha rahbarlarimiz, bizning ishongan tog'imiz bo'lgan ilg'or ziyolilarimiz, barcha-barchamizning eng asosiy va muhim vazifamizdir” (280-bet). Endi faqat hisobot uchun majlis o'tkazish, auditoriyaning yosh xususiyatlari, xabardorlik darajasini, ma'naviy ehtiyojlarini hisobga olmagan holda, hammaga bir xil yondashish, tayyorgarlik ko'rmasdan zerikarli ommaviy ma'ruzalar qilish davri o'tdi. Tadbir o'tkazaverib, odamlarni majlislardan bezdirib ham qo'ydik. Uning qanday samara berayotgani bilan qiziqmadik.
Davr o'zgardi, xalqimiz, yoshlarimiz bugun yangicha fikrlayapti. endi ma'naviy tadbirlarda mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va davlat dasturlari mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamlariga etkazishga qaratilgan targ'ibot ishlarini izchil amalga oshirish bo'yicha yangi zamonaviy targ'ibot texnologiyalariga o'tishimiz kerak. Odamlarga dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va g'oyaviy-mafkuraviy jarayonlarning mazmun-mohiyati haqida ham har tomonlama chuqur ma'lumot va tushunchalar berib borish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, “ommaviy madaniyat”, narkobiznes kabi tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishning samarali mexanizmlarini, innovatsion usullarini ishlab chiqishimiz lozim.
Jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga to'sqinlik qilayotgan el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug'-aymoqchilik, oilaviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasiga e'tiborsizlik kabi ichki illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz kerak.
Bu ishlarni joylarda tashkil qilish va muvofiqlashtirib borishda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi raisi, barcha bo'g'indagi hokimlar – hududlardagi Ma'naviyat va ma'rifat kengashlarining raislaridan juda katta mas'uliyat talab etiladi. Shuning uchun, avvalo, hududiy kengashlar faoliyatini tanqidiy ko'rib chiqib, ishni to'g'ri yo'lga qo'yib olishimiz kerak.
Afsuski, aksariyat hokimlar zimmasidagi bunday o'ta mas'uliyatli vazifani etarli darajada his qilishmayapti. Ularning ko'pchiligi o'zlari rahbarlik qilayotgan hududda yuzaga kelgan ma'naviy muhitdan etarli darajada xabardor emas. Bu boradagi muammolarni chuqur o'rganmagan va ularni o'z vaqtida bartaraf etish choralarini ko'rmagan. Qachonki, vaziyat izdan chiqib, qandaydir ko'ngilsiz voqea yuz bersagina, ular harakatga tushib qolishadi. Lekin bundan kimga foyda?
Har bir rahbar ma'naviy-ma'rifiy ishlarni ziyoli-olimlar, fidoyi vatandoshlarimiz, jamoatchilik bilan hamkorlikda yo'lga qo'ygan bo'lsa, o'sha joyda jinoyatchilik, turli ekstremistik va terroristik oqimlarga adashib qo'shilib qolish holatlari, milliy qadriyatlarga e'tiborsizlik, erta turmush qurish va oilaviy ajrim kabi salbiy holatlar kamaya boradi.
Shuning uchun Respublika, viloyat va tuman Ma'naviyat va ma'rifat kengashlari majlisini har yarim yilda bir marta o'tkazishni qat'iy belgilab qo'ydik. Shu yo'l bilan hokimlarning hududdagi ma'naviy-ma'rifiy muhitni o'rganib, mavjud muammolarni o'z vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini ko'rish borasidagi mas'uliyatini oshirish ko'zda tutilgan edi. Biroq, afsuski, bir qator viloyat, tumanlar hokimlari haligacha buni tushunib etgani yo'q.
Yoshlarni milliy va umumbashariy qadriyatlarga sodiq, jismonan sog'lom, ma'nan etuk, dunyoqarashi keng, o'z mustaqil fikriga ega bo'lgan barkamol avlod etib tarbiyalashga qaratilgan uzoq muddatli, keng ko'lamli ma'naviy-ma'rifiy hamda tarbiya dasturlarini ishlab chiqishimiz zarur.
“Uzluksiz ma'naviy tarbiya kontseptsiyasi” asosiy harakatlantiruvchi kuchga aylanishi, bu borada kuch va mablag'ni sira ayamasligimiz kerak.
Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlar qanday qilib, nimaning hisobiga jahonning eng rivojlangan davlatlari qatoriga kirdi? Vaholanki, bu davlatlarning tabiiy qazilma boyliklari deyarli yo'q. Barcha xom-ashyoni xorijdan sotib oladi. Demak, avvalo, yoshlar qalbida ulug' Vatanimizga, milliy g'oyamiz, ma'naviyatimiz, milliy qadriyat va boy merosimiz, ona tilimiz, davlat ramzlarimizga nisbatan buyuk muhabbatni shakllantirishimiz zarur. Toki, vatanimizning ertangi kelajagi bo'lgan har bir yosh yigit-qiz bu ulug' tushunchalarni mustaqillikni asraganday asray bilsin! YOshlar buyuk qadriyatlarning himoyachisiga aylanishi kerak!
Biz bugungi kunda farzandlarimiz tarbiyasi, yoshlar kamoloti yo'lida juda ko'p ishlarni amalga oshiryapmiz. Lekin natija va samara hali qoniqarli emas. Tahlillarga ko'ra, 60 foizdan ziyod ota-onalar farzandlariga etarli darajada to'g'ri tarbiya berishni bilmaydi. Ba'zi maktabgacha ta'lim muassasalari va umumta'lim maktablarida esa tarbiya masalasiga e'tibor hamon past darajada qolmoqda.
Ma'lumki, inson ma'naviyati o'zgarib turadi. Shunday ekan, ma'naviyat ishi biz uchun har kuni, har soatda, kerak bo'lsa, har nafasda shug'ullanishimiz lozim bo'lgan hayotiy muhim masalaga aylanishi kerak. Bu sohada kichkina, arzimagan ishdek tuyulgan holat ham ertaga katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Ma'naviyat sohasida biror bir ishni qilib bo'ldim, deb xotirjamlikka berilish yaramaydi. Mana shuni hammamiz yaxshi anglab olishimiz kerak.
Minhojiddin HOJIMATOV,
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari